Jamiyat | 09:15 / 14.05.2023
29428
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston xalq shoiri Oydin Hojiyeva 81 yoshida vafot etdi

U taniqli adabiyotshunos, O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurovning turmush o‘rtog‘i edi.

Foto: O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati

O‘zbekiston xalq shoiri Oydin Hojiyeva 14 may kuni 81 yoshida vafot etdi. Bu haqda Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati xabar berdi.

«Oydin Hojiyevaning deyarli barcha to‘plamlarida pokiza va mehribon, kechirimli va sadoqatli ona tuyg‘ulari, vafodor yor, didli, farosatli va nozikta’b shoira qalbi jo‘sh urib turadi. Ayni chog‘da dunyo voqealariga hamdardlik, insonlar mushkulini yengillatish uchun kurash, o‘z ona xalqi, ona tuprog‘i, madaniy merosiga mehr tuyg‘usi balqib turadi», deyiladi uyushma axborotida.

Oydin Hojiyeva 1942 yil 22 aprelda Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi Bo‘ston qishlog‘ida tug‘ilgan. 1966 yil Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning filologiya fakultetini tamomlagan. U 1965−1976 yillarda «Sharq yulduzi» jurnalida adabiy xodim, bo‘lim mudiri, 1976−1985 yillar «Saodat» jurnalida bo‘lim mudiri, 1985−1995 yillarda «Gulxan», 1995 yildan esa «Saodat» jurnali muharriri lavozimida ishlagan.

Oydin Hojiyeva ijodi 60-yillarning ikkinchi yarmidan boshlangan. Uning birinchi she’riy to‘plami 1970 yilda «Shabnam» nomi bilan chop etilgan. Shundan so‘ng 20 ga yaqin ortiq she’riy kitoblari nashr qilingan. Xususan, 1972 yil «Men sevgan qo‘shiq», «Zar kokil qiz va quyosh», 1975 yil «Manzillar», 1977 yil «Navo», 1978 yil «Tarovat», 1979 yil «Buvisining o‘z qizi», 1980 yil «Dostonlar», «Tamal toshi», 1989 yil «Saylanma», 1991 yil «Najot», «Olisdan kelgan ovoz», 1996 yil «Ko‘zimning oqu qarosi» va boshqa ko‘plab she’riy to‘plamlari nashr qilingan.

Oydin Hojiyeva tarjimon sifatida Shandor Petefi, A.Mskevich, Ovanes Tumanyan, Fayz Ahmad Fayz, Edi Ognetsvet, Rimma Kazakova, Fariza Ungarsinova, Oyjamol Omarova, Gulruxsor, Ibroyim Yusupov, Maryamxon Abulqosimova va boshqa ko‘plab jahon hamda qardosh xalqlar adabiyot vakillarining ijod namunalarini o‘zbekchaga o‘girgan. O‘zining she’rlari rus, ukrain, qozoq, qirg‘iz, tojik, belarus, fransuz, ingliz va urdu tillarida nashr etilgan.

Shoira 1975 yilda Yoshlar ittifoqi mukofoti sovrindori bo‘lgan. 1992 yil O‘zbekiston xalq shoiri unvoni, 1999 yil «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlangan.

Oydin Hojiyeva taniqli adabiyotshunos, O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov bilan turmush qurgan.

Mavzuga oid