O‘zbekiston | 11:47 / 11.01.2022
11211
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda O‘zbekiston fuqarolari hibsga olingani haqida ma’lumot yo‘q - TIV

Olmaotadan O‘zbekistonga qaytishni xohlovchi fuqarolar ro‘yxati tuzildi. Ular Uzbekistan Airways reyslari orqali vatanga qaytariladi.

Foto: AP/TASS

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakilining Qozog‘istondagi voqealar yuzasidan axboroti e’lon qilindi.

«O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi qo‘shni Qozog‘istondagi vaziyatni muntazam ravishda kuzatib bormoqda.

O‘zbekistonning Qozog‘istondagi diplomatik vakolatxonalari – Nur-Sultondagi Elchixonasi, Olmaota va Aqtaudagi bosh konsulliklarida tezkor shtablar tashkil etildi.

Qiyin ahvolda qolgan fuqarolarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Talabalar bilan aloqa o‘rnatildi. Ularga zarur yordam ko‘rsatish ishlari olib borilmoqda. Nur-Sulton shahridagi aeroportda parvozini kutayotgan fuqarolar issiq ovqat bilan ta’minlandi.

Qozog‘iston hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari bilan ularning qarindoshlari va yaqinlari o‘rtasida aloqa o‘rnatishda tezkor yordam ko‘rsatilmoqda.

Olmaotadan O‘zbekistonga qaytishni xohlovchi fuqarolar ro‘yxati tuzildi. Ular Uzbekistan Airways kompaniyasining navbatdagi reyslari orqali Vatanga qaytariladi. Hozirda Olmaota aeroporti yopiqligicha qolmoqda.

O‘zbekistonning diplomatik va konsullik muassasalari Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari vakillari bilan joylarda doimiy aloqada bo‘lib turibdi. Hozirda O‘zbekiston fuqarolarining hibsga olingani haqida ma’lumot yo‘q», deyiladi ma’lumotda.

Vazirlik mamlakat fuqarolari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Nur-Sulton (telefon raqami: +7 771 020 36 73), Olmaota (telefon raqami: +7 777 950 44 33) va Aqtau (telefon raqami: +7 777 599 00 51) shaharlaridagi diplomatik vakolatxonalariga murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tgan.

Mavzuga oid