O‘zbekiston | 17:13 / 20.12.2024
3065
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘li qurilishining boshlanish sanasi ma’lum bo‘ldi

«Asr qurilishi» savdo, turizm va sanoat uchun yangi imkoniyatlar ochadi, dedi Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov.

Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi bo‘yicha rasmiy ishlar 27 dekabrdan boshlanadi. Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Bishkekdagi III Xalq qurultoyida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi.

Davlat rahbari Qirg‘iziston o‘z resurslari va imkoniyatlaridan foydalangan holda o‘z kuchi bilan sifatli rivojlanish sari qadam tashlashga muvaffaq bo‘lganini ta’kidladi.

Prezident so‘zlariga ko‘ra, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘lini qurish loyihasi o‘nlab yillar davomida javonlarda chang bosib yotgan.

«Biz ushbu loyihani boshlaganimizda, buni ajoyib deb hisoblab, bunga ishonmaganlar ham bo‘ldi. Biroq, bugun barchangiz bu amalga oshirish mumkin bo‘lgan loyiha ekanligiga guvoh bo‘ldingiz. 27 dekabr kuni mazkur yo‘l qurilishi bo‘yicha rasmiy ishlar boshlanadi. Bu Sharq va G‘arbni bog‘laydigan strategik ko‘prikka aylanadi», dedi Japarov.

Sadir Japarov ta’kidlaganidek, «asr qurilishi» savdo, turizm va sanoat uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temiryo‘li loyihasi 2024 yil iyun oyida Xitoyda imzolandi va keyinchalik ishtirokchi mamlakatlar tomonidan ratifikatsiya qilindi. Temir yo‘l Xitoyning Qashg‘ar shahridan boshlanadi va Torugart, Makmal, Jalolobod va Andijon orqali o‘tadi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, ushbu yo‘nalish bo‘ylab yillik yuk tashish hajmi 15 million tonnaga yetishi mumkin, yuklarni yetkazib berish muddati esa yetti kunga qisqaradi.

Mavzuga oid