Jahon | 00:50 / 10.12.2024
1627
2 daqiqa o‘qiladi

Avstriya Shengen zonasining kengayishiga qo‘ygan vetosini bekor qildi

Avstriya noqonuniy migratsiya xavfi sabab Shengen zonasi kengayishiga qo‘ygan vetosini bekor qildi. Bu Bolgariya va Ruminiyaga Shengen bitimiga to‘liq qo‘shilish imkonini beradi.

Foto: Dreamstime

Avstriya hukumati Shengen zonasini kengaytirishga qo‘ygan vetosini bekor qildi — bu Bolgariya va Ruminiyaga Shengen bitimiga to‘liq qo‘shilish imkonini beradi. Bu haqda Avstriya ichki ishlar vaziri Gerxard Karnerga tayanib, Kronen Zeitung nashri xabar berdi.

«Biz xalaqit bermaymiz. Ruminiya va Bolgariya uchun «havo Shengeni»dan keyin, «yerdagi Shengen» ham ochiladi», — deydi IIV rahbari.

Yevroittifoqga a’zo davlatlar ichki ishlar vazirlari 12 dekabr kuni Bryusselda o‘tkaziladigan uchrashuvda Ruminiya va Bolgariya uchun Shengen zonasini kengaytirishni ma’qullashi kutilmoqda. YeI davlatlarining elchilari bu boradagi tegishli rezolyutsiyani tayyorlab qo‘ygan.

Avstriya 2022 yilda noqonuniy migratsiya xavfi sabab Ruminiya va Bolgariyaning Shengen zonasiga to‘liq qo‘shilishini bloklab qo‘ygandi.

Avstriya, Ruminiya va Bolgariya, shuningdek, YeI Kengashiga rais sifatida Vengriya ichki ishlar vazirlari 6 dekabr kuni chegaralarni himoyalash bo‘yicha yangi chora-tadbirlar paketini kelishib olgandi. Bolgariya va Ruminiya bilan quruqlikdagi chegara nazorati 2025 yil 1 yanvardan bekor qilinishi mumkin.

Yevropa Ittifoqi 2023 yil dekabrda 2007 yildan beri YeI tarkibida bo‘lgan Bolgariya va Ruminiyani Shengen zonasiga qabul qilishga qaror qilgandi. Yevropadagi jami 29 ta davlat Shengen zonasi tarkibi kiradi.

Yevropa bo‘ylab erkin harakatlanish hududi – Shengen zonasi integratsiya borasidagi ulkan yutuqlardan biri hisoblanadi. Unga 1985 yilda YeIning besh davlati (Fransiya, Germaniya, Belgiya, Niderlandiya va Lyuksemburg) tomonidan asos solingan. U asta-sekin kengayib, jahonda erkin harakatlanishning eng yirik hududiga aylangan.

Mavzuga oid