WSJ: Xitoy raisi mashhur iqtisodchini jazolashni buyurdi
Xitoylik mashhur iqtisodchi Gao Shanven Vashingtondagi chiqishi davomida mamlakat iqtisodiyoti rasmiy ma’lum qilinganidek 5 foiz emas, balki 2 foiz atrofida o‘sayotgani haqida gapirdi. XXR raisi Si Jinping bundan darg‘azab bo‘lgan va uni intizomiy jazoga tortishni talab qilgan.
Dekabr oyida Vashingtondagi konferensiyada chiqish qilgan Xitoyning SDIC Securities kompaniyasi bosh iqtisodchisi Gao Shanven XXR hukumati YaIM o‘sish sur’atini oshirib ko‘rsatayotgan bo‘lishi mumkinligini aytdi.
«Biz Xitoy iqtisodiy o‘sishiga oid haqiqiy raqamlarni bilmaymiz… Taxminimcha, rasmiy raqamlar 5 foizga yaqin ko‘rsatilayotgan bo‘lsa-da, oxirgi ikki-uch yilda YaIMning real ko‘rsatkichi 2 foiz atrofida. Agar men haq bo‘lsam, keyingi uch-besh yilda o‘sish sur’atlari 3 foizdan 4 foizga chiqishini kutish oqilona bo‘ladi deb o‘ylayman. Ammo rasmiy raqamlar doim 5 foiz atrofida bo‘ladi», — degan Gao.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Xitoyda YaIM o‘sayotganiga oid raqamlarni oshirib ko‘rsatish pandemiyadan keyin boshlangan, mamlakat hukumatining iqtisodiyotni rag‘batlantirish borasidagi sa’y-harakatlari esa samara keltirishi dargumon.
The Wall Street Journal manbalariga ko‘ra, iqtisodchining so‘zlari Xitoy yetakchisi Si Jinpingni «g‘azabga keltirgan». Ularning aytishicha, XXR raisi Gaoga nisbatan tergov o‘tkazish va unga intizomiy chora ko‘rish (aynan qandayligiga aniqlik kiritilmagan) topshirig‘ini bergan. Ushbu buyruq sabab iqtisodchiga ommaviy chiqishlar qilish taqiqlangan, biroq hozircha u ishini yo‘qotgani yo‘q.
Xitoy hukumatining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyoti 2023 yilda 5,2 foizga o‘sgan va 2024 yil yakunlari bo‘yicha ham o‘sish taxminan shunchani tashkil etadi. 5 foizli o‘sish Si Jinpingning va’dalarini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi: 2020 yilda u Xitoy iqtisodiyoti 2035 yilga borib ikki barobarga o‘sishini aytgan. Bunday maqsadga erishish uchun 15 yil davomida yillik o‘sish taxminan 5 foizni tashkil etishi kerak.
Gao Shanven — iqtisodiyotni boshqarish samaradorligi bo‘yicha shubhalarini bildirgan xitoylik birinchi mutaxassis emas. WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil bahorida XXR Ijtimoiy fanlar akademiyasi Iqtisodiyot instituti direktori o‘rinbosari Chju Xenpen lavozimidan chetlatilgan va hibsga olingan. U WeChat messenjeridagi yopiq chatda bir nechta «noo‘rin» tuzatishlarni keltirgan.
Manbalardan birining so‘zlariga ko‘ra, Chju «Xitoy iqtisodiyoti kuchsizlanayotgani»ni qoralab, Si Jinpingni tanqid qilgan.
Gao Shanvenning bayonotidan keyin Xitoy Qimmatli qog‘ozlar assotsiatsiyasi hukumatning iqtisodiy siyosatini talqin qilishda «ijobiy rol o‘ynashdan» bosh tortgan iqtisodchi va tahlilchilarni ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilgan. Si Jinping administratsiyasi rahbari Tsay Tsi esa o‘tgan hafta propaganda bo‘linmalari rahbarlarini butun mamlakat bo‘ylab «iqtisodiy reklamalarni kuchaytirish»ga chaqirgan.
Mavzuga oid
20:22 / 08.01.2025
Xitoy Rossiyaning maxfiy floti uchun portlarni yopmoqda – OAV
18:50 / 08.01.2025
«Pandemiyaga tayyorgarlik ko‘rish zarurati yo‘q» - Yevrokomissiya vakili Xitoyda tarqalgan virus haqida
23:03 / 07.01.2025
Xitoyda ko‘chma atom soati yaratildi
19:34 / 07.01.2025