Jamiyat | 10:04 / 11.07.2024
36645
1 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda erkak 3 yoshli bolani qasddan pichoqlab o‘ldirdi

Yashnobod tumanida 30 yoshli erkak qonuniy nikohdan o‘tmasdan yashab kelgan ayolining birinchi turmushidan 2021 yilda tug‘ilgan farzandiga pichoq bilan tan jarohatlari yetkazib, hodisa joyidan yashiringan. Bola shifoxonaga olib kelingunga qadar vafot etgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Toshkent shahrining Yashnobod tumanida erkak yosh bolaga 12 marta pichoq urib, uni o‘ldirgani haqidagi xabarlar tarqaldi.

Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, 9 iyul kuni Yashnobod tumani, Yakkatol ko‘chasidagi ko‘p qavatli uyda ijara asosida yashab kelayotgan 30 yoshli erkak ushbu manzilda qonuniy nikohdan o‘tmasdan yashab kelgan ayoli bilan janjallashib qolgan.

Janjal oqibatida erkak ayolning birinchi turmushidan 2021 yilda tug‘ilgan o‘g‘il farzandiga pichoq bilan bir necha marotaba tan jarohatlari yetkazib, hodisa joyidan yashiringan. Bola shifoxonaga olib kelingunga qadar vafot etgan.

Holat bo‘yicha Yashnobod tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan.

Mavzuga oid