O‘zbekiston | 13:23 / 18.01.2022
18896
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda qo‘lga olingan shaxs O‘zbekiston fuqarosi emas - TIV

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston TIV rasmiysi 17 yanvar kuni Qozog‘istonning Turkiston viloyatida bir o‘zbekistonlik namoyishlarda qatnashish gumoni bilan qo‘lga olingani haqida tarqalgan xabarga raddiya berdi.

«Yaqinda qator ommaviy axborot vositalarida Qozog‘istonda sodir bo‘lgan tartibsizliklarda ishtirok etishda gumon qilinayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining 2022 yil 17 yanvar kuni Turkiston viloyati (Qozog‘iston Respublikasi) "Jibek joli" o‘tish punktida qo‘lga olinganligi haqida yangiliklar e’lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasining Olma-ota shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan Qozog‘iston Respublikasi Milliy xavfsizlik qo‘mitasi matbuot xizmatidan olingan ma’lumotga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi emas.

Mazkur holat yuzasidan tegishli axborot Qozog‘iston Respublikasi Milliy xavfsizlik qo‘mitasining veb-saytida joylashtirilgan», deyiladi xabarda.

Avvalroq Qozog‘iston MXQ Chimkent shahridagi tartibsizliklarda ishtirok etishda gumonlanayotgan 29 yoshli o‘zbekistonlik chegarada qo‘lga olingani haqida xabar bergandi. Ayni vaqtda bu xabar tahrirlab qo‘yilgan.

Mavzuga oid