O‘zbekiston | 13:48 / 08.09.2023
22968
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda YTHga uchragan elektrobus yo‘lovchilari jarohatlandi

Bektemir tumanida harakatlangan elektrobus avtomobillar xalal bergani sabab beton ustunga urildi. Oqibatda avtobusdagi 6 kishi jarohatlangan, jamoat transportiga jiddiy shikast yetgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

7 sentabrda Bektemir tumanida harakatlanuvchi 13T-sonli elektrobus kunning kechki vaqtlarida beton ustunga urilgani, oqibatda esa avtobus ichidagi 5 nafar yo‘lovchi hamda haydovchi jarohatlangani haqida xabarlar tarqaldi.

Holat yuzasidan “Toshshahartransxizmat” matbuot xizmatiga ko‘ra, YTH 1-Avtobus saroyi filiali tasarrufidagi Yutong rusumli 13T-elektrobusi bilan yuzaga kelgan. O‘sha kuni avtobus 34−35 km/soat tezlikda ketayotgan bo‘lgan. Ikki yo‘nalishli harakat oqimida transport vositalarining 3 ta qator bo‘lib harakatlanishi elektrobusning yurishiga xalal bergan. Oqibatda haydovchi boshqaruvni o‘ng tomonga burib yuborishi ortidan avtobus beton ustunga borib urilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa sodir bo‘lgan vaqtda avtobus ichida 15−20 nafar yo‘lovchi bo‘lgan, shuning 5 nafari hamda haydovchi tan jarohati olgan. Yo‘lovchilar "Shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasi" va "Toshkent shahar 4-sonli klinik shifoxonasi"ga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun yuborilgan. Hozirda Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Avtobusga jiddiy texnik shikast yetgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kun.uz jamoat transportidagi muammolarga e’tibor qaratgandi. Unda ko‘chalardagi alohida yo‘laklarda jamoat transportiga ustuvorlik berilmagani oqibatida so‘nggi vaqtlarda avtobuslar ishtirokida YTHlar soni oshgani ham qayd etilgandi.

Raqamlarga ko‘ra, oxirgi 7 oyda Toshkentda “Toshshahartransxizmat”ga qarashli avtobuslar ishtirokida 85 ta transport hodisasi kuzatilgan. Voqeada 98 nafar odam tan jarohati olgan.

Mavzuga oid