Iqtisodiyot | 20:52 / 03.03.2021
7655
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda kripto-aktivlarni nazorat qilish bo‘yicha loyiha ishlab chiqildi

24 soat ichida kripto-aktivlar bilan ko‘plab yirik bitimlarni amalga oshirish, shuningdek, yangi ochilgan yoki ilgari uzoq vaqt davomida ishlatilmay kelgan kripto-hamyonlardan foydalanish yoki doimiy ravishda IP-manzilni yashiradigan va maxfiylikni ta'minlaydigan dasturlardan foydalanish kabi alomatlar mavjud bo‘lganda operatsiyalar shubhali, deb topiladi.

Foto: Shutterstock

O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tomonidan ishlab chiqilgan kripto-aktivlar bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar faoliyatini nazoratga olish to‘g‘risidagi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Loyihada belgilanishicha, ichki nazoratning asosiy maqsadi quyidagilar hisoblanadi:

  • jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizm va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga yo‘naltirilgan pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk bilan operatsiyalarni samarali aniqlash va oldini olish;
  • kripto-aktivlar muomalasi sohasidagi faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarning qasddan yoki qasddan bo‘lmagan holda jinoiy faoliyatga jalb qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik;
  • tavakkalchiliklarni aniqlash, ularni baholash, hujjatlashtirish va pasaytirish;
  • jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga qat'iy rioya etilishini ta'minlash.

Loyihaga ko‘ra, kripto-aktivlar aylanishini nazorat qilish funksiyalari ushbu aylanmani amalga oshiruvchi tashkilotning mas'ul xodimiga yuklangan. Kripto-aktivlar aylanmasi sohasida faoliyatni amalga oshiradigan tashkilotning xodimi agentlik mas'ul xodimi buyrug‘i bilan tayinlanadi. 

Bu sohada faoliyatni amalga oshiruvchi shaxs o‘z mas'ul xodimi va loyihada tasvirlangan talablarning bajarilishi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni har yili 10 yanvarga qadar pochta orqali yoki elektron shaklda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligiga yuborishi belgilangan.

Quyidagi mezon va alomatlar mavjud bo‘lganda operatsiya shubhali deb topiladi:

  • operatsiya bajaruvchi tomonlarning biri haqidagi ma'lumotlar mavjud bo‘lgan ma'lumotlarga muvofiq kelmasligi;
  • operatsiya aniq iqtisodiy mohiyatga ega emasligi;
  • kripto-aktivlar yoki pul mablag‘lari O‘zbekiston hududidan tashqaridagi hududlarda doimiy yashovchi yoki ro‘yxatga olingan shaxslarning foydasiga o‘tkazilishi;
  • 24 soat ichida kripto-aktivlar bilan ko‘plab yirik bitimlarni amalga oshirish, shuningdek, yangi ochilgan yoki ilgari uzoq vaqt davomida ishlatilmay kelgan kripto-hamyonlardan foydalanish;
  • kripto-aktivlarini xorijiy yoki milliy valutaga yuqori komissiya bilan yoki noqulay narxda almashtirish;
  • mijoz tomonidan doimiy ravishda IP-manzilni yashiradigan va maxfiylikni ta'minlaydigan dasturlardan foydalanish;
  • mijozning aynan bir IP-manzildan katta miqdorda kripto-hamyonlar ochishi;
  • operatsiyani amalga oshirishda foydalanilgan pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulklar jinoiy yo‘l bilan topilgan yoki terrorizmni yoxud ommaviy qirg‘in qurollarining tarqalishini moliyalashtirishga mo‘ljallangan degan har qanday shubhaning bo‘lishi.

Mavzuga oid