Iqtisodiyot | 18:35 / 20.04.2024
8392
4 daqiqa o‘qiladi

Nima uchun subsidiyalashgan tariflardan bozor mexanizmlariga o‘tish kerak?

2023 yilda elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun 14 trillion so‘mdan ortiqroq subsidiya berilgan. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilda «Tashabbusli budjet» loyihalarini moliyalashtirish uchun 4,3 trillion so‘m ajratilgan. Energetika tizimida bozor mexanizmlari joriy qilinsa, davlat budjetiga yuklama kamayib, muhim ijtimoiy loyihalarga ko‘proq mablag‘ ajratishga imkoniyat paydo bo‘ladi.

Foto: Kun.uz

Energetika sektorini subsidiyalash

O‘zbekistonda narx shakllanishining bozor mexanizmlari yo‘qligi sababli davlat energetika sohasini subsidiyalashga majbur bo‘lyapti. Masalan, bugun 1 kWh elektr energiyasining tannarxi 990 so‘m. Demak, bir oyda o‘rtacha 200 kWh elektr energiyasi iste’mol qilinganda ham, davlat amalda har bitta iste’molchi uchun 139 ming so‘mdan subsidiya bermoqda. Mamlakatdagi aholi iste’molchilari soni esa 6,1 million xonadonni tashkil etadi.

Xuddi shunday, 1 kub metr gaz tannarxi 1961 so‘m bo‘lgan holda, isitish mavsumida 750 kub metr gaz yoqadigan bitta oila o‘rtacha 1 million 185 ming 750 so‘m subsidiya olmoqda. Ayni paytda aholi gaz iste’molchilari jami soni 3,5 million xonadonni tashkil qiladi.

Sohaning zarar bilan ishlayotgani hisobiga uni davlat budjetidan subsidiyalash kamomadga olib kelmoqda. Bu esa ijtimoiy sohaga ko‘proq mablag‘ yo‘naltirishga imkon bermayapti.

Iqtisodiyot va moliya vazirligidan olingan ma’lumotlarga qaraganda, 2021 va 2022-moliya yillarida ushbu maqsadlarga 6 trillion so‘mdan ortiqroq mablag‘ ajratilgan. 2023 yilda esa aholiga elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun 14 trillion so‘mdan ortiqroq subsidiya berilgan.

Taqqoslash uchun, 2023 yilda «Tashabbusli budjet» loyihalarini moliyalashtirish uchun 4,3 trillion so‘m ajratilgan. 

Ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 15-20 foizi iste’molchilarga yetib bormayapti

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 15-20 foizi elektr uzatish tarmoqlarining eskirgani oqibatida iste’molchilarga yetib bormay yo‘qotilmoqda. Xususan, 2023 yilda ishlab chiqarilgan 78 mlrd kWh elektr energiyasining 12 mlrd kWh hajmdagisi yoki 15,3 foizi iste’molchilarga yetib bormagan. Xalqaro standartlar bo‘yicha elektr energiyasi yetkazib berishdagi texnik yo‘qotishlar o‘rtacha 7-8 foizni tashkil etishi kerak.

Hozirda ortiqcha yo‘qotilayotgan 6 mlrd kWh elektr energiyasi oyiga o‘rtacha 350 kWh tok yoqadigan 2,5 milliondan ortiq iste’molchining 7 oylik iste’moliga teng. 

Elektr uzatish tarmoqlari, transformatorlar va boshqa infratuzilmani modernizatsiya qilish energetika tizimiga bozor mexanizmlarini joriy etishning asosiy sabablaridan biri hisoblanadi.

Elektr energiyasini hamda tabiiy gaz ishlab chiqarish va yetkazib berish xarajatlarini qoplash maqsadida narxlarni maqbullashtirish lozim. Bu bir qancha jihatdan muhim ahamiyatga ega:

  • subsidiyalarning asosiy qismini ajratish to‘xtatiladi;
  • budjet taqchilligi keskin qisqaradi;
  • tarmoqqa bozor iqtisodiyoti mexanizmlari joriy etiladi;
  • iste’molchilarga energiya resurslarini yetkazishda uzilishlarga barham beriladi;
  • energetika tizimida xususiy sektorning ishtirokini ta’minlashga qaratilgan institutsional islohotlar o‘tkaziladi;
  • energiya taqsimotini xususiylashtirish esa tizimdagi yo‘qotishlarning oldini oladi;
  • mavjud servis va texnik imkoniyatlar modernizatsiya qilinadi;
  • elektr energiyasi ishlab chiqarish va tabiiy gaz qazib chiqarish hajmi ko‘payadi;
  • elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berishning sifati yaxshilanadi;
  • yuqori samaradorlik ko‘rsatkichlari qayd etiladi;
  • muvaffaqiyatli makroiqtisodiy barqarorlashuv natijasida narxlarning inflatsiyaga ta’siri yumshatiladi.

Agar sohaga bozor qonunlari joriy qilinsa, ertaga bu mablag‘lar tejaladi. Natijada tejalgan mablag‘ni ijtimoiy sohani rivojlantirishga, yangi maktablar, tibbiyot muassasalarini qurishga, har bir sohada ishlab chiqarishni taraqqiy ettirish uchun zamonaviy texnologiyalarni olib kirishga, qolaversa, energetika tizimini chuqur modernizatsiya qilishga ham sarflash mumkin.

Bundan tashqari, yashash uchun zarur bo‘lgan boshqa tovarlar singari energiya borasida ham bozor qoidalari bilan yashash iste’molchilik madaniyatini, ortiqcha isrof qilmaslikni, xarajatlarni mustaqil nazorat etish va oqilona taqsimlash kabi hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirish hamda rivojlantirishga ham turtki bo‘ladi.

Mavzuga oid