Jahon | 10:47 / 21.12.2023
6254
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya futbol ittifoqi Osiyo futbol konfederatsiyasiga o‘tishga qarshi chiqdi

Ijroiya qo‘mita a’zolari FIFA kafolatisiz Osiyoga o‘tish mantiqiy emas, deb hisobladi. RFI UYeFA bilan Rossiya jamoalarining xalqaro turnirlarga qaytishi masalasini hal qilmoqchi. 

Foto: Rossiya futbol ittifoqi

Rossiya futbol ittifoqi (RFI) ijroiya qo‘mitasi 20 dekabr, chorshanba kuni Osiyo futbol konfederatsiyasiga (OFK) o‘tishga qarshi ovoz berdi. Ijroiya qo‘mitasining barcha a’zolari xalqaro turnirlarga kirish uchun FIFA kafolatisiz Osiyoga o‘tish mantiqqa to‘g‘ri kelmasligini bildirdi. «Osiyo kerak emas, biz Yevropa uchun kurashamiz. Rossiya bu - Yevropa, biz g‘alaba qozonamiz. Osiyoga o‘tmaslikka qaror qildik, hamma bir ovozdan qarorni qo‘llab-quvvatladi», - deya RFI vitse-prezidenti Ahmad Aydamirovdan iqtibos keltirgan TASS agentligi.

O‘z navbatida, Rossiya futbol ittifoqi prezidenti Aleksandr Dyukov tashkilot ijroiya qo‘mitasining Osiyo futbol konfederatsiyasiga qo‘shilmaslik haqidagi qarori yakuniy emasligini aytdi. «Konfederatsiyani o‘zgartirish varianti yo‘q bo‘lib ketmaydi. Biz bu imkoniyatdan unumli foydalanishimiz mumkin, agar bu yil bo‘lmasa, keyingi yil», - deya Dyukovning so‘zlarini keltirgan «Sport-Ekspress» nashri.

Ukrainadagi urush tufayli 

2022 yilning 28 fevralida Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) va Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UYeFA) Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi tufayli Rossiya klublari va milliy jamoalari barcha turnirlarda ishtirok etishini to‘xtatdi. Natijada Rossiya erkaklar milliy jamoasi 2022 yilda Qatarda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatiga saralash uchun pley-off bosqichida ishtirok eta olmadi, ayollar jamoasi esa Yevro-2022da o‘ynash imkoniyatidan mahrum bo‘ldi. O‘sha yilning may oyida UYeFA Rossiya klublarini 2022-2023-yilgi mavsum uchun Yevropa musobaqalaridan chetlatgan. 

2022 yilning iyul oyida Sport arbitraj sudi (CAS) RFIning FIFA va UYeFA qarorlari ustidan shikoyatini rad etdi. 

2022 yil noyabr oyi oxirida Rossiya futbol ittifoqi prezidenti RFI Osiyo futbol konfederatsiyasiga o‘tish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini aytdi. Biroq 30 dekabr kuni RFI UYeFA va boshqa tashkilotlar bilan Rossiya jamoalarining xalqaro turnirlarga qaytishi bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqadigan ishchi guruhi tuzmoqchiligi ma’lum bo‘ldi, OFKga o‘tish g‘oyasini muhokama qilish noma’lum muddatga qoldirildi. 

Mavzuga oid