Jahon | 15:27 / 05.01.2025
22082
9 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning Moldova bilan gaz urushi: Dnestrbo‘yida isitish yo‘q, yuzlab korxonalar yopilib, minglab kishilar ishsiz qoldi

1 yanvardan Moldovadagi rossiyaparast kuchlar nazoratidagi Dnestrbo‘yi anklavida issiqlik va issiq suv ta’minoti o‘chirildi. Bunga Rossiya gazi Ukraina orqali Sharqiy Yevropa mamlakatlariga tranzit qilinishi to‘xtatilgani va Rossiya qarzi to‘planib qolgan Moldovaga yetkazib berishni davom ettirishdan bosh tortgani sabab bo‘lmoqda.

Foto: Vladislav Bachev/REUTERS

Dnestrbo‘yidagi «Tiraspoltransgaz» kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, yangi yilning birinchi kunida qariyb 75 ming uy xo‘jaligi gazsiz qolgan. Yana 116 ming iste’molchi gazni qisqartirilgan hajmlarda oladi. Gap asosan ko‘p qavatli uylar aholisi haqida bormoqda.

Dnestrbo‘yidagi jami aholi soni 450 ming kishi atrofida.

Shuningdek, Dnestrbo‘yi bilan tutashgan, ammo rasmiy Kishinyov nazorati ostidagi «xavfsizlik zonasi» deb ataladigan hududda joylashgan 11 ta aholi yashash manzili ham gaz va issiqlik ta’minotisiz qolgan.

BBC rus xizmatining Tiraspoldagi suhbatdoshi (Dnestrbo‘yi markazi) Marina 2 yanvar kuni shahardagi ayrim do‘konlar ochilgani va odamlar adyol va boshqa yopinchiqlarni yoppasiga sotib olayotganini aytgan.

Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, tayyor oziq-ovqat mahsulotlariga talab yuqori: pechene, pryanik, bulochka mahsulotlari, pishloq va shu kabilar.

Marina bir kechada non narxlari sezilarli darajada o‘sgani, payshanba tongiga kelib tanlov juda kam qolganini ham qo‘shimcha qilgan.

Uning so‘zlarini mahalliy nashrlar xabarlari ham tasdiqlaydi: eng ommabop baton bir kunda 45 kopeykaga qimmatlagan va endi uning narxi 5 rupiya 45 kopeykani tashkil etmoqda (Dnestrbo‘yi Moldovaning rasmiy valutasidan farqli bo‘lgan o‘z valutasidan foydalanadi).

Tiraspoldagi non do‘koni (arxiv foto)

Dnestrbo‘yida yuzlab korxonalar yopilgan va minglab kishilar ishsiz qolgan. Ular bilan mehnat shartnomalari o‘z kuchida qolmoqda, ammo ishchilarga majburan ishsiz qolgani uchun kompensatsiya qanday to‘lanishi hozircha aniq emas.

«Inqiroz shu qadar og‘ir xarakterdaki, qaysi korxonalar ishdan to‘xtaganini alohida sanab chiqishga hojat yo‘q. Barcha sanoat korxonalari ishlamay turibdi, faqat Dnestrbo‘yining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlovchi oziq-ovqat korxonalari bundan mustasno. Boshqa korxonalarga, sanoat sektori uchun energetika resurslari yo‘q», — degan payshanba kuni tan olinmagan Dnestrbo‘yi Moldova respublikasi iqtisodiy taraqqiyot vaziri Sergey Obolonik.

Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, hududdagi 150 ta bolalar bog‘chasi va 130 ta maktab issiqlik ta’minotisiz qolgan, bu esa ushbu muassasalarda tahsil oluvchi bolalar yangi yil ta’tillaridan qaytishini savol ostida qoldiradi.

Shu bilan birga, Obolonik vaziyat hali boshqarish va prognoz qilish mumkin bo‘lgan bosqichda ekanini aytgan, lekin korxonalar faoliyatidagi uzoq muddatli tanaffus ularning qayta ishga tushirilishini qiyinlashtirishini qayd etgan.

Nima qilish mumkin?

Ekspertlar baholariga ko‘ra, Dubossarskaya GES (fotoda) Moldova GRES bilan birgalikda elektr energiyasi uchun talabni faqat yaqin 50 kun uchun qondira oladi

Reuters agentligi Dnestrbo‘yi hukumati rahbari Vadim Krasnoselskiydan iqtibos keltirgan, u vaziyat murakkab bo‘lsa-da, rasmiylar unga tayyorlanganini aytgan.

«Vaziyat yaxshilanmoqda. O‘zingiz, oilangiz va yaqinlaringiz haqida qayg‘uring», — degan u.

Ammo hozircha Dnestrbo‘yi rasmiylari inqirozli holatga qanday tayyorlangani va ular buyog‘iga nima qilmoqchi ekani noma’lum.

Payshanba tongida «Moldovagaz» kompaniyasi «Tiraspoltransgaz»ga rasmiy maktub yo‘llagan, unda «Dnestr daryosining chap sohilidagi aholini energiya manbalari bilan ta’minlash uchun bozor sharoitida Yevropaning istalgan gaz platformasida tabiiy gaz sotib olishni tashkil etish»da yordam taklif qilingan. Bu haqda «Moldovagaz» rahbari Vadim Cheban o‘z telegram-kanalida xabar qilgan.

Maktubda qayd etilishicha, tabiiy gaz Moldova respublikasi chegarasigacha turli muqobil transport yo‘nalishlari orqali yetkazib berilishi mumkinligi qayd etilgan.

Bu taklifga Dnestrbo‘yi rasmiylari qanday reaksiya qilgani haqida ma’lum emas.

Avvalroq Dnestrbo‘yi inqiroz komissiyasi yig‘ilishida hududdagi gaz zaxiralari ayni vaqtda 13 mln metr kubni tashkil etishi va bu o‘rtacha ikki haftaga yetishi ma’lum qilingandi.

Hozircha Dnestrbo‘yi regionida elektr energiyasi o‘chirilmadi. Chap sohilda joylashgan Moldova GRES zudlik bilan ko‘mirda ishlashga o‘tgan.

Ekspertlar baholariga ko‘ra, u Dubossarskiy GES bilan birgalikda hududni 50 kun mobaynida elektr energiyasi bilan ta’minlay oladi.

Inqiroz sabablari

«Naftogaz Ukraina» milliy aksionerlik kompaniyasi hamda Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi o‘rtasida 2019 yil dekabrida tuzilgan, gaz yetkazib berish bo‘yicha tranzit kelishuvi muddati 2024 yil 31 dekabrida tugadi, Kiyev oldindan uni uzaytirmoqchi emasligini ma’lum qilgandi.

Bu fonda, dekabr o‘rtalarida Moldova hukumati mamlakat energiya sohasida favqulodda holat rejimi joriy etdi.

Kiyevning qarori Moldova, Slovakiya, Vengriya va boshqa davlatlarni gaz bilan ta’minlashda muayyan muammolar keltirib chiqardi, ammo yetkazib berishda muqobil variantlar ham qoldirilgan.

Ammo Moldova bilan bog‘liq vaziyatda Rossiyaning o‘zi ta’minotni to‘liq to‘xtatishga qaror qildi.

28 oktyabr kuni Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi moldovaliklarning «Moldovagaz» gaz kompaniyasiga Moldova tomoni to‘lov majburiyatlarini muntazam ravishda bajarmasligi va «yig‘ilib qolgan qarzdorlik» tufayli Moldova respublikasiga gaz yetkazib berish butunlay to‘xtatilishi haqida bildirishnoma yubordi.

Rossiya tomoni hisob-kitoblariga ko‘ra, Moldovaning gaz uchun qarzi 709 mln dollarga yetgan. Moldova tomoni faqat 8,6 mln dollarlik qarzi borligini tan oladi.

Shu kuniyoq «Moldovagaz» rahbari Vadim Cheban bu qadam birinchi navbatda Dnestrbo‘yiga ta’sir qilishi, chunki Moldovaning o‘ng sohildagi qismi (Kishinyov nazoratidagi hudud) uchun uning kompaniyasi Yevropa bozorlaridan 2025 yil apreliga qadar yetadigan gaz xarid qilganini ma’lum qildi.

Rossiya har yili 450 ming atrofida aholi yashovchi Dnestrbo‘yiga 2 mlrd metr kub gaz yetkazib berib kelgan.

SSSR parchalangach ham Moldova Rossiya gaziga qaramligicha qoldi va mamlakat hukumatida Moskvaga moyil kuchlar turganida u imtiyozli narxlarda uzluksiz yetkazib berish davom etishiga umid qilishi mumkin edi.

Mayi Sanduning G‘arbga moyil hukumati kelganidan keyin Rossiya gaz masalasidan siyosiy qurol sifatida foydalana boshladi.

Moldova svetsiz qoladimi?

Moldova — Yevropaning eng qashshoq mamlakatlaridan biri

Ammo gaz zaxira qilib olinganiga qaramay, Moldovaning o‘ng sohildagi qismi uchun barchasi ko‘ngildagidek emas.

Mamlakatning bu qismi elektrsiz qolishi mumkin, chunki uning iste’molining 70 foizini chap sohildagi «MoldGRES» ishlab chiqaradi.

O‘z navbatida, «MoldGRES» Rossiya gazi asosida ishlardi.

Moldova qolgan 30 foizni Ukrainadan olgan, ushbu mamlakat esa endi elektr energiyasini eksport qila olmaydi, Rossiya qurolli kuchlari uning energetika infratuzilmalarini vayron qilgan.

Moldova aholisi elektr energiyasi o‘chirilishiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Xususan, BBC rus xizmatining Kishinyovdagi suhbatdoshlari shaharda ertalab va kechqurun ma’lum soatlarda liftdan foydalanishni to‘xtatish haqida hozircha norasmiy ma’lumot tarqalganini aytib berishgan.

Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, iqtisod qilish uchun Kishinyovda yangi yil chiroqlari 1 yanvar kuniyoq o‘chirilgan.

Inqiroz fonida 2 yanvar kuni Moldova bozoridagi ikkita yirik energiya operatori Milliy energetikani tartibga solish agentligidan elektr energiyasi uchun tariflarni o‘rtacha 50 foizga oshirishni talab qilgan.

Agar bu ro‘y bersa, oddiy iste’molchilar uchun kommunal xizmatlar uchun to‘lov oyiga ming leyga oshadi.

Energiya sohasida narxlar oshishi so‘nggi bor 2024 yil martida kuzatilgandi.

Payshanba kuni Ruminiya energetika vaziri Sebastyan Burdjua uning mamlakati qo‘shnilarni og‘ir ahvolda qoldirmasligiga va’da berdi.

«Birodarlar doimo birodarlar bo‘lib qoladi. Bizning missiya — yelkadosh bo‘lish», — degan Burdjua.

Ruminiya anchadan buyon Moldovaga elektr energiya va tabiiy gaz eksport qilib keladi, ammo Rossiyanikiga qaraganda ancha qimmatroq narxlarda.

Ruminiya energetika vaziri Buxarest mamlakat qonunchiligi doirasida qo‘shni davlatni qo‘llab-quvvatlashning eng yaxshi yo‘llarini ko‘rib chiqishini ma’lum qilgan.

Mavzuga oid