Jahon | 21:02 / 09.01.2025
1212
3 daqiqa o‘qiladi

«Ramshtayn»da Ukrainani 2027 yilgacha qo‘llab-quvvatlash rejalari kelishib olindi

AQSh «Ramshtayn» doirasidagi koalitsiyalar yetakchilarining qo‘shma bayonotini e’lon qildi. Unga ko‘ra, sherik davlatlar Ukraina bilan nafaqat harbiy vaqtda, balki undan keyin ham yaqindan hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda.

Foto: president.gov.ua

«Ramshtayn» formati doirasidagi ittifoqchilar Ukrainani qo‘llab-quvvatlash rejalarini kelishib oldi. Gap 2027 yilgacha Ukrainaning mudofaa qobiliyatini rivojlantirish rejalari haqida ketmoqda, deb xabar beradi «RBK Ukraina».

Qayd etilishicha, AQSh «Ramshtayn» doirasidagi koalitsiyalar yetakchilarining qo‘shma bayonotini e’lon qilgan. Ukraina ittifoqchilari 2024 yil 12 iyuldagi majburiyatlarini bajarib, sakkizta yo‘l xaritasi bo‘yicha kelishib olgan. Ular Ukrainaga yordam ko‘rsatish bo‘yicha sa’y-harakatlarni optimallashtirish, ishonchli mudofaa va dushmanni tutib turish qobiliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, Ukrainaning NATO bilan aloqalariga ko‘maklashish uchun ishlab chiqilgan.

Ta’kidlanishicha, sherik davlatlar Ukraina bilan nafaqat harbiy vaqtda, balki undan keyin ham yaqindan hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda. Bu xayriya, xaridlar, investitsiya va sanoat bazasini kengaytirishni o‘z ichiga oladi.

Ukraina mudofaasi bo‘yicha Aloqa guruhining yig‘ilishida Pentagon rahbari Lloyd Ostin koalitsiyalar faoliyati sheriklar tomonidan Kiyevga ko‘rsatilayotgan yordamni tezroq olishda yordam bergan.

«Biz imkoniyatlari bo‘yicha sakkizta koalitsiya tuzdik. Unga 14 ta davlat, jumladan, Ukraina boshchilik qiladi. Milliy qurollanish bo‘yicha direktorlarimiz bilan yaqin hamkorlikda ushbu yangi koalitsiyalar ko‘rsatayotgan yordamimiz muvofiqlashtirilgan, samarali va barqaror bo‘lishini ta’minlaydi», — deydi Lloyd Ostin.

Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerovning ta’kidlashicha, Ukrainaning asosiy vazifasi — urush paytida armiya ehtiyojlarini mudofaa kuchlarining uzoq muddatli rivojlanish maqsadlari bilan muvozanatlashdir. Shuningdek, Ukraina Qurolli kuchlarining NATO kuchlari bilan to‘liq muvofiqligini ta’minlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Bugun, 9 yanvar kuni Germaniyada Ukraina mudofaasi bo‘yicha Aloqa guruhining «Ramshtayn» formatidagi 25-uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unga Pentagon rahbari Lloyd Ostin boshchilik qildi, shuningdek, Germaniyaga Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham tashrif buyurgan.

Mavzuga oid