Toshkent jamoat transporti yangi o‘quv yiliga tayyormi?
Bu yilgi o‘quv mavsumida poytaxtga yanada ko‘proq talabalar kelishi kutilmoqda. Shundog‘am tirbandliklarni “boshidan o‘tkazib turgan” Toshkent ko‘chalarida jamoat transportining muammolari hanuzgacha saqlanib qolmoqda. Mas’ul idoralarning sansolarligi yaqin muddatga belgilangan chora-tadbirlar ijrosini ortga surmoqda.
Yangi o‘quv yili boshlanishiga oz qoldi
4 sentabrdan respublikadagi barcha ta’lim muassasalari: bog‘cha, maktab, oliygohlar uchun dars jarayonlari boshlanadi. Yangi o‘quv yilida poytaxtga avvalgidan ham ko‘proq talabalar kelishi kutilmoqda.
2022 yilning may oyidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkentda jami 63 ta OTM mavjud bo‘lib, unda tahsil oluvchilar soni 254 ming 881 nafarni tashkil qilgan. Asosiy yashash joyi shaharda bo‘lgan talabalar esa 81 ming 666 nafar bo‘lgan. Shundan kelib chiqsak, o‘tgan yilning o‘zida boshkentga boshqa hududlardan kelib o‘qiydiganlar 173 mingdan ziyodni tashkil etgan. Bu yil ham katta ehtimol bilan mazkur raqamlar bundan kam bo‘lmasligi aniq.
Qolaversa, Toshkent maktablarida joriy yilda 470 ming nafar o‘quvchi tahsil olishi kutilyapti. Xo‘sh, jamoat transporti bunday katta yuklamaga qanchalik tayyor?
Tartibsizlik darslardan oldin boshlandi
Hali sentabr oyi kelmadi, ammo talabalar uchun allaqachon “syurpriz”lar tayyor bo‘lib turibdi. “Toshshahartransxizmat” bergan ma’lumotlarga ko‘ra, poytaxtdagi jami harakat tarkiblari soni 1 ming 900 tadan oshgan. Shulardan 1 ming 20 tasi siqilgan tabiiy gaz (metan)da, 322 tasi elektrda, 617 tasi esa dizel yoqilg‘isida ishlaydi.
Kun.uz’ning manbasiga ko‘ra, “zapravka” muammolari sabab Toshkent jamoat transportining 60 foizigina yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatmoqda, qolgan 40 foizi yo‘nalishlarga chiqa olmayapti.
Elektrobuslarni quvvatlash bilan bog‘liq muammo
Haydovchilar elektrobuslar yetarlicha quvvatlanmayotgani sababli avtobuslarning grafigi o‘zgargani, yo‘nalishlarga chiqa olmayotganini aytishmoqda. Videomurojaatning to‘liq shakli Kun.uz tahririyatiga ham kelib tushdi. Aytilishicha, murojaat qiluvchilar “2-Avtobus saroyi” filialiga tegishli elektrobus haydovchilari bo‘lgan.
“Hamma haydovchilar ertalab vaqtli 4 - 4 yarimdan ishga keldik. Elektrobuslarimizni endi zaryadkaga qo‘ydik, soat 7 yarim, 8 bo‘lyapti, biz haliyam ishga chiqa olmayapmiz. Har kuni shunday ahvol. Bitta smena ishlayapti, ikkinchisi “zapravka” qilyapti. [Ishga chiqish] soatlarimiz “tagiga olib” bo‘ldi ”, – deydi bir haydovchi.
“Reglament qila olmayapmiz, soat qila olmayapmiz, kechasi [elektrobuslarimizni zaryadlash uchun] kelamiz, ertalabgacha turamiz. Vaqtli kirib, qilib bergan, qilib ketyapti. Kech kirayotgan grafiklar bor, haligacha zaryad uchun navbatda turishibdi, ertasi kuni esa sherigi ishga chiqyapti.
Ishga tush vaqtlarda yoki 9-10 larda chiqib ketsak ham 4-5 da reysda plan so‘rashyapti, nima qilishimiz kerak?” – deydi yana bir elektrobus boshqaruvchisi.
Video tarmoqlarda tarqalib, oz bo‘lsa-da rezonanslarga sabab bo‘lgach, 22 avgust kuni Transport vazirligining Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i, “Toshshahartransxizmat” AJ raisi Anvar Jo‘rayev haydovchilar bilan uchrashgan va texnik nosozlik sabab shunday muammolar yuzaga kelayotganini, tezkorlik bilan hal qilinishini va’da qilgandi. Ammo Kun.uz’ning “avtobus saroyi” filialidagi manbasiga ko‘ra, zaryadlashdagi nosozliklar bartaraf etilganicha yo‘q.
Zaryadlash muammosi uzoq davom etishi mumkin
“Toshshahartransxizmat”ning ma’lum qilishicha, Toshkentda 322 ta elektrobus mavjud bo‘lib, ularni zaryadlash uchun joylarga 150 dona quvvatlash uskunalari o‘rnatilgan. Bular avtobus saroylari kesimida quyidagicha:
- 1-Avtobus saroyida 17 dona,
- 4-Avtobus saroyida 22 dona,
- 5-Avtobus saroyida 20 dona,
- 7-Avtobus saroyida 28 dona,
- 8-Avtobus saroyida 25 dona,
- 12-Avtobus saroyida 18 dona,
- 18-Avtobus saroyida 20 dona.
Bu quvvatlash uskunalari bir vaqtning o‘zida 2 ta elektrobusni quvvatlash imkoniyatiga ega. Kun.uz muxbiri vaziyatni ichidan o‘rganish uchun avtobus haydovchilari bilan bog‘landi. Ularning aytishicha, Toshkentda 8 ta avtobus saroyi filiallari mavjud bo‘lsa, shuning atigi 3 tasida: 1-, 7- va 8- avtobus saroylaridagina quvvatlovchi qurilmalar ishlamoqda, xolos. Qolgani esa elektr toki uzatuvchi markaziy tarmoqqa ulanmagan, shu sabab vaqtincha yopilgan.
Haqiqatan ham shunday yoki aksiligini bilish uchun dastlab 4-, keyin esa 7- avtobus saroylariga borib ko‘rdik. “4-avtobussaroyi” filialiga kirishning imkoni bo‘lmadi, aniqrog‘i bunga yo‘l qo‘yishmadi. Shu sabab faqatgina o‘sha yerdagi haydovchilar bilan gaplashishga muvaffaq bo‘ldik. Suhbat davomida xodimlar elektr bilan quvvatlaydigan zaryadlar ishga tushirilmaganini tasdiqlashdi. Shu sabab aynan bu filialdagi elektrobuslar 7-avtobus saroyidan quvvatlantirilayotgani aytildi.
So‘ng, “7-avtobus saroyi” filialiga borib, qurilmalar ishlayotganiga guvoh bo‘ldik. Qayd etilishicha, mazkur joyda jami 28 dona zaryadlovchi uskunlar mavjud bo‘lib, ular 56 ta elektrobusni quvvatlantira oladi. “7-avtobus saroyi” filiali muhandisi Azizjon Fayzullayevning aytishicha, hozirda 3 ta emas, 4 ta avtoparkda elektr zaryadlovchi qurilmalar ishlamoqda, qolgani ishga tushirish arafasida. Ammo qachon undan foydalanish mumkinligi aniq emas.
Demak, yuqorida tasdiqlanganidek, ba’zi avtobus saroylarida zaryadlovchi qurilmalardan foydalanishning iloji yo‘q, chunki ular elektr tarmog‘iga ulanmagan.
“Hududiy elektr tarmoqlari” ham buni tasdiqladi, ammo ularning soni aniq qancha ekani ochiqlanmadi. AJ matbuot kotibiga ko‘ra, elektr yetib bormaganlari ancha ko‘p. Hozircha sentabr boshida qurilmalarning 2 tasini tarmoqqa ulash reja qilinmoqda.
Nima sabab buncha kech, yangi o‘quv yili oldi bu ishlar amalga oshirilayotgani qiziq. Vaholanki, may oyida avtobus saroylari hududida qurilayotgan 80 ta elektr quvvatlash stansiyalari foydalanishga topshirilishi va’da qilingandi.
Ikkita metro bekati yopildi
Toshkent jamoat transporti sohasi elektrobuslar bilan bog‘liq muammolarga o‘ralashib turgan bir vaqtda, metroning Yunusobod yo‘nalishidagi ikki (“Turkiston” hamda “Yunusobod”) bekat 4 oyga profilaktik ishlar uchun yopildi.
Bu borada jurnalist va bloger Muhrim A’zamxo‘jayev ham o‘z xavotirlarini bildirgan. Uning aytishicha, bunday profilaktik ishlarning davomiyligi 4 oydan oshishi mumkin.
“Yunusobodda metrosozlikdan bexabar temiryo‘lchilar qurgan metroning to‘rt oy davom etishi va’da qilingan, lekin hali bu muddatdan kamida ikki marta kechikadigan “oldindan rejalashtirilgan profilaktika ishlari” doirasidagi buzishlar boshlanibdi. Ish ikki yil cho‘kib yotgach, yaqinda ta’mirdan chiqarilib, foydalanishga topshirilgan Ahmad Donish ko‘chasining oxirini buzishdan boshlanibdi. Nihoyatda go‘zal!” – deydi u.
Tabiiy gaz uchun yirik navbatlar hosil bo‘ldi
Poytaxtda yo‘lovchilarga elektr tokidan tashqari, tabiiy gazda harakatlanuvchi 12 metrli oddiy hamda 18 metrli “garmoshka” avtobuslari ham xizmat qiladi. Shu kunlarda “zapravka”larda yuzaga kelgan yirik navbatlar sabab bu turdagi jamoat transporti ham yo‘nalishlarga chiqa olmayapti, aholiga xizmat qilolmayapti.
24 avgust kuni X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida sahar bo‘lib, ish boshlanganiga qaramay, tabiiy gazda ishlaydigan ko‘plab avtobuslar navbatda turgani aks etgan videolar tarqaldi.
Ayrim manbalar buni gaz berish “limiti” tugab qolgani bilan bog‘lasa, ba’zi manbalar tashkilotlarning gazga to‘lov qilmagani sabab avtobuslar navbatda qolib ketganini aytishmoqda. Holat yuzasidan “Toshshahartransxizmat” rasmiy izoh berdi. Unga ko‘ra,
ayrim yoqilg‘i quyish shoxobchalari yopilganligi sabab AJ tasarrufidagi avtobuslar boshqa yoqilg‘i quyish shoxobchalariga yuborilgan. Bu esa shoxobchalarda navbatlar paydo bo‘lishiga olib kelgan.
“Mazkur masalani hal etish maqsadida Toshkent shahar hokimligida “Hududgazta’minot” AJ va “Toshshahartransxizmat” AJ ishtirokida tezkor ishchi guruh tuzilib, poytaxtdagi mavjud yoqilg‘i quyish shoxobchalarida avtobuslar uchun qo‘shimcha yoqilg‘i quyish stansiyalari ajratilganligini hamda tabiiy gazda harakatlanadigan avtobuslarning uzluksiz ishlashi bo‘yicha barcha chora-tadbirlar ko‘rilayotganligini ma’lum qilamiz” – deyiladi izohda.
Islohotlar yarim yo‘lda qoldimi?
So‘nggi vaqtlarda jamoat transportiga bo‘lgan e’tibor, mingta avtobuslarning olib kelinishi juda xursand qilgandi. Chunki “sog‘lom shahar”larni qurish avvalo piyoda, jamoat transportiga ustuvorlik berishdan boshlanadi. Ammo qilinayotgan islohotlar oxiriga yetkazilmay, o‘lda-jo‘lda bo‘lib qolib ketgani sohaning rivojlanishiga to‘sqinlik qilishi aniq.
2022 yil dekabr oyida Toshkentning 4 ta ko‘chasi: Alisher Navoiy, Beruniy, Amir Temur va Farg‘ona yo‘li kabi markaziy ko‘chalarida avtobuslar uchun maxsus yo‘laklar barpo qilindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda poytaxtdagi 14 ta ko‘chada maxsus yo‘laklar tashkil qilingan. Ularning jami uzunligi 42,77 km.
Avtobus uchun maxsus yo‘lak ajratilgan ko‘chalar:
- Amir Temur ko‘chasi – 6,15 km;
- Rixsli ko‘chasi – 1,5 km;
- Yangi Yunusobod ko‘chasi – 2,44 km;
- Yuzirobod ko‘chasi – 1,59 km;
- Feruza ko‘chasi – 1,75 km;
- Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi (Maxtumquli ko‘chasidan Buyuk ipak yo‘li ko‘chasiga, Temur Malik ko‘chasidan Feruza ko‘chasigacha) – 3,62 km;
- Farg‘ona yo‘li ko‘chasi – 6,4 km;
- Furqat ko‘chasi (I.Karimov ko‘chasidan Seul ko‘chasigacha) – 1,2 km;
- Bobur ko‘chasi (Sh.Rustaveli ko‘chasidan Seul ko‘chasigacha) – 1,9 km;
- Farxod ko‘chasi (KXAY dan Sakkokiy ko‘chasigacha) – 2,6 km;
- KXAY ko‘chasi (Shota Rustaveli ko‘chasidan Farxod ko‘chasigacha) – 3,27 km;
- Navoiy ko‘chasi (Labzak ko‘chasidan Samarqand Dorvoza ko‘chasigacha) – 3,8 km;
- Beruniy ko‘chasi – 3,85 km;
- Bektemir shoxko‘chasi (Bektemir YPX maskanidan 4R21 aylanma yo‘ligacha) – 2,7 km;
Avtobuslar uchun alohida yo‘lak barpo qilish bilangina jamoat transportiga ustuvorlik berilishini ta’minlab bo‘lmaydi. Bunda oddiy avtomobillarning bu yo‘lakdan foydalanmasligini kafolatlaydigan nazorat qiluvchi mexanizm to‘liq ishlashi, BRT (bus rapid transit – tezkor avtobuslar tizimi – tahr.) bo‘lishi lozim. Jarayonda bekatlarni moslashtirish, piyodalar o‘tishi uchun alohida ko‘priklar yoki yerosti o‘tish yo‘lagini qurish ham talab etiladi. Aqlli chorrahalar qurilishi lozim. Ammo necha muddatki, O‘zbekistonda bu borada loyiha ishlanayotgani aytiladi, biroq amalda uning hatto dastlabki ko‘rinishi jamoatchilikka ochiqlangani yo‘q.
Alohida yo‘laklarda jamoat transportiga ustuvorlik berilmagani oqibatida so‘nggi vaqtlarda avtobuslar ishtirokida YTHlar soni oshganini ham qayd etish lozim. Raqamlarga ko‘ra, oxirgi 7 oyda Toshkentda “Toshshahartransxizmat”ga qarashli avtobuslar ishtirokida 85 ta transport hodisasi kuzatilgan. Voqeada 98 nafar odam tan jarohat olgan.
Avtobuslar yangi o‘quv yiliga qanchalik tayyor?
Hozirgi kunda “Toshshahartransxizmat” AJ tarkibidagi 8 ta avtobus saroylari tomonidan 158 ta avtobus yo‘nalishlarida xizmat ko‘rsatilmoqda. Qayd etilishicha, reja bo‘yicha kunlik ishga chiqariladigan avtobuslar soni 1 ming 464 ta, bajariladigan qatnovlar soni 21,7 mingtani tashkil etadi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi, yo‘llarda nima sabab jami mavjud quvvatdan kamroq avtobuslar ishlamoqda? Zaxira deyilgan taqdirda ham, hozirgi tirband vaqtlarda 500 tadan ko‘p avtobusning olib qolinishi qanchalik to‘g‘ri?! Bu savolimizga javob bo‘lmadi.
Qayd etilishicha, 4 sentabrdan o‘quv mavsumi boshlanishi munosabati bilan 1 ming 464 ta avtobuslar sonini 1 ming 550 tagacha (shunda ham 1 ming 900ga yaqin kelmaydi), bajariladigan qatnovlar sonini 21,7 mingtadan 22,8 mingtaga oshirish rejalashtirilmoqda. Sentabr oyi davomida qo‘shimcha yana 9 ta yangi avtobus yo‘nalishlarini tashkil qilish ham aytildi. Ammo yo‘nalishlarga mavjud quvvatdan kam harakat tarkiblari chiqarilarkan, avtobuslarning yoqilg‘isi, zaryadi bilan bog‘liq muammolar bor ekan, o‘quv yilida kutilayotgan katta yuklamani bartaraf etish qiyin kechadi.
Metro-chi?
Yoz mavsumi bo‘lgani sabab Toshkent metropolitenida kuniga 340-360 mingga yaqin yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatilmoqda. Metropoliten xizmatiga ko‘ra, sentabr oyidan yo‘lovchilar soni 580-600 ming nafarga, oktabr oyidan boshlab 620-630 mingga yetishi prognoz qilinmoqda. Bu hozirgi yuklamadan 2 barobarga ko‘proq degani.
Yuklamaning oldini olish uchun metropoliten poyezdlar harakati oralig‘idagi vaqt qisqartirilishini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, “tig‘iz vaqt”larda Chilonzor yo‘nalishlarida 1,5-2 daqiqalik, O‘zbekiston yo‘nalishida 3-3,5 daqiqalik, Yunusobod yo‘nalishida 5 daqiqalik, halqa yo‘li yo‘nalishida esa 7-8 daqiqalik vaqt intervallarida poyezdlar harakati yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, metro bekatlariga yaqin hududlarda joylashgan 31 ta oliy ta’lim muassasalaridagi darslarning boshlanish vaqtlari 8:00 dan 9:30 gacha etib belgilandi.
Umuman olganda, transport vaziri-yu poytaxt hokimining jamoat transportidagi muammolarni qay darajada hal eta olganiga o‘quv yilining ilk kunlarida baho beramiz.
Mavzuga oid
18:02 / 21.12.2024
Lisenziyasiz faoliyat, sertifikatsiz o‘qituvchilar va norozi ota-onalar – “NEWTON ACADEMY” o‘quv markazi haqida nimalar ma’lum?
18:36 / 20.12.2024
Toshkentdagi elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini demontaj qilish buyurildi
13:54 / 19.12.2024
Poytaxt IIBB Otabek Bakirov ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etdi
23:26 / 18.12.2024