O‘zbekiston | 12:46 / 20.12.2024
758
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda «Temiryo‘lkargo» yuk operatorining vakolatxonasi ochildi

«O‘zbekiston temiryo‘llari» aksiyadorlik jamiyatiga qarashli «Temiryo‘lkargo» kompaniyasi Xitoyda ilk vakolatxonasini ochdi. 

Foto: O‘zbekiston temiryo‘llari

«O‘zbekiston temiryo‘llari» aksiyadorlik jamiyatining yuk operatori «Temiryo‘lkargo» kompaniyasi Xitoyda ilk vakolatxonasini ochdi. U Pekinda joylashgan.

«O‘zbekiston temiryo‘llari» xabar qilishicha, bu jamiyatining xalqaro ishtirokini kengaytiradi va multimodal yuk tashishlarni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Ochilish «O‘zbekiston temiryo‘llari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Hikmatilla Rahmatovning 14−15 dekabr kunlari Xitoyga tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi.

U Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni (ShUAR)dagi China Railway Urumqi Bureau Group rahbari Go Tszyan va «Lyanyungan port kompaniyalari guruhi» MJCh partiya qo‘mitasi kotibi o‘rinbosari va port prezidenti Vang Guochao bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Muhokamalarda hamkorlik istiqbollari, multimodal tashuvlarni tashkil etish, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida yuk aylanmasini ko‘paytirish, shuningdek, konteynerli blok-poyezdlarni shakllantirish masalalari muhokama qilindi.

Shu bilan birga, Xitoyning chegara punktlarida vagon va konteynerlarning kechikishi va to‘xtab qolishi masalalari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar o‘z hududlarida konteyner poyezdlari va vagonlar qatnovining tezlashuvi va harakatlanishini yo‘lga qo‘yish maqsadida muntazam ravishda uchrashuvlar o‘tkazishga kelishib oldi.

Mavzuga oid