O‘zbekiston | 11:59 / 27.12.2024
896
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda "Xalq ijodiyoti karvoni" loyihasi yakunlandi

Davlat rahbarining tashabbusi bilan Samarqand viloyatining madaniy hayotini boyitishga qaratilgan "Xalq ijodiyoti karvoni" loyihasi o‘z yakuniga yetdi.  

Loyiha doirasida viloyatning barcha tuman va shaharlarida minglab tomoshabinlar uchun konsertlar o‘tkazildi.  

"Xalq ijodiyoti karvoni"da Samarqand viloyati san’atkorlari bilan bir qatorda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, boshqa viloyatlar va Toshkent shahrining eng yaxshi xalq havaskorlik jamoalari ham ishtirok etdi. 

Har bir hududning o‘ziga xos madaniy an’analari, san’at uslubi va ijro mahorati namoyish etildi. 

Loyihaning yakuniy konserti 25 dekabr kuni Samarqand viloyati musiqali drama teatrida bo‘lib o‘tdi. 

Madaniyat vaziri O.Nazarbekov loyiha doirasida o‘tkazilgan madaniy tadbirlar haqidagi e’tiroflarga munosabat bildirarkan, mazkur loyihaning millat ruhining birdamligini oshirishdagi ahamiyatiga urg‘u berdi. 

"Bunday tadbirlar xalqimizning an’analarini asrab-avaylashga yordam berib, madaniy merosimizning boyligini yangidan kashf etishga imkon yaratadi. Xalq ijodi, musiqasi va san’atni targ‘ib qilish orqali biz nafaqat milliy birlikni mustahkamlaymiz, balki kelajak avlodlarimizga ham boy madaniy meros qoldiramiz", — dedi u.