Jahon | 07:54 / 26.12.2022
8846
4 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistondagi nohukumat tashkilotlar ayollarga nisbatan taqiq tufayli yopildi

"Tolibon" ayollarning ularda ishlashini taqiqlagani sababli to‘rtta xalqaro xayriya tashkiloti Afg‘onistondagi faoliyatini to‘xtatdi.

Foto: Reuters

Afg‘onistondagi to‘rt nodavlat xayriya tashkiloti (NXT) "Tolibon" harakati ayollar mehnatini taqiqlash to‘g‘risida qaror e’lon qilganidan so‘ng o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Bu haqda NXTning 25 dekabr, yakshanba kuni e’lon qilingan bayonotida aytiladi.

Faoliyat to‘xtatilishini butun dunyo bo‘ylab bolalar huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi Save the Children, CARE International, Norvegiya qochqinlar agentligi (NRC) va Xalqaro yordam qo‘mitasi e’lon qildi. «Ayol xodimlarimizsiz biz Afg‘onistondagi muhtoj bolalar, ayollar va erkaklarga samarali yordam bera olmaymiz», deyiladi tashkilotlarning qo‘shma bayonotida.

Nodavlat xayriya tashkilotlarining ta’kidlashicha, yordam yetkazib berishga bevosita ta’sir ko‘rsatishdan tashqari, "Tolibon" taqiqi mamlakatdagi iqtisodiy inqiroz sharoitida minglab ish joylariga ta’sir qiladi. «Ushbu e’longa aniqlik kiritgunimizcha, biz erkaklar va ayollardan Afg‘onistondagi qutqaruv sa’y-harakatlarimizni teng darajada davom ettirishni talab qilib, dasturlarimizni to‘xtatamiz», dedi nohukumat tashkilotlari.

"Tolibon"ning mahalliy va xorijiy nohukumat tashkilotlariga ayollarning ishlashiga ruxsat berishni taqiqlagani kuni kecha ma’lum bo‘ldi. Taqiq ayrim ayollarning go‘yoki "Tolibon" tomonidan o‘rnatilgan islomiy kiyinish qoidalariga rioya qilmagani haqidagi «ko‘plab shikoyatlar» bilan izohlanadi.

Taqiqni buzgan har qanday nohukumat tashkilotining Afg‘onistonda faoliyat yuritish uchun litsenziyasi bekor qilinadi. Mamlakat iqtisodiyot vazirligi vakilining so‘zlariga ko‘ra, taqiq Afg‘onistonga yordam ko‘rsatishni muvofiqlashtirish agentligi (ACBAR) tarkibiga kiruvchi 180 dan ortiq tashkilotga tegishli.

Avvalroq "Tolibon" ayollarga universitetlarda o‘qishni taqiqlagani ma’lum bo‘lgan edi. Harakat bu qarorini «milliy manfaatlarni saqlab qolish», shuningdek, o‘quv dasturini islom normalariga mos ravishda o‘zgartirish zarurati bilan izohlagan.

Oltinchi sinfdan oshgan qizlar mart oyida maktablarga borishni to‘xtatdilar. "Tolibon", shuningdek, u yerda «islomiy muhit» yaratilsa, bolalar maktablarga qaytishini da’vo qilgan. Mamlakatda ayollar uchun ko‘plab taqiqlar mavjud: ular ko‘pchilik ish joylarida ishlay olmaydilar, ularga parklar va sport zallariga tashrif buyurish taqiqlanadi, shuningdek, jamoat joylarida butunlay yopiq kiyim kiyish talab qilinadi.

Yevropa Ittifoqi, Birlashgan millatlar tashkiloti va AQSh "Tolibon"ning qarorini qoraladi. Yevropa Ittifoqi diplomati Jozep Borrelning matbuot kotibi Nabila Massrali buni «Afg‘onistondagi ayollarning o‘z huquqlari va asosiy erkinliklarini amalga oshirish imkoniyatlarini yana bir qattiq cheklash» va «insonparvarlik tamoyillarini ochiqdan-ochiq buzish» deb atadi.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, toliblarning qarori «afg‘on xalqi uchun halokatli oqibatlarga olib kelishi» mumkin. "Tolibon"ning Afg‘onistonga insonparvarlik yordamini yetkazish bilan shug‘ullanuvchi ayollarga nisbatan taqiqi millionlab odamlarning hayotini saqlab qoladigan qutqaruvchi yordamni yetkazish jarayonini to‘xtatib qo‘yishidan chuqur xavotirdaman. Ayollar butun dunyo bo‘ylab gumanitar operatsiyalarning markazidadir", - deb yozdi Blinken Twitter'da. BMT bu taqiq mamlakatda faoliyat yuritayotgan ko‘plab gumanitar tashkilotlar faoliyatiga putur yetkazishidan ogohlantirdi.

Mavzuga oid