O‘zbekiston | 14:00 / 15.04.2021
4717
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqand davlat tibbiyot institutining xalqaro aloqalari kengaymoqda

Samarqand davlat tibbiyot instituti tomonidan ta'lim va ilmiy faoliyatning ishlab chiqarish amaliyoti bilan uzviy integratsiyalashuvi uchun shart-sharoit yaratish, tibbiyotga zamonaviy innovatsion va ilmiy-pedagogik texnologiyalar, eng yangi yutuqlarni qo‘llagan holda, xorijning tibbiyot sohasidagi ta'lim muassasalari bilan birgalikda yuqori malakali professorlar, ilm-fan mutaxassislarining o‘zaro fikr va tajriba almashishlari maqsadida dunyoning yetakchi ta'lim muassasalari bilan muntazam hamkorlik qilib kelinyapti.

Bugungi kunda Rossiya Federatsiyasining qator tibbiyot universitetlari va ilmiy-tekshirish institutlari bilan mustahkam hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Hamkorlikda integral ma'ruzalar, amaliyot seminarlari, ilmiy ishlar taqdimotlari o‘tkazib kelinmoqda.

14 aprel kuni Rossiyaning I.I.Mechnikov nomidagi Shimoli-G‘arbiy davlat tibbiyot universitetidan bir guruh professor-o‘qituvchilar Samarqand davlat tibbiyot institutiga tashrif buyurishdi. Shimoli-G‘arbiy davlat tibbiyot universitetining patologik anatomiya kafedrasi mudiri, “Genlar va moddalar” jurnali bosh muharriri, professor Roman Deyev va shu kafedra katta o‘qituvchisi Mixail Mavlikeyev Samarqand davlat tibbiyot institutida tashkil etilgan xalqaro ilmiy-amaliy seminar hamda akademik mobillik dasturlarida ishtirok etishdi.

Tashrif davomida professor Roman Deyev Samarqand davlat tibbiyot instituti o‘qituvchilari, yosh olim va talabalari uchun “Yangi koronavirusli infeksiyada o‘pkalar patologik anatomiyasi: reaktivlik va nafas yo‘llari epiteliyalarining generatsiyasi», “Ichak epiteliysi gistofiziologiyasi normasi” mavzularida ma'ruza qildi. Mehmonlar, shuningdek, akademik mobillik doirasida pediatriya va stomatologiya fakultetlari talabalari uchun gistologiya fanidan hamda davolash fakulteti talabalari uchun patologik anatomiya fanidan ma'ruza o‘qishdi.

Do‘stona muhitda o‘tgan uchrashuvda SamDTI rektori Jasur Rizayev va rossiyalik professor Roman Deyev ta'lim va fan sohasidagi hamkorlik ikki mamlakatda ham tibbiyotga oid innovatsion yangiliklarga yo‘l ochuvchi va ushbu jarayonni tezlashtiruvchi yuqori malakali mutaxassislarning yangi avlodini tayyorlashga turtki bo‘lishini e'tirof etdilar.

Samarqand davlat tibbiyot instituti matbuot xizmati

Mavzuga oid