Jamiyat | 23:20 / 24.12.2024
10244
2 daqiqa o‘qiladi

Piskentda aholi gavjum hududda bo‘rilar kezib yurgani ma’lum bo‘ldi

Toshkent viloyati Piskent tumanidagi Qirqqizobod qishlog‘ida kezib yurgan bo‘rilarni qidirish ishlari boshlandi. Tog‘li hududda joylashgan mazkur qishloqqa har qishda turli hayvonlar kirib kelishi aytilmoqda.

Foto: Videodan kadr

Toshkent viloyati Piskent tumani hokimligi tumandagi qishloqlarning birida bo‘rilar kezib yurgani yuzasidan ma’lumot berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Piskent tumanidagi Qirqqizobod qishlog‘ida och bo‘rilar kezib yurgani haqida videomurojaat tarqaldi.

Qayd etilishicha, Qirqqizobod qishlog‘i tog‘li hududda joylashgani bois har qishda, ayniqsa, tog‘larga qor tushganda, aholi yashaydigan joylarga yovvoyi hayvonlar, jumladan, bo‘rilar kirib keladi.

«Bugun erta tongdan boshlab yovvoyi hayvonlarni tutuvchi maxsus guruh hududga jalb etildi. Hozirda bo‘rilarni qidirish va ularni zararsizlantirish ishlari olib borilmoqda», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, qo‘lga olingan bo‘rilarni hayvonot bog‘iga jo‘natish rejalashtirilgan, u yerda ularning tabiiy yashash joylariga yaqin sharoitlar yaratiladi. Shu kungacha mahalliy aholiga hech qanday zarar yetmagan.

 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 

A post shared by Kun.uz (@kun.uz)

Joriy yilning iyul oyida Samarqand viloyati Urgut tumanida qo‘ng‘ir ayiqlar chorvaga hujum qilib, 4 echkini yeb qo‘ygani to‘g‘risida xabar berilgandi. Dekabr o‘rtalarida esa Surxondaryoda ko‘chada yo‘lbars yurgani aytilgan xabarlar tarqaldi. Keyinroq viloyat Ekologiya boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavha aslida Rossiyaning Kemerova shahri yaqinida tasvirga olinganini ma’lum qildi.

Mavzuga oid