Jahon | 15:23 / 01.09.2020
18704
15 daqiqa o‘qiladi

AQSh konstitutsiyasiga shu vaqtgacha qanday o‘zgartirishlar kiritilgan?

Bugun dunyoning qariyb barcha davlatlarida konstitutsiya asosiy qonun hisoblanadi va boshqa har qanday chiqariladigan qonun, qaror hamda farmonlar unga muvofiq tarzda qabul qilinadi. Shu tufayli konstitutsiya «Bosh qomus», «Asosiy qonun» deb ham ataladi.

Konstitutsiya so‘zi lotincha constitutio - «qurmoq», «tashkil etmoq» so‘zlaridan olingan. Konstitutsiyaning tarixi qadimgi grek davlatlari va Rim imperiyasiga borib taqaladi.

O‘rta asrlarda qabul qilingan konstitutsiyalar orasida 1529 yilda qabul qilingan Litva knyazligi konstitutsiyasi eng qadimiysi hisoblanadi.

Bugungi kundayam amalda bo‘lgan qadimiy konstitutsiyalar orasida AQSh konstitutsiyasi ham bor. U 1787 yil 17 sentyabrda Filadelfiyada qabul qilingan. AQSh konstitutsiyasini dastlab bu davlatni tuzgan 13ta shtat ratifikatsiya qilgan va u kuchga kirgan. AQSh konstitutsiyasi dunyodagi eng qat'iy amal qilinadigan konstitutsiyalar sirasiga kiradi.

Turli davlatlarning konstitutsiyalariga davrlar o‘tishi bilan qandaydir o‘zgartirishlarga ehtiyoj tug‘iladi. Shu jumladan, AQSh konstitutsiyasiga ham jami 27 marta o‘zgartirish kiritilgan.

Xabaringiz bor, joriy yil 1 iyulda Rossiyada konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish haqida referendum bo‘lib o‘tdi. Unda ovoz berganlarning qariyb 80 foizi mamlakat konstitutsiyasini o‘zgartirish uchun «ha» deb javob bergan. Qizig‘i shundaki, Rossiya konstitutsiyasi bir shaxs, amaldagi prezident yanada uzoqroq vaqt boshqaruvda qolishi uchun imkoniyat beradigan qilib o‘zgartirildi. AQSh konstitutsiyasida esa 27 marta qilingan o‘zgartirishlarning aksariyatida omma manfatlari nazarda tutib amalga oshirilgan.

Shuningdek, AQSh konstitutsiyasiga kiritiladigan o‘zgartirishlar uchun referendum o‘tkazilmaydi. Ular kuchga kirishi uchun uni barcha shtatlar ratifikatsiya qilishi yetarli bo‘ladi.

AQSh konstitutsiyaga dastlabki o‘nta o‘zgartirish 1789 yil 25 sentyabrda amalga oshirilgan va ular 1791 yil 15 dekabrda kuchga kirgan. Quyida AQSh konstitutsiyasidagi o‘zgartirishlar tarixiga nazar tashlaymiz.

1. So‘z erkinligi, e'tiqod erkinligi, ommaviy axborot vositalari erkinligi, turli yig‘inlar va namoyishlar o‘tkazish erkinligi, petitsiya yig‘ish huquqi.

2. Qurol saqlash va yonda olib yurish huquqi.

3. Hukumatga tegishli harbiylarni shaxsiy uylarga ularning egasi roziligisiz joylashtirishni taqiqlash.

4. O‘zboshimchalik bilan qidiruv, ta'qib etish va hibsga olishlarni taqiqlash.

5. Tegishli sud jarayoni kafolatlari, bir xil mazmundagi huquqbuzarlik uchun takroran taqib etishni taqiqlash, o‘ziga qarshi guvohlik bermaslik huquqi, rekvizitsiya uchun kafolatlar berish.

6. Ayblanuvchilarning huquqlari, shu jumladan hakamlar hay'atining sud ishlarini ko‘rib chiqish huquqlari.

7. Fuqarolik ishlari bo‘yicha sud ishlarini ko‘rib chiqish huquqlari.

8. Haddan tashqari katta miqdordagi garov va jarimalarni, shafqatsiz hamda g‘ayrioddiy jazolarni taqiqlash.

9. Konstitutsiyaviy huquqlarning sanab o‘tilishi boshqa huquqlarning cheklanishi sifatida talqin etilmasligi lozim.

10. AQSh konstitutsiyasida belgilanmagan masalalar haqida qaror chiqarish shtatlar ixtiyorida qoldiriladi.

11. Shtatlar sudi daxlsizligi: Har qanday da'vo arizalari federal sudlarda emas, avval o‘sha shtatning sudida ko‘rib chiqiladi.

AQSh konstitutsiyasidagi yuqoridagi o‘zgartirish 1794 yil 4 martda amalga oshirilgan va 1795 yil 7 fevraldan kuchga kirgan.

12. Prezident saylovlarida ovoz berish tartibini o‘zgartirish.

Qo‘shma shtatlar konstitutsiyasiga navbatdagi o‘zgartirish 1803 yilda amalga oshirilgan va u 1804 yil 15 iyundan kuchga kirgan.

Shu o‘zgartirishgacha AQShda prezident va vitse-prezident saylovlarida shtatlar aholisi ma'lum sondagi vakillar uchun ovoz bergan. Vakillar esa o‘zi yashaydigan shtatdan ko‘rsatilgan nomzodlar uchun ovoz bera olishmagan. Turli shtatlarda aholi soni turlicha bo‘lgan va aholisi ko‘p shtatlar vakillari saylovda yutib ketmasligi uchun shu qoida joriy qilingan. Konstitutsiya o‘zgartirilgandan so‘ng saylov tartibi ancha o‘zgargan va hozirgi ko‘rinishga kelgan.

13. Qullik va quldorlikning bekor qilinishi

AQSh konstitutsiyasiga navbatdagi 13-o‘zgartirish 1865 yilga kelib amalga oshiriladi va aynan ana shu o‘zgartirish ma'lum ma'noda nafaqat AQShdagi, balki dunyoning katta qismidagi hayot tarzini o‘zgartirib yuboradi. 13-o‘zgartirishga ko‘ra, AQShda quldorlik taqiqlanadi va qonunlarda qullarning ozod qilinishi belgilab qo‘yiladi. Ushbu qonun ortidan AQShdagi millionlab qullar ozod qilinadi. Mamlakatga qullar olib kelib sotilishiga barham beriladi. Shundan so‘ng Markaziy va Janubiy Amerikada ko‘plab davlatlar qulchilik va quldorlikni bekor qila boshlaydi. Shu tariqa Afrikadan odamlarni qul qilib olib kelish barham topadi.

Ushbu o‘zgartirish mualliflaridan biri 1861-1964 yillarda AQShga prezidentlik qilgan Avraam Linkoln bo‘lgan. O‘zgartirish 1865 yil 31 yanvarda qabul qilingan, o‘sha yil 6 dekabrdan kuchga kirgan. AQShda qullik va quldorlik bekor qilinishi jarayoni oson kechmagan. O‘sha paytda ko‘plab qullarga ega bo‘lgan janublik mulkdorlarning aksariyati quldorlik tugatilishiga qarshi chiqadi. Ular orasida shtat gubernatorlari, shtatlardagi vakillik palatasi a'zolari va boshqa yuqori martabali mansabdorlar ham bo‘lgan. Shu tariqa agar quldorlik bekor qilinadigan bo‘lsa janubiy shtatlar Qo‘shma Shtatlar tarkibidan chiqib o‘z Konfederatsiyasini tuzishni ma'lum qiladi va o‘rtada urush boshlanadi. Besh yilga yaqin vaqt davom etgan urushda quldorlikka qarshi bo‘lgan Shimolning qo‘li baland keladi va AQShda quldorlik barham topadi.

14. AQSh fuqarolarining tengligi kafolatlanadi va har qanday shtatga bu tenglikka xavf soluvchi qonun qabul qilinishi taqiqlanadi. Mabodo qandaydir shtatda ma'lum bir toifa fuqarolarning huquqlari cheklansa o‘sha shtatning Vakillar palatasidagi o‘rni qisqartiriladi. AQShga qarshi qo‘zg‘olonlarda qatnashgan insonlar shtatlar ma'muriyatida ishlashi taqiqlanadi. Fuqarolarga AQShga dushmanlik kayfiyatida bo‘lgani yoki qullarini ozod qilgani bilan bog‘liq yo‘qotishlarni qoplab berish taqiqlanadi.

Ushbu o‘zgartirish 1866 yil 13 iyunda amalga oshirilgan va u 1868 yil 9 iyulda kuchga kirgan.

15. Qora tanli sobiq qullar va qizil tanlilarga faol saylash huquqi taqdim etiladi.

Konstitutsiyadagi navbatdagi o‘zgartirishlar ham AQSh hayotida muhim bo‘lgan ishni o‘z ichiga oladi. Bu o‘zgartirish kuchga kirguncha AQShda qora tanli sobiq qullar va qizil tanlilarda saylash huquqi bo‘lmagan. U kuchga kirgandan so‘ng ular saylash huquqini olgan.

Bu o‘zgartirish 1869 yil 26 fevralda amalga oshirilgan va 1870 yil 3 fevraldan kuchga kirgan.

16. Mamlakatning barcha hududida to‘g‘ridan to‘g‘ri federal budjetga borib tushadigan daromad solig‘i joriy etiladi.

AQSh konstitutsiyasiga navbatdagi o‘zgartirish 1909 yil 12 iyulda amalga oshirilgan va u 1913 yil 3 fevraldan kuchga kirgan. Ushbu o‘zgartirish qabul qilinguncha AQShdagi turli shtatlar yig‘ilgan barcha soliqlarni o‘zida qoldirgan va federal budjetga soliq topshirmagan. Mazkur o‘zgartirishdan so‘ng ular federal budjetga soliq topshira boshlagan.

17. Senat a'zolarini to‘g‘ridan to‘g‘ri saylashni joriy qilish.

1912 yil 13 mayda amalga oshirilgan, 1913 yil 8 apreldan kuchga kirgan.

Ushbu o‘zgartirish kuchga kirguncha senatorlarni aholi emas, balki shtatlarning qonun chiqaruvchi organi saylagan. O‘zgartirishdan so‘ng Senat a'zolarini aholi saylay boshladi.

18. «Quruq qonun» haqidagi qonun qabul qilingan.

Qo‘shma Shtatlar konstutsiyasiga navbatdagi o‘zgartirish 1917 yil 18 dekabrda amalga oshirilgan va u 1920 yil 17 yanvardan kuchga kirgan.

«Quruq qonun» deb spirtli ichimliklarni ishlab chiqarish, tashish va sotishni taqiqlash haqidagi qonunlarga nisbatan aytiladi. O‘sha paytda AQShda turli siyosiy partiyalar, diniy tashkilotlar talabi bilan mamlakatda spirtli ichimliklar ishlab chiqarish, tashish va sotish taqiqlanadi. Bu qonun keyinchalik bekor qilingan.

19. Ayollarga faol saylash huquqi berish joriy qilinadi.

AQSh konstitutsiyasidagi bu o‘zgartirish ham ancha ahamiyatli bo‘ladi. Demokratik tamoyillarga asoslangan AQShda bu o‘zgartirish amalga oshirilgunga qadar ayollarga saylash huquqi berilmagandi. Ushbu o‘zgartirish 1919 yil 4 iyunda amalga oshirilgan va 1920 yil 17 yanvardan kuchga kirgan.

20. Prezident va Kongressning faoliyat olib borish muddatlari belgilanadi.

AQSh konstitutsiyasidagi ushbu o‘zgarishga qadar bu mamlakat prezidentlari so‘nggi muddat sifatida yilning 4 mart sanasigacha prezident sifatida faoliyat olib borgan va Oq uyda yashagan. Shuningdek, yangi saylangan prezident ham shu sanada qasamyod qilgan. 1932 yil 2 martda amalga oshirilgan va 1933 yil 23 yanvardan kuchga kirgan bu o‘zgartirish bilan ana shu muddat 4 martdan 20 yanvarga ko‘chiriladi. O‘shandan buyon muddati tugayotgan prezident 20 yanvar sanasida Oq uyni bo‘shatadi. Eng qizig‘i, konstitutsiyada uning Oq uydan chiqib ketadigan eng so‘nggi muddati sifatida aniq vaqt sifatida soat 14:00 ham ko‘rsatilgan.

Shuningdek, ushbu o‘zgartirishga ko‘ra yangi saylangan prezident qasamyod qilguncha o‘z faoliyatini davom ettira olmasligi ma'lum bo‘lganda yangi saylangan vitse-prezident uning o‘rnini saylovlarsiz to‘g‘ridan to‘g‘ri egallashi belgilab qo‘yildi.

21. «Quruq qonun» haqidagi 18-o‘zgartirish bekor qilinadi va spirtli ichimliklarni tayyorlash, tashish va sotishga qayta ruxsat beriladi.

Bu o‘zgartirish 1933 yil 20 fevralda amalga oshirilgan va u 1933 yil 5 dekabrdan kuchga kirgan.

22. Bir shaxsning ikki muddatdan ortiq prezidentlik qilishi taqiqlanadi.

Ushbu o‘zgartirish 1947 yil 24 mart kuni amalga oshirilgan va u 1951 yil 27 fevralda kuchga kirgan.

AQSh tarixiga nazar tashlansa bir shaxsning faqat ikki muddat prezidentlik qilishi haqida norasmiy qoida bu o‘zgartirishdan avval ham amalda bo‘lgan. 1-prezident Jorj Vashingtonga, u ikki muddat prezidentlik qilganidan so‘ng uchinchi muddatga ham o‘z nomzodini qo‘yishni taklif qilishadi. Ammo u rad etadi va o‘zidan keyingi prezidentlarga ham ikki muddatdan ortiq prezidentlik qilmaslikni tavsiya qiladi. U bir kishi mamlakatni uzoq vaqt boshqarishi yaxshi oqibatlarga olib kelmasligini aytgan.

Shu tariqa, Vashingtonning tavsiyasi yozilmagan qoidaga aylanadi va AQSh prezidenti bo‘lgan shaxslar unga og‘ishmay amal qilib kelishadi. Faqat bir nafar prezident, 1933-1945 yillarda AQShni boshqargan Franklin Ruzvelt mamlakatni ikki muddatdan ortiq boshqargan. Mamlakatni 1929-1932 yillarda yuz bergan iqtisodiy va moliyaviy inqirozdan mamlakatni muvaffaqiyatli olib chiqqani uchun Franklin Ruzveltga o‘z nomzodini ikki muddatdan ortiq prezidentlikka qo‘yishga ruxsat beriladi. Shu tariqa Ruzvelt jami to‘rt marta AQSh prezidenti etib saylanadi va to‘rtinchi marta saylanganidan biroz o‘tib vafot etadi.

Unga vitse-prezident bo‘lgan Harri Trumen Ruzvelt o‘rniga prezident bo‘ladi va 1947 yilda bir shaxsning mamlakatni uzoq boshqarishi demokratiyaga zidligini aytib, «ikki muddat» qoidasini qonun bilan mustahkamlab qo‘yishni taklif qiladi. Shundan so‘ng, AQSh konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritilib «ikki muddat» qoidasi qonunan joriy qilinadi.

Qizig‘i shundaki, XVIII oxiridan boshlab Franklin Ruzveltgacha AQShda 30 nafar prezident rahbarlik qilgan. Ammo ularning birortasi mamlakatni uzoqroq boshqarish uchun Jorj Vashingtondan qolgan norasmiy qoidani buzmagan yoki prezidentlik muddatini uzaytirishga urinmagan va ikki muddat prezidentlik qilib, o‘z o‘rnini navbatdagi prezidentga bo‘shatib beravergan. AQSh prezidentlarining ushbu ibratli ishi keyinchalik dunyo bo‘ylab davlat boshqaruvida etalon sifatida tan olingan.

23. Prezidentlik saylovlarida Vashington shahri Kolumbiya okrugidan alohida qilinib, boshqa shtatlarda bo‘lgandek miqdorda vakillar bo‘lishi va ularning soni aholisi eng kam shtatdagidan kam bo‘lmasligi belgilanadi.

Ushbu o‘zgartirish 1960 yil 16 iyunda amalga oshiriladi va u 1961 yil 29 martdan kuchga kiradi.

24. Soliq to‘lashdan qochuvchilarni saylash huquqidan mahrum qilish haqidagi qonun.

Ushbu o‘zgartirish 1962 yil 14 sentyabrda amalga oshiriladi va u 1964 yil 23 yanvardan kuchga kiradi.

25. Amaldagi prezidentning vakolatlari muddatidan oldin tugatilganda uning vakolatlarini vitse-prezidentga o‘tkazish tartibi belgilanadi.

Ushbu o‘zgartirish 1965 yil 6 iyulda amalga oshirilgan va u 1967 yil 23 fevraldan kuchga kirgan. Bu tartib ham qonun bilan mustahkamlab qo‘yilguncha amalda edi. Masalan, 1945 yil 12 aprelda AQShning 32-prezidenti Franklin Ruzvelt vafot etganda uning jamoasida vitse–prezident bo‘lgan Harri Trumen AQSh prezidentiga aylanadi. Bu masalada boshqa misollar ham yetarlicha.

26. AQShning barcha hududida saylash huquqiga ega bo‘lish yoshi 18 yosh etib belgilanadi.

Ushbu o‘zgartirish 1971 yil 23 martda amalga oshiriladi va 1971 yil 1 iyuldan kuchga kiradi. Bungacha AQShda saylash huquqiga ega bo‘lish yoshi 21 yosh bo‘lgan.

27. Senatorlar va vakillarning ish haqlarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qonun Vakillar palatasi qayta saylangandan so‘ng kuchga kiradi.

Ushbu o‘zgartirish 1789 yil 25 sentyabrda amalga oshirilganiga qarmasdan, faqat 1992 yil 5 mayda kuchga kiradi.

AQSh qonunlariga ko‘ra, mamlaat konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgartirishlarni barcha shtatlar ratifikatsiya qilganidan so‘ng ular kuchga kiradi. Ushbu o‘zgartirishni eng so‘ngida Missuri va Alabama shtatlari 1992 yil 5 mayda ratifikatsiya qilgan va shu tariqa 1789 yilda amalga kiritilgan qonun 1992 yilga kelib kuchga kiradi.

Mavzuga oid