Jahon | 01:11 / 10.09.2020
8593
2 daqiqa o‘qiladi

AQShning mashhur kompaniyasi Yevropaning eng boy odami bilan sudlashmoqchi

Foto: Shutterstock

AQShning zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchi Tiffany kompaniyasi Yevropaning eng badavlat odami Bernar Arnoga tegishli Louis Vuitton Moet Hennessy (LVMH) kompaniyasi bilan sudlashmoqchi. Tiffany’da ta'kidlanishicha, mojaroga sabab LVMH AQSh brendini 16 mlrd dollardan ko‘proqqa sotib olish bo‘yicha bitimni yopishdan bosh tortgani hisoblanadi.

LVMH’ning bu qarori haqida 9 sentyabrda ma'lum bo‘lgan. Kompaniya o‘z bayonotida 2019 yilda tuzilgan bitim 2020 yil 24 noyabrdan kech muddatda yopilmasligi kerakligini ma'lum qilgan. Biroq Fransiya hukumati AQSh bilan savdo urushi ehtimoli yuz berishi mumkinligi sababli bitimni 2021 yil 6 yanvargacha qoldirib turishni itimos qilgan. Tiffany esa bitim yopilishini 31 dekabrga ko‘chirishni so‘ragan. LVMH’da esa yuzaga kelgan sharoitda birlashish bo‘yicha bitimni yakunlay olmasliklari ma'lum qilingan.

Tiffany’ning AQShning Delaver shtati sudiga bergan shikoyatida brend LVMH tomonidan kelishuv shartlari bajarilishini talab qilmoqda. AQSh kompaniyasida ta'kidlanishicha, birlashish yakunlanishiga 3 oydan kamroq vaqt qolgan bo‘lsa-da, fransuz konserni hanuzgacha monopoliyaga qarshi idoralarga birlashish haqidagi bitimni ma'qullash uchun rasmiy ariza topshirmagan. Financial Times nashri manbalariga ko‘ra, Tiffany LVMH narxni tushirish uchun ataylab bitim yakunlanishini to‘xtatganini isbotlamoqchi.

Yirik bitim barbod bo‘lgani haqidagi xabarlar ortida Tiffany aksiyalari narxi 8 foizga tushib ketgan. 

Mavzuga oid