O‘zbekiston | 23:11 / 22.09.2021
3695
2 daqiqa o‘qiladi

Velosipedlar shaharchasi – Ziyovuddin (fotoreportaj)

Bugun, 22 sentyabr butun dunyoda avtomobilsiz kun ekanini shu bugun bildim. Buni qarangki, ikki kun oldin Samarqandning chekkasidagi bir shaharchada bo‘lib, odamlar mashinasiz yursa ham bo‘larkan-ku, degan mulohaza bilan qaytgandim.

Paxtachi tumani Samarqandning qo‘shni Navoiy bilan chegarasida joylashgan. Tuman markazi – Ziyovuddin shaharchasi. Ixchamgina shaharchada odam ham ko‘p emas, ammo tuman markazi uchun yaxshigina obod qilingan. Mahalliy odamlarning aytishicha, oxirgi ikki yilda ishlar tezlashgan, shaharchada «dom»lar qurila boshlangan.

Bu mo‘jaz shaharchada bir narsa e'tiborni tortadi: ko‘pchilik ishga, o‘qishga yoki do‘konga velosipedda qatnaydi. Shaharchada fotoaparat bilan kezgan bir necha daqiqa ichidayoq ko‘plab paxtachiliklar velosipedda ko‘chada yurganini ko‘rdik. Odamlarning aytishicha, ertalab velosipedlar juda ko‘p bo‘ladi. Hatto maktabga ko‘p ham bolalar velosipedda qatnaydi. Boshqa joylarda kam uchraydigan holat shuki, ayollar ham velosipedda yurishibdi.

Odamlar qandaydir ijtimoiy loyihani qo‘llash uchun emas, shunchaki shaharcha kichik bo‘lgani, qisqa masofaga ham yo‘lkiraga xarajat qilmaslik uchun velosipedda yurishadi. Bu esa vaqt o‘tib odatga aylangan.

Ziyovuddinda ko‘ngilni xira qiladigan holat ham ko‘zga tashlandi. Shaharcha bog‘idagi katta daraxtlar bir necha yil oldin kesib tashlangan va bog‘ huvillab qolgan. Faqat bog‘ tashqarisidagi archalar chiroyli bo‘lib turibdi.

Shaharchaning o‘z poyezd bekati ham bor ekan va bu boshqa viloyatga qantash uchun qulaylik tug‘diradi.

Ziyovuddinda shunaqa gaplar. Umid qilamiz, tuman va shahar markazlarida yashilliklar paydo qilish haqida topshiriqlar bo‘layotgan bir vaqtda tez orada Paxtachining «velosipedli shaharchasi»da ham yangi istirohat bog‘lari paydo bo‘ladi.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi

Mavzuga oid