Iqtisodiyot | 11:01 / 08.01.2025
2025
2 daqiqa o‘qiladi

2024 yilda O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 6,6 mlrd dollarga ko‘paydi

O‘tgan yil davomida O‘zbekiston rasmiy zaxiralarining umumiy qiymati 34,56 mlrd dollardan 41,18 mlrd dollarga yoki 19,1 foizga oshdi. Bunda 2024 yilda jahon bozorida oltin narxlarining keskin oshib ketgani va o‘zining tarixiy maksimum narxlarini bir necha marotaba yangilagani asosiy omil bo‘ldi.

Foto: Getty Images

O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari 1 yanvar holatiga 41,18 milliard dollarni tashkil etib, 1 dekabr holatiga nisbatan 290 mln dollarga kamaydi. Bu haqda Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan hisobotda keltirib o‘tilgan.  

2024 yil davomida rasmiy zaxiralarning umumiy miqdori 34,56 mlrd dollardan 41,18 mlrd dollarga yoki 19,1 foizga oshdi. Bunda xorijiy valuta zaxiralari 9,36 mlrd dollardan 8,59 mlrd dollargacha qisqargan bo‘lsa, zaxiralardagi oltinning fizik hajmi 11,9 mln troya unsiyadan 12,3 mln troya unsiyaga, qiymati esa 24,63 mlrd dollardan 32,03 mlrd dollargacha ko‘paygan. 

Qayd etish lozimki, o‘tgan yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun eng muhim jihatlardan biri jahon bozorida oltin narxlarining oshib ketgani bo‘ldi. Qimmatbaho metall yil davomida bir necha marotaba o‘zining tarixiy maksimum narxlarini yangiladi. Xususan, 2024 yil boshida oltinning bir troya unsiyasi 2 000 dollardan biroz yuqoriroq bo‘lgan bo‘lsa, yil davomida bu ko‘rsatkich 2790 dollardan oshdi.

Bundan tashqari, o‘tgan yildan Markaziy bank aktivlarni diversifikatsiya qilish doirasida xorijiy qimmatli qog‘ozlarni sotib olishni ham boshladi. Yil yakuniga kelib zaxiradagi bunday qimmatli qog‘ozlar hajmi qariyb 102 mln dollarga yetgan.

Avvalroq, O‘zbekiston oltin ishlab chiqaruvchi davlatlarning yetakchi o‘ntaligiga kirgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Jahon oltin kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil O‘zbekistonda 119,6 tonna oltin ishlab chiqarilgan.

Mavzuga oid