Jahon | 13:33 / 28.11.2022
8364
2 daqiqa o‘qiladi

Somalida jangarilar prezident saroyi yaqinidagi mehmonxonaga hujum qildi

Kamida 10 kishining hayotiga zomin bo‘lgan hujum uchun javobgarlikni «Al-Qoida»ga aloqador «Ash-Shabob» guruhi o‘z zimmasiga oldi.

Foto: Yahoo

Somalidagi radikal jangarilar 27 noyabr, yakshanba kuni mamlakat poytaxti Mogadishoda hukumat vakillari joylashgan mehmonxonaga hujum qildi. Jangarilar kamida o‘n kishini o‘ldirgan, yaradorlar orasida Somali ichki xavfsizlik vaziri Ahmad Muhammad Dudishe ham bor.

Hujumga uchragan Villa Rose mehmonxonasi prezident saroyi yaqinida joylashgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, hujumdan oldin kuchli portlash sodir bo‘lgan, keyin esa otishma yuzaga kelgan.

Hujum uchun mas’uliyatni mamlakatning katta qismini nazorat qilayotgan, «Al-Qoida» bilan aloqador guruh «Ash-Shabob» o‘z zimmasiga oldi.

Avgust oyida «Ash-Shabob» jangarilari Mogadishodagi mehmonxonalardan birini egallab olgan edi. O‘shanda hujum natijasida kamida 30 kishi halok bo‘ldi, yuzdan ortiq odam jarohat oldi. Oktabr oyi oxirida xuddi shu guruh jangarilari Somali Ta’lim vazirligi binosi yaqinida terakt uyushtirib, ikkita mashinani portlatib yuborgan edi. 100 dan ortiq odam halok bo‘ldi, 300 dan ortiq kishi jarohat oldi.

May oyida saylangan prezident Hasan Shayx Mahmud guruhga «to‘liq urush» e’lon qilgan, shundan so‘ng «Ash-Shabob» hujumlari yanada kuchaygandi.

26 noyabrga o‘tar kechasi Somali hukumati kuchlari mamlakatning markaziy qismida keng ko‘lamli operatsiya o‘tkazdi, natijada «Ash-Shabob»ning 100 nafar a’zosi yo‘q qilindi, deb xabar bermoqda dpa hukumatning o‘z nomini oshkor etmagan vakillariga tayanib.

Mavzuga oid