O‘zbekiston | 11:00 / 30.06.2019
121790
13 daqiqa o‘qiladi

Andijon viloyati hokimligi internetda tarqalgan audioyozuv yuzasidan izoh berdi

Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan audioyozuv yuzasidan izoh berdi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilinayotgan Andijon viloyatiga oid maqolalar ko‘plab muhokamalar, mulohazalarga sabab bo‘lmoqda.

Jumladan, hududda tashkil etilgan dori vositalari ishlab chiqaruvchi korxonalarning mahsulotlari tibbiyot muassasalariga monopol tarzda  o‘tkazilayotgani bildirilmoqda. Bu xususda quyidagilarni aytish mumkin:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 noyabrdagi «Farmatsevtika tarmog‘ini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5229-sonli Farmoniga ko‘ra aholi va davlat sog‘liqni saqlash muassasalarini dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalari, shu jumladan, mahalliy ishlab chiqarilgan dorilar, tibbiyot buyumlari bilan ta'minlash, ichki bozorni yanada to‘ldirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish ko‘zda tutilgan edi.

Farmon ijrosi doirasida 2018 yilning aprel oyida «GOLD GROWN PHARMA» MChJ tomonidan ijtimoiy ahamiyatga ega tibbiy buyumlar ro‘yxatiga kiritilgan tibbiyot qo‘lqoplari (perchatka) ishlab chiqaruvchi korxona tashkil etildi va 150ta yangi ish o‘rini yaratilib, mahalliy budjetga oyma-oy 75 mln. so‘mgacha soliq to‘lovlari amalga oshirilyapti. 

Shuningdek, 2018 yil dekabr oyida «MAKRO FARM ANDIJAN» MChJ tomonidan shprits va infuzion sistemalar ishlab chiqarish korxonasi tashkil etildi. 110 ta yangi ish o‘rini yaratildi. Har oyda mahalliy budjetga 60 mln. so‘mgacha soliq to‘lovlari kelib tushmoqda.

Ushbu korxonalarda har yili 24 mln. dona nosteril va 54 mln. juft steril xirurgik tibbiy qo‘lqoplar hamda 136 mln. dona shpritslar ishlab chiqariladi. Narx masalasiga kelsak, bugungi kunda davlat tibbiyot muassasalariga 2 ml. hajmdagi shprits 260-300 so‘mdan, 5 ml. shprits 280-500 so‘mdan, 10 ml. shprits 320-600 so‘mdan xarid qilinmoqda. Respublika komissiyasi tomonidan ulgurji sotish narxlari bir dona nosteril rezina qo‘lqoplari uchun 650 so‘m va bir juft steril xirurgik rezina qo‘lqoplari uchun 2500 so‘m etib belgilangan.

Hozirda, «MAKRO FARM ANDIJAN» MChJ tomonidan 2 ml. hajmdagi shprits 220 so‘mdan, 5 ml. shprits 245 so‘mdan, 10 ml. shprits 310 so‘mdan, «GOLD GROWN PHARMA» MChJ tomonidan nosteril rezina qo‘lqoplari 500 so‘mdan, bir juft steril xirurgik rezina qo‘lqoplari 1800 so‘mdan davlat tibbiyot muassasalariga yetkazib berilmoqda.

2019 yil davomida Andijon viloyatida faoliyat olib borayotgan davlat tibbiyot muassasalari «GOLD GROWN PHARMA» MChJ bilan 8,4 mln. dona nosteril qo‘lqoplar, 9,6 mln. juft steril xirurgik qo‘lqoplar xarid qilish uchun hamda «MAKRO FARM ANDIJAN» MChJ bilan 5 turdagi 11,2 mln. dona shpritslarni xarid qilish uchun shartnomalar imzolangan va izchil bajarib kelinmoqda.

Mazkur shartnomalar imzolanishi va tibbiyot buyumlarini davlat tibbiyot tashkilotlariga sifatli va arzon narxlarda yetkazib berilishi hisobiga tibbiyot qo‘lqoplari xarididan budjet uchun 6 mlrd. 902 mln. so‘m hamda shprits xarididan 2,1 mlrd. so‘m mablag‘lar iqtisod qilingan.

Shu tariqa hosil bo‘lgan qo‘shimcha 9 mlrd. so‘m mablag‘ evaziga 600 o‘rinli zamonaviy maktab qurib, jihozlash mumkin. Yoki 2ta yangi bog‘cha barpo etish imkoniyati mavjud. Aynan yuqoridagi summa 4ta bog‘cha yoki maktabni rekonstruksiyasiga kifoya qiladi. 9 mlrd. so‘mga 3ta QVP yoki butun boshli tibbiyot birlashmasini zamonaviy ko‘rinishda rekonstruksiya qilib, jihozlasa bo‘ladi. Shu mablag‘ga 90ta oila uchun uy qurish, yoki 60 kilometrga ichimlik suvi tarmog‘ini tortish mumkin. Yuqorida iqtisod qilingan mablag‘ 80 kilometr yo‘lni shag‘allash yoki 30 kilometr yo‘lga asfalt yetkazish xarajatlarini qoplaydi.

Shuningdek, 2019 yil 14 yanvardagi PF-5629-sonli Farmonga asosan Andijon tumani, Xortum qishlog‘i, Z.M.Bobur massivi hududida jami 52 gektar yer maydonida «Andijon-farm» erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilmoqda.

Ushbu hududda («GOLD GROWN PHARMA» MChJ hamda «MAKRO FARM ANDIJAN» MChJ va boshqa tashabbuskorlarning) 2019-2020 yillar davomida umumiy qiymati 1 trln. 20,6 mlrd. so‘m miqdoridagi, shundan xorijiy investorlar mablag‘lari hisobiga 84 mln. dollarlik yangi farmatsevtika loyihalari ishga tushirilishi hamda 1 415 nafar yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan.

Viloyatda mazkur loyihalarni amalga oshirishda 2019-2020 yillar davomida import qilinayotgan farmatsevtika mahsulotlarini mahalliylashtirish hisobiga 524,7 mln. dona dori vositalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, sohaning eksport salohiyati 15 foizga o‘sishiga hamda dori vositalari va tibbiy buyumlarning tannarxi 30 foizgacha pasayishiga erishiladi.

Shu o‘rinda Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovga nisbatan bildirilayotgan fikrlar xususida to‘xtalsak.

O‘zbekiston hududining yuzdan bir foizini tashkil qiluvchi viloyatda mamlakat aholisining qariyb yuzdan o‘n foizi istiqomat qiladi. Tabiiy o‘sish 53 ming kishiga to‘g‘ri keladi. Bu degani aholi soni har 12 oyda Xonobod shahri (42 ming) yoki Ulug‘nor tumani (54 ming) aholisiga teng miqdorda ko‘paymoqda. Zichlik borasida nafaqat mamlakatimizda yoki Osiyoda, balki dunyoda yetakchi o‘rinlarda turuvchi Andijon viloyatida ijtimoiy-iqtisodiy muammolar alohida dolzarblik kasb etishi tabiiy hol.

Viloyat hokimining qabul kunlari yuzlab fuqarolar murojaat qiladilar. Ertalab soat 8dan boshlab, kech soat 22gacha davom etadigan ochiq muloqotlarda aholi muammolarini hal qilish bo‘yicha choralar ko‘riladi. Hokimning feysbuk, instagrammdagi sahifalariga, bevosita mobil telefoniga kelib tushadigan murojaatlar ham e'tibordan chetda qolmaydi. Ularning yechimini topish, yuzaga keladiganlarining oldini olish yuqori jadallik bilan ishlashni taqozo etadi. Bir kun, hatto bir soatlik sustkashlikning ta'siri seziladi.

Shu o‘rinda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishning ijtimoiy tarmoqlarda yoritilishiga to‘xtalsak. Yig‘ilishning amaliy samarasi chetda qolib, aynan ehtirosli jihatlari bo‘rttirib ko‘rsatilgan. Viloyat hokimi o‘sha dori vositalari atrofidagi muammolarni avval ham bir necha bor ko‘targan. Mutasaddilarga ularning narx-navo, sifat ko‘rsatkichlarini tahlil qilish yuzasidan topshiriq bergan edi. Ijtimoiy tarmoqlarda bu jihatlar tushirib qoldirilgan. Bu kabi yondashuvni shov-shuv ko‘tarish, soxta obro‘ orttirish deb baholash mumkin.

Agar ushbu korxonalar faoliyati to‘xtaydigan bo‘lsa, unda 260 ishchi o‘rni hamda 9 mlrd. so‘m yo‘qotilishi, oyma-oy 135 mln. soliq to‘lovchi tadbirkorning faoliyatiga chek qo‘yilishi, eng ahamiyatli jihatlaridan biri import o‘rnini bosuvchi mahalliy mahsulotning to‘xtatib qo‘yilishi har qanday odamning kayfiyatiga salbiy ta'sir o‘tkazishi ortiqcha izoh talab etmaydi. Shu o‘rinda muhtaram prezidentimizning ushbu fikrini keltirishni joiz deb bildik. «Eng yomoni, buning oqibatida mavjud ish o‘rinlari yo‘qotilmoqda. Ma'lumki, tadbirkor o‘zining bola-chaqasidan qiyib, to‘plagan puli, mol-mulkini yangi ish ochishga sarflaydi. Bankdan kredit olsa, uni ham foizi bilan o‘zi to‘laydi. Unga hech kim har 15 kunda budjetdan avans yoki oylik bermaydi. Shunga qaramasdan, tavakkal qilib, huzur-halovatdan kechib, bor imkoniyati va mablag‘ini xavf-xatarga qo‘yib, o‘z ishi uchun kecha-yu kunduz jonini berib ishlaydi. Shu yo‘l bilan nafaqat o‘z oilasini, balki el-yurtni ham boqadi. Shu ma'noda tadbirkor bu haqiqiy fidoyi inson. Shaxsan men bunday insonlarni, ikkitagina ish o‘rnini yaratgan tadbirkorni boshimga ko‘tarishga tayyorman».

Aynan aholi ichiga kirib, uning muammolarini hal etishni ustuvor vazifa sifatida qabul qilgan viloyat hokimi, birinchi navbatda, oddiy fuqarolarga xizmat qilmoqda. Zero, o‘sha ijtimoiy tarmoqlarda iddao qilingan («Xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbaidir». O‘zbekiston Konstitutsiyasining 7-moddasi) masalada sobitdir», — deyiladi «Nega yig‘ilishning amaliy samarasi chetda qolib, aynan ehtirosli jihatlari bo‘rttirib ko‘rsatildi?» sarlavhasi ostidagi bayonotda.

Bundan avvalroq viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov 9 iyun kuni o‘tkazilgan yig‘ilish vaqtida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovni hamda sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Avazbek Abdurahmonovni qo‘pol so‘zlar bilan haqoratlagandi.

«Anavi marazing, vazirchang iflos, Andijondan chiqqan, bosh prokurorga xat kirgizibdi, shpritsni tender qilmasdan o‘tkizyapti, sen marazsan, sen! Otasiga rahmat, bosh prokuror menga aytayapti, Shuhrat aka deydi, gaplashvoling mana vazir bilan deydi, xat qilyapti deydi», degandi hokim.

Keyinroq Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Unda Andijon viloyati hokimligi viloyat moliya boshqarmasiga pul mablag‘larini tibbiyot muassasalaridan yig‘ib olib, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi hisob raqamiga markazlashtirish hamda ushbu pul mablag‘lariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan shartnomalarga muvofiq, shprits, infuzion sistema va tibbiy qo‘lqoplar sotib olishni topshirgani, topshiriq asosida Andijon shahrida joylashgan «MAKRO FARM ANDIJAN» kompaniyasi bilan yuqoridagi qonun talablariga zid ravishda tuzilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida jami 6,3 milliard so‘mlik muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lmagan shprits va sistemalar sotib olingani, xuddi shunday tartibda topshiriq asosida Andijon shahridagi «GOLD GROWN PHARMA» kompaniyasidan noqonuniy ravishda jami 20,1 milliard so‘mlik muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lmagan tibbiy qo‘lqop mahsulotlari xarid qilingani aytilgandi.

Qayd etilishicha, «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish yo‘li bilan ushbu tibbiy buyumlarni xarid qilish taqiqlangan.

«Aslida ushbu mablag‘larga viloyat aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun dori vositalari va boshqa zarur tibbiy buyumlar ham sotib olinishi lozim edi. Buning oqibatida, Andijon viloyatida 2018—2019 yillarda shprits, sistema va qo‘lqoplar bilan ta'minot darajasi zarur ehtiyojdan bir necha marotaba ortiqqa ta'minlangan, lekin shoshilinch yordam uchun kerakli bo‘lgan va boshqa dori vositalari ehtiyojga nisbatan bir necha marotaba kam xarid qilingan.

Oddiy qilib aytganda, pul mablag‘larining noto‘g‘ri taqsimlanishi va davlat xaridlarini amalga oshirish tartibi buzilishi oqibatida o‘rganilgan tashkilotlarda viloyat aholisining dori vositalariga bo‘lgan ehtiyoji 44,5 foizga («Aktovegin» dori vositasiga bo‘lgan ehtiyoj hatto 5 foizga) ta'minlangan bir paytda, qo‘lqop 265 foizga, sistema 103 foizga hamda shprits 500 foizga ehtiyojdan ortiq sotib olingan.

Amaldagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq, yuqoridagi ko‘rsatilgan tibbiy buyumlar majburiy ravishda sertifikatlashtirilishi, ya'ni sifati O‘zbekistonda amalda bo‘lgan standartlarga to‘liq javob berishi shart edi. Tabiiyki, bunday sertifikati bo‘lmagan mahsulotlarni sotish va ishlatish umuman mumkin emas. Lekin, shunga qaramay, ko‘rsatilgan holatda bunday sertifikati bo‘lmagan (hattoki 47ta holatda bunday sertifikat berish rad etilgan) sifatsiz tibbiy buyumlar sotib olingan», — deydi Sog‘liqni saqlash vazirligining Yuridik bo‘limi boshlig‘i Ruslan Muhammadiyev.

Mavzuga oid