Sport | 20:58 / 28.12.2024
6727
3 daqiqa o‘qiladi

Magnus Karlsen jinsi kiygani sabab rapid bo‘yicha jahon chempionatidan chetlatildi

Tezkor shaxmat va blits bo‘yicha amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsen dress-kodni buzgan holda turnirga jinsida keldi va uni almashtirishni istamadi. Ushbu harakati uchun norvegiyalik shaxmatchi diskvalifikatsiya qilindi.

Foto: X / FIDE_chess

Norvegiyalik Magnus Karlsen dress-kod qoidalarini buzgani uchun rapid bo‘yicha jahon chempionatidan diskvalifikatsiya qilindi. Bu haqda Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasi orqali ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, avvaliga Karlsen musobaqaga jinsida kelgani uchun 200 dollar jarimaga tortilgan. Rapid va blits bo‘yicha amaldagi jahon chempioni ust-boshini almashtirishdan bosh tortgan, shu bois u turnirdan chetlatilgan. Bundan oldin rossiyalik shaxmatchi Yan Nepomnyashiy krossovkada kelgani uchun 200 dollar jarimaga tortilgandi, ammo u oyoq kiyimini almashtirib olganidan keyin chempionatdagi ishtirokini davom ettirgan.

«FIDE’ning tezkor shaxmat va blits bo‘yicha jahon chempionati qoidalari, jumladan, dress-kod barcha ishtirokchilar uchun professionalizm va adolatni ta’minlashga qaratilgan. Bugun Magnus Karlsen tadbir qoidalarini yaqqol buzgan holda jinsi kiyib, dress-kodga amalga qilmadi. Bosh arbitr Karlsenga qoidabuzarlik haqida ma’lum qildi, 200 dollar miqdorida jarima belgiladi va undan kiyimini almashtirishni so‘radi», — deyiladi FIDE xabarida.

Karlsen esa talabga bo‘ysunmagan va to‘qqizinchi turdagi o‘yinlarga qo‘yilmagan.

FIDE’ning qo‘shimcha qilishicha, dress-kod to‘g‘risidagi qoidalar ancha yillardan beri amalda va barcha ishtirokchilarning undan xabari bor. «FIDE, shuningdek, shaxmatchilarning yashash joyi o‘yinlar o‘tkaziladigan manzildan bir necha daqiqa ichida piyoda kelishiga imkon beradigan uzoqlikda joylashgan bo‘lishi haqida ham qayg‘urgan, bu qoidalarga rioya qilinishini yanada qulaylashtiradi. FIDE shaxmat va uning qadriyatlari, shu jumladan, barcha ishtirokchilar rioya qilishga rozi bo‘lgan qoidalar targ‘ibotiga oldingidek sodiq», — deya ta’kidlanadi xabarda.

Diskvalifikatsiyadan keyin Karlsen rapid turnirdan keyin boshlanadigan blits bo‘yicha chempionatda ishtirok etmasligini ma’lum qildi. O‘tgan sakkiz tur davomida u besh ochko bilan 41-o‘rinni egallab kelayotgan edi.

«Barchasi joyida, FIDE o‘z talablarini ilgari surishi mumkin, men qarshi emasman. Javobim — ajoyib, unda men ketaman», — deydi norvegiyalik shaxmatchi.

Ma’lumot uchun, Magnus Karlsen 2013-2023 yilgacha – klassik shaxmat yo‘nalishida, 2014-2016, 2019, 2022 yil – rapid bo‘yicha, 2014-2015, 2017-2019 va 2022 yil blits yo‘nalishida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Shuningdek, 2023 yilda u ilk bor shaxmat bo‘yicha jahon kubogiga ega chiqqan.

Mavzuga oid