Tbilisida yangi prezident inauguratsiyasidan keyin namoyishlar
Yakshanba kuni namoyishchilarning bir qismi yangi prezident Mixail Kavelashvilining inauguratsiyasi bo‘lib o‘tgan Gurjiston parlamenti tomon yo‘l oldi. Olti kishi qo‘lga olingan, biroq tez orada qo‘yib yuborilgan.
Tbilisida 29 dekabr, yakshanba kuni Gurjistonning yangi prezidenti Mixail Kavelashvilining inauguratsiyasi va Salome Zurabishvilining Orbeliani prezidentlik saroyini tark etishga roziligidan so‘ng yangi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi.
Tblisi life Telegram-kanaliga ko‘ra, ertalab Zurabishvilining murojaatidan so‘ng, namoyishchilarning bir qismi Orbeliani saroyidan Rustaveli prospektidagi Gurjiston parlamenti binosiga kelgan. Aynan o‘sha yerda Kavelashvilining inauguratsiyasi bo‘lib o‘tdi. Parlament xavfsizlik kuchlari tomonidan qattiq qo‘riqlandi. Qo‘lga olishlar boshlandi.
Tblisi life yozishicha, ertalabki mitingda namoyishchilardan ko‘ra xavfsizlik kuchlari ko‘proq bo‘lgan. Aksiyadagi videoyozuvlarga ko‘ra, unda bir necha o‘nlab odamlar qatnashgan. Tarqatilish va qo‘lga olishlardan so‘ng, ularning ba’zilari tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan.
Gurjiston televideniyesining Birinchi kanali Ichki ishlar vazirligiga tayanib xabar berishicha, jami olti kishi qo‘lga olingan. «Bugun parlament binosi oldidagi namoyishchilar bilan to‘qnashuv chog‘ida huquq-tartibot idoralari xodimlari bir necha fuqarolarni ma’muriy qo‘lga oldilar, ular bir necha soatdan keyin qo‘yib yuborildi», — deyiladi IIV xabarida.
Berbok Gurjistonning YeIga qabul qilish jarayonini to‘xtatishni taklif etdi
Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Yevropa Ittifoqiga Gurjistonning YeIga kirishini rasman to‘xtatib turish masalasini muhokama qilishni taklif etdi. «Gurjiston orzusi» o‘zining Yevropaga qarshi kursi bilan Gurjistonning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayonini ataylab muzlatib qo‘ydi va shu tariqa uni amalda to‘xtatib qo‘ydi, endi Yevropa Ittifoqi «Gurjiston orzusi»ning tobora kuchayib borayotgan avtoritar siyosati tufayli Gurjistonning qo‘shilish jarayonini rasmiy ravishda to‘xtatib qo‘yishini ham muhokama qilishi kerak», deyiladi Berbokning 26 dekabr kuni Germaniya tashqi ishlar vazirligi saytida chop etilgan bayonotida.
Vazirning ta’kidlashicha, 2023 yil dekabrida Gurjistonga YeI a’zoligiga nomzod maqomi berilishi «islohotlar bo‘yicha aniq va’dalar» bilan bog‘liq. «Ammo taraqqiyot o‘rniga biz xavotirli regressiyani ko‘rmoqdamiz», — deya ta’kidladi Annalena Berbok. U Tbilisi siyosati «mamlakat Yevropa yo‘lidan borishda davom etishini» istaydigan ko‘pchilik gurjilar manfaatlariga mos kelmasligini ta’kidladi.
Mavzuga oid
14:30 / 01.01.2025
Serbiyada talabalarning norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi
14:03 / 11.12.2024
Ommaviy tartibsizliklar tashkil qilishga tayyorgarlik ko‘rganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda
07:51 / 07.12.2024
Tbilisida maxsus kuchlar namoyishchilarni suv purkagichlar bilan tarqatib yubordi
09:10 / 04.12.2024