Zelenskiy Ramshtaynda G‘arbni Ukrainaga qo‘shin yuborishga chaqirdi
«Bizning maqsadimiz – Rossiyani tinchlikka majburlash uchun imkon qadar ko‘proq vositalarni topish», - dedi Ukraina rahbari Reynlend-Pfalsdagi AQSh aviabazasida Kiyev ittifoqchilari yig‘ilishi ochilishida.
Ukrainaga xorijiy qo‘shinlarning kiritilishi Rossiyani tinchlikka majburlashning eng yaxshi vositalaridan biridir. Bu fikrni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 9 yanvar, payshanba kuni Germaniyaning Reynlandiya-Pfalsida Ukraina bo‘yicha Ramshtayn formatidagi aloqa guruhi 25-yig‘ilishi chog‘ida bildirdi.
«Biz hammamiz tushunamizki, bugun (Rossiya prezidenti Vladimir) Putinning maqsadlari o‘zgarishsiz qolmoqda. U Ukrainani butunlay yo‘q qilmoqchi — va barchamizni, shu jumladan sizni ham sindirmoqchi. Shuning uchun bizning maqsadimiz — Rossiyani tinchlikka majburlash uchun imkon qadar ko‘proq vositalarni topish, - dedi Ukraina rahbari uchrashuv boshida. - Men hamkorlar kontingentini bunday joylashtirish eng yaxshi vositalardan biri, deb hisoblayman».
Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida o‘tgan yilning shu kuni Fransiya «tinchlikni yanada yaqinlashtirish uchun Ukrainada hamkorlar kontingentlarini joylashtirish» g‘oyasi bilan chiqqanini esladi. Shuningdek, Kiyev Buyuk Britaniyadan bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlovchi «signallar»ni eshitdi, deyiladi xabarda.
Aftidan, mojaro kuchayishiga qarshi bo‘lganlar tomonidan bunday tashabbus tanqid qilinishini kutgan Ukraina prezidenti shunday dedi: «Rossiyaning ko‘plab tahdidlari va dadil bayonotlari, ayniqsa, ukrainaliklar Kursk oblastiga kirganidan so‘ng, blef bo‘lib chiqdi. Ishonchim komilki, agar biz Rossiyani tinchlik sari undash uchun birgalikda harakat qilsak, ularning ko‘proq tahdidlari blef bo‘lib chiqadi».
Makron: Ukrainaning taslim bo‘lishi na AQSh, na Yevropa Ittifoqi uchun foydali emas
Rossiya tajovuzidan o‘zini himoya qilayotgan Ukrainaning taslim bo‘lishi na AQShga, na Yevropaga foydali bo‘ladi. Bunday bahoni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 6 yanvar kuni Fransiya elchilariga qilgan murojaatida bildirdi.
Shu bilan birga, AQShning saylangan prezidenti Donald Trampning Ukrainadagi urushni 24 soat ichida tugatishi mumkinligi haqidagi bayonotini eslatib, Fransiya davlat rahbari: «Ukrainada tez va oson yechim bo‘lmaydi», dedi. «Amerikaning yangi prezidentining o‘zi Ukraina mag‘lub bo‘lsa, Qo‘shma Shtatlarning g‘alaba qozonish imkoniyati yo‘qligini biladi» va «Ukrainaning taslim bo‘lishi na yevropaliklar, na amerikaliklar uchun foydali bo‘lishi mumkin emas», deya qo‘shimcha qildi u. Fransiyaning RFI media-kompaniyasi o‘z saytida Makronning so‘zlarini keltirdi.
Emmanuel Makronning fikricha, agar Ukrainaning G‘arb ittifoqchilari bu mojarodan charchagani uchun «murosa»ga rozi bo‘lishsa, G‘arbning obro‘siga putur yetkaziladi. Ayni paytda ukrainaliklar «hududiy masalalar bo‘yicha real munozaralar olib borishlari kerak», — deya ogohlantirdi Makron.
20 yanvar kuni AQSh prezidenti Donald Tramp inauguratsiyasiga oz vaqt qolar ekan, ko‘plab kuzatuvchilar Vashington Ukrainaga moliyaviy va harbiy yordamni qisqartirishidan xavotirda.
Mavzuga oid
21:02 / 09.01.2025
«Ramshtayn»da Ukrainani 2027 yilgacha qo‘llab-quvvatlash rejalari kelishib olindi
14:47 / 08.01.2025
AQSh Ramshtaynda Ukrainaga yangi yordam paketini e’lon qiladi
08:32 / 08.01.2025
«Axir u bilan yaxshi edik. Nega vaysayapti?» - Lukashenko Zelenskiyga javob qaytardi
10:47 / 07.01.2025