O‘zbekiston | 18:58 / 16.11.2023
26311
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonlik o‘qituvchi maoshidan a’lochi o‘quvchilariga stipendiya berdi 

Rus tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi shu tarzda o‘quvchilarida motivatsiya uyg‘otishga harakat qildi. 

Foto: Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi

Andijon viloyati, Marhamat tumanidagi 6-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Yorqinoy Mamatisaqova a’lochi o‘quvchilari uchun «Ustoz stipendiyasi»ni «joriy qildi». Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi. 

Qayd qilinishicha, 30 yildan buyon rus tili va adabiyoti fanidan o‘quvchilarga saboq berib kelayotgan pedagog xorij tajribasini o‘rganib, undan o‘zi ta’lim beradigan 10-«B» sinfida foydalangan. 

Jumladan, 1-chorak yakuni bo‘yicha 4 nafar a’lochi o‘quvchini aniqlab, ularga sinf rahbarligi uchun to‘lanayotgan maoshidan «Ustoz stipendiyasi»ni bergan. Shuningdek, yana 12 nafar a’lochi o‘quvchilarni taqdirlagan. 

«II-chorakdan stipendiya olish uchun ko‘p o‘quvchilarim harakat qilmoqchi. Bir oyda sinf rahbarlik uchun oladigan maoshim o‘quvilarimga ketsa ham ularni rag‘batlantirishdan zavqlanaman. Boisi, bu stipendiyani joriy qilganimdan so‘ng o‘quvchilarimning ota-onasi qo‘ng‘iroq qilib, rahmat aytishdi. Farzandi uyga pul solingan konvertni ochmay olib borib, ota-onasiga berganini quvonch bilan gapirishdi. Oila davrasida ochilgan konvertni uy to‘riga qo‘yishibdi. O‘quvchilarim ko‘zidagi quvonch menga u olayotgan maoshimdan ko‘ra ko‘proq huzur berdi», dedi Yorqinoy Mamatisaqova bu haqda. 

Xabarda sinf rahbarligi uchun belgilangan maosh va «Ustoz stipendiyasi» miqdori qancha ekani haqida ma’lumot berilmagan.

Mavzuga oid