Jahon | 22:19 / 07.09.2020
3876
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy ko‘p marotabalik kosmoplanining birinchi sinovini muvaffaqiyatli  o‘tkazdi 

Xitoyning “sir tutilayotgan” fazoviy kemasi orbitada ikki kun bo‘lgach, 6 sentyabrda Yerga qaytarildi. Xitoy hukumati ushbu kema haqida hech nima ma'lum qilmayapti, rasmiy OAV esa u haqida juda cheklangan ma'lumot bermoqda.

Foto: spacenews

Mutaxassislarning fikricha, Xitoy samolyot kabi qo‘na oladigan orbital kema yaratgan

“Sinxua” axborot agentligining xabar berishicha, 4 sentyabrda Tszyutsyuan kosmodromidan “Chanchjen-2 °F” raketasi “ko‘p marotabalik tajribaviy fazoviy kema” bilan birga orbitaga uchirilgan. Kema 330-340 kmdagi orbitaga ko‘tarilib, o‘z missiyasi doirasida ma'lumotlarni to‘plagan. U ko‘tarilgan orbita Xalqaro koinot stansiyasi harakatlanadigan orbitadan taxminan 100 km pastroq.

Amerikalik harbiylarning ma'lum qilishicha, fazoviy obektlar katalogida 2020-063A xalqaro belgisi va 46389 sonini olgan kema 50,2 daraja qiyalikdagi hamda minimal balandligi 332 kmni, maksimali 348 kmni tashkil qilgan orbitada aniqlangan. 

Mutaxassislar e'tibor qaratgan yagona narsa shu bo‘lganki, bungacha “Chanchjen 2 °F” raketasi faqat fazogirlar ishtirokidagi koinot dasturlari doirasida qo‘llangan. Shuningdek, Xitoy rasmiy idoralari oxirgi 20 yil ichida birinchi marta raketa start oladigan vaqtni e'lon qilmagan. Kema uchirilishi o‘ta maxfiy o‘tgan – uning na parvozi, na qo‘nishining hech qanday suratlari va videolari e'lon qilinmagan. 

Ta'kidlanishicha, agar bu AQShning Dragon yoki Rossiyaning “Soyuz” kemasiga o‘xshash kema bo‘lganda u sir tutilmagan bo‘lardi. Ayni vaqtda aerodromga samolyot kabi qo‘na oladigan dunyodagi yagona kosmoplan AQSh harbiy-havo kuchlariga tegishli X-37B kosmoplani bo‘lib, u ham sir tutiladi va fazoga 5 marta chiqishga ulgurgan. Ta'kidlanishicha, Rossiyada bunday kemalar yo‘q va yaqin 10-15 yilda paydo bo‘lishi dargumon.

Mavzuga oid