Armaniston tinchlik shartnomasining yakuniy loyihasini Bokuga topshirdi
Armaniston bosh vaziri Pashinyanga ko‘ra, hujjat mintaqada yangi urushning oldini olishga qaratilgan. Shu bilan birga, u kelishuvning taklif etilayotgan varianti Ozarboyjon uchun ham maqbul bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Armaniston tinchlik shartnomasining yakuniy loyihasini Ozarboyjonga topshirdi, deya ma’lum qildi Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan 16 fevral, payshanba kuni Yerevanda bo‘lib o‘tgan hukumat yig‘ilishida. «Kecha Armaniston Ozarboyjon bilan tinchlik va munosabatlarni o‘rnatish to‘g‘risidagi shartnoma loyihasining navbatdagi bosqichi ishini yakunladi va bizning takliflarimiz Ozarboyjonga taqdim etildi», - dedi Pashinyan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjat YeXHT Minsk guruhiga hamraislik qiluvchi davlatlar – Rossiya, Fransiya va AQShga ham topshirilgan. Avvalroq Pashinyan Ozarboyjon bilan muzokaralarda ma’lum yutuqlarga erishilganini ta’kidlagan edi. «Biz muzokaralarning uch bosqichida erishilgan yutuqlarni rivojlantirish mumkinligiga umid qilamiz», dedi u.
Pashinyanning so‘zlariga ko‘ra, tinchlik kelishuvi «uzoq muddatli tinchlik va barqarorlikni buzishning har qanday ssenariysini istisno qiladigan shunday kelishuvlar mantig‘ini, samarali o‘zaro tiyib turish va muvozanat mexanizmlarini o‘z ichiga olishi kerak. Gap shundaki, kelishuv imzolanishi mavjud kelishuv asosidagi urushga aylanmasligi kerak», - dedi u. Shu bilan birga, u hujjat, albatta, Ozarboyjon uchun ham maqbul bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Avvalroq Ozarboyjon TIV Armanistonning tinchlik bitimi loyihasiga Qorabog‘da yashovchi armanlarning huquqlari va xavfsizligini muhokama qilish uchun xalqaro mexanizm yaratish haqidagi bandni kiritish niyatini rad etib, buni Ozarboyjonning ichki ishlariga aralashish deb baholagan edi. «Bu tashabbus hech qanday asosga ega emas va hech qanday natija bermaydi», dedi Ozarboyjon TIV vakili Oyxon Hojizoda.
U Armaniston mintaqada tinchlik o‘rnatishdan manfaatdor emas, degan fikrni bildirdi. Hojizodaning so‘zlariga ko‘ra, Yerevan tashabbusi «Armaniston xalqaro huquq me’yor va prinsiplariga, shuningdek, Praga va Sochi kelishuvlariga zid ravishda Ozarboyjonga nisbatan hududiy da’volaridan haligacha voz kechmaganini ko‘rsatadi».
«Yana bir bor eslatib o‘tmoqchimizki, Qorabog‘ Ozarboyjonning ajralmas qismidir va bu mintaqadagi arman millatiga mansub aholining huquqlari va xavfsizligi Ozarboyjon Konstitutsiyasiga muvofiq ta’minlanadi. Armanistonning Ozarboyjonning ichki masalasi bo‘lgan arman millatiga mansub fuqarolar reintegratsiyasi jarayoniga aralashuvini qabul qilib bo‘lmaydi», - dedi Hojizoda.
Yerevan va Boku o‘rtasidagi mojaro 2020 yilning yozida avj olgan. 27 sentabrdan 9 noyabrgacha Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida asosan armanlar istiqomat qiladigan Tog‘li Qorabog‘ uchun urush yuz berdi. 6,5 ming kishining o‘limiga sabab bo‘lgan urush natijasida Ozarboyjon Qorabog‘ning salmoqli qismini o‘z nazoratiga qaytardi.
Rossiya vositachiligida Armaniston va Ozarboyjon o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuv imzoladi, Rossiya tinchlikparvar kuchlari demarkatsiya chizig‘iga olib kelindi, biroq mintaqada keskinlik saqlanib qolmoqda.
Mavzuga oid
16:16 / 24.12.2024
O‘zbekiston va Ozarboyjon prezidentlari telefon orqali suhbatlashdi
10:44 / 14.12.2024
GFRda XDI/XSIning ikki a’zosi Ozarboyjonga pora evaziga yordam berganlikda ayblanmoqda
14:22 / 08.12.2024
Ozarboyjonda mushkul vaziyatda qolgan O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi
09:23 / 05.12.2024