O‘zbekiston | 16:38 / 14.12.2024
5187
2 daqiqa o‘qiladi

Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 12 890 so‘mdan oshdi

O‘zbekistonda 1 AQSh dollarining so‘mga nisbatan Markaziy bank kursi ikki kunda 33 so‘mga qimmatlab, ilk marta 12 890 so‘mdan oshdi.

14 dekabr kuni belgilangan kurs – 12 892,97 so‘m – milliy valuta uchun dollarga nisbatan tarixiy minimum bo‘ldi.

Yil boshidan buyon so‘mning Amerika valutasiga nisbatan qadrsizlanishi 4,4 foizni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich 2022 yilda 3,9 foiz, 2023 yilda esa 9,7 foiz bo‘lgandi.

  • Xorijiy valutalarning so‘mga nisbatan Markaziy bank belgilaydigan kursi buxgalteriya, statistika va boshqa hisobot maqsadlari uchun, shuningdek, bojxona va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblash uchun ishlatiladi.

14 dekabrda aksariyat banklarda 1 AQSh dollari 12 900 – 12 940 so‘mlik diapazonda sotildi. Sotib olish kursi esa deyarli barcha banklarda 12 820 – 12 830 so‘mni tashkil etdi.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilgi davlat budjeti parametrlarida dollar kursi o‘rtacha yillik 13 250 so‘mdan hisoblangan. O‘rtacha kurs 2026 yilda 13 725 so‘m, 2027 yilda 14 150 so‘m bo‘lishi prognoz qilingan.

Avvalroq Markaziy bank eski namunadagi 100 dollarlik kupyuralarni ayirboshlashda cheklovlar yo‘qligini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid