Iqtisodiyot | 13:17 / 08.01.2025
546
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Pokiston davlat zaxiralarini shakllantirish yo‘nalishidagi hamkorlikni muhokama qildi

O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokiston savdo korporatsiyasi (Trading Corporation of Pakistan – TCP) raisi Rafeo Bashir Shah bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Foto: "Dunyo" AA

TCP Pokiston Savdo vazirligi tarkibiga kiruvchi institutsional birlik bo‘lib, hukumat topshirig‘iga ko‘ra davlat zaxiralarini shakllantirish yoki markazlashgan holda xorijga eksport qilish bilan shug‘ullanadi.

Muloqot chog‘ida davlat zaxiralariga kiruvchi mahsulotlarni xarid qilish mexanizmlari bo‘yicha fikr almashildi.

Suhbat avvalida TCP raisi tashkilotning faoliyat sohalari to‘g‘risida ma’lumot berdi hamda hukumat topshiriqlaridan tashqari, yangi yo‘nalish sifatida xususiy sektor kompaniyalari buyurtmasiga binoan xorijdan zarur mahsulotlarni xarid qilish amaliyotini sinovdan o‘tkazayotganini bildirdi.

Shu o‘rinda, Rafeo Bashir Shah mamlakat yagona vakolatli organi/tashkiloti bilan zarur mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berish borasida G2G shaklida muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qildi.

Shuningdek, O‘zbekistonning tranzit xab salohiyatidan foydalangan holda MDH va Sharqiy Yevropaga mo‘ljallangan tovarlarni saqlash uchun Termiz xalqaro savdo markazida (Termez Cargo Center) omborxona tashkil etish rejasi bilan o‘rtoqlashdi.

Mazkur masalalarni atroflicha muhokama qilish uchun 2025 yil mart oyida TCP raisi boshchiligidagi korporatsiya delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkillashtirishga kelishildi.

Mavzuga oid