O‘zbekiston | 14:53 / 25.12.2024
8470
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoy kompaniyasi Askiya bozorini 225,6 mlrd so‘mga sotib oldi

Yakkasaroy tumanida joylashgan Askiya dehqon bozori "Sheng Ke-International" MChJga 225,6 mlrd so‘mga sotildi. 15 daqiqa davom etgan auksionda Xitoy kompaniyasining boshlang‘ich bahodan 5 foizga yuqori narx taklifi g‘olib deb topilgan.

Joriy yil 20 dekabr kuni Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi Askiya bozori hududi va bino-inshootlarini sotish bo‘yicha auksion o‘tkazilgan. Boshlang‘ich narx – 214,9 mlrd so‘m.

E-auksion platformasida joylashtirilgan ma’lumotga ko‘ra, savdo jarayoni 15 daqiqa davom etib, unda 2 ta kompaniya ishtirok etgan. Yakunda boshlang‘ich bahodan 5 foizga yuqori narx – 225,6 mlrd so‘m taklif qilgan Xitoyning Sheng Ke-International kompaniyasi g‘olib deb topilgan. Ikkinchi kompaniya narx taklifi bilan chiqmagan.

Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestriga ko‘ra, xaridor Sheng Ke-International MChJ 2024 yil 23 mayda Toshkentda ro‘yxatga olingan. Joriy ustav fondi – 68 mlrd so‘m. Faoliyat yo‘nalishi – ixtisoslashtirilgan qurilish ishlari.

Askiya bozorining rekonstruksiya qilinishi

Askiya bozori hududining xususiy qo‘llarga berilishi 18 noyabr kuni ma’lum bo‘lgandi. Shu kuni tuman hokimi Nilufar Allabergenova hozirgi bozor o‘rnida ekobozor, sovitkich omborxona, yerosti avtoturargoh va 4 yulduzli mehmonxona qurish loyihasini taqdim etgandi. Keyinroq E-auksion saytida qo‘shimcha ma’lumotlar berildi.

Qayd etilishicha, sotilgan obektning umumiy maydoni 1,83 gektar bo‘lib, shundan 0,68 gektarda binolar joylashgan. Bino-inshootlarning umumiy maydoni – 7439 kv.m.

Real Excellent Valuation kompaniyasi 1 iyul kungi hisobotida Askiya bozorining bino-inshootlari bozor qiymatini 9 mlrd so‘mga, yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqini esa 180 mlrd so‘mga baholagan.

Xaridor bozor faoliyatini saqlab qolgan holda uni qayta qurishi: kamida 3000 kvadrat metr maydonga ega ekobozor, kamida 1200 kvadrat metr maydonga ega muzlatkichli ombor va kamida 400 ta avtomobilga mo‘ljallangan yerosti avtoturargohini barpo etishi kerak bo‘ladi.

Qurilish tugagach, investor umumiy maydoni 42 sotix bo‘lgan ekobozor, muzlatkichli ombor va avtoturargohni – ularning qiymatidan qat’i nazar – bozor aksiyadorlariga tekinga topshirishi kerak. Buning evaziga investor qolgan 1,4 gektar maydonni o‘z xohishiga ko‘ra tasarruf eta oladi.

Askiya dehqon bozori loyiha hududidagi boshqa joyga ko‘chirilib, ish boshlamaguncha loyihani boshlashga ruxsat berilmaydi. Qurilish ishlari dehqon bozori faoliyatiga ta’sir ko‘rsatmasdan, uning to‘liq funksionalligini saqlagan holda amalga oshirilishi lozim. Qurilish yakunlangach, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bozori bosqichma-bosqich ekobozor hududiga ko‘chiriladi.

Investor bozor hududidagi xususiy mulk egalari bilan muzokara o‘tkazib, kompensatsiya to‘lashi yoki kelishgan holda ularga teng qiymatli maydonlar ajratishi talab etiladi.

 

Mavzuga oid