Iqtisodiyot | 17:00 / 28.12.2024
4278
2 daqiqa o‘qiladi

2024 yilda O‘zbekistonga investitsiyalar miqdori qariyb 50 foizga qisqardi - ESCAP

BMT huzuridagi Osiyo va Tinch okeani iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESCAP) Shimoliy va Markaziy Osiyo mamlakatlariga jalb qilingan investitsiyalar hajmi haqida ma’lumot berdi.

Foto: Kun.uz

2024 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonga jalb qilingan investitsiyalar hajmi o‘tgan yilga nisbatan 49 foizga kamaydi va 4 milliard dollarni tashkil qildi. Bu haqda BMT huzuridagi Osiyo va Tinch okeani iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESCAP) tomonidan e’lon qilingan hisobotda (.pdf) ma’lumot keltirildi.

Qayd qilinishicha, 2024 yilda Qozog‘iston Shimoliy va Markaziy Osiyoda investitsiya jalb etish bo‘yicha yetakchiga aylandi — mamlakat yangi loyihalarga 15,7 milliard dollar jalb qildi. Bu esa investitsiyalar hajmi o‘tgan yilga nisbatan 88 foizga oshganini anglatadi. Umuman olganda, mintaqaga jalb qilingan barcha investitsiyalar hajmining 63 foizi Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ro‘yxatning keyingi o‘rinlarida quyidagi davlatlar joy olgan:

- O‘zbekiston — 4 milliard dollar (-49%);

- Qirg‘iziston – 2,1 mlrd dollar (+310%);

- Ozarboyjon — 1,2 milliard dollar (+1%);

- Turkmaniston — 339 million dollar;

- Gurjiston - 126 million dollar;

- Armaniston – 67 million dollar.

Ta’kidlanishicha, xalqaro kompaniyalar mintaqada, ayniqsa, raqamlashtirish, texnologik innovatsiyalar va yashil energiya sohasidagi loyihalarga qiziqish bildirmoqda.

«Shu nuqtai nazardan, investitsiya agentliklari va tegishli vazirliklarning faol faoliyati alohida ahamiyat kasb etmoqda. Yangi yo‘nalishlarning muvaffaqiyati nafaqat qulay siyosat yaratishga, balki barcha bosqichlarda investorlarni qo‘llab-quvvatlashga, jumladan, investitsiyadan keyingi qo‘llab-quvvatlashga ham bog‘liq», deyiladi hisobotda.

Mavzuga oid