Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sahnaga qaytgan Xominaiy va Erdo‘g‘anning bayonoti – “Geosiyosat” tahlili
O‘zbekiston BRICS'ning hamkoriga aylandi. Turkiya prezidenti Erdo‘g‘an Kavkaz boshqa urushga dosh bera olmasligini aytdi. Eron rahbari Xominaiy urushdan keyin ilk bor ko‘rinish berdi. G‘azodagi sulh muzokaralari qiyin kechmoqda. Yevroittifoq Isroilga qarshi sanksiya qo‘llashi mumkin. AQSh Isroil sabab Ukrainaga qurol yordamini chekladi.
Kun tartibidagi global mavzular muhokamasi – Kun.uz'ning jonli efirdagi “Geosiyosat” dasturida.
— Erdo‘g‘an “Kavkaz boshqa urushga dosh bera olmaydi” deganda, bu bilan nimani aytmoqchi?
Kamoliddin Rabbimov: Ozarboyjon bilan Turkiyaning munosabatlari nihoyatda yaqin va keyingi paytlarda ikki davlatda shakllangan siyosiy madaniyatga ko‘ra yoki umuman siyosiy bir qarashlarga ko‘ra, bu bitta millat, lekin ikkita davlat degan konsepsiya shakllanib boryapti. Masalan, eronlik siyosatchilarni kuzatadigan bo‘lsak, Ozarboyjon o‘zining mazhabiy shialik o‘zligidan bosqichma-bosqich voz kechib, Turkiyaga yaqinlashish va birlashish maqsadida sunniylikka o‘tyapti degan bir ayblovlarni yoki da’volarni bildiradi.
Erdo‘g‘anning keyingi 10 kun mobaynida yuz bergan Rossiya–Ozarboyjon ziddiyati borasidagi fikri nihoyatda muhim edi. Erdo‘g‘an – juda tajribali siyosatchi, u 2000-yillarning boshidan buyon Turkiyadagi asosiy siyosiy figura. Ma’lum bir muddat bosh vazir bo‘ldi va keyingi davrda u prezident. Erdo‘g‘anning aytayotgan gapini shaxsan men xuddi shunday kutgan edim. Ya’ni u aytmoqchiki, Kavkazda urush bo‘lishi kerak emas. Rossiya va Ozarboyjon bir-biri bilan to‘qnashmasligi kerak, dedi.
Siyosatchilar tafakkurida biror-bir vaziyatni modellashtiradi, uzoq muddat va bosqichma-bosqich xatti-harakatlar bilan tafakkuridagi ideal bir holatga intiladi. Keyingi besh yilda Turkiya va Ozarboyjon uchun Janubiy Kavkazda ideal vaziyat shakllanib boryapti. Ya’ni 2020 yildagi 44 kunlik urushdan keyin Ozarboyjon Turkiya yordamida Qorabog‘ni qaytarib oldi. Shundan keyin Armanistondagi siyosiy tafakkur ham o‘zgardi. 20 iyun kuni Pashinyan Turkiyada bo‘ldi va uchta davlat o‘rtasida (Turkiya, Ozarboyjon va Armaniston) juda muhim uchrashuv o‘tkazildi. Erdo‘g‘an ham Armanistonning Ozarboyjon bilan tinchlik o‘rnatish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini aytdi. Bu bilan, balki asrlar davomida birinchi marta mana shu uchta davlatning yaqinlashuviga erishildi.
— G‘azoda sulh masalasida so‘nggi o‘zgarishlar qanday?
Shavkat Ikromov: Mart oyida oxirgi marta tomonlar o‘rtasida ma’lum muddatga sulh tuzilgan edi. Lekin tez orada Isroil tomonidan Hamas sulh shartlarini buzdi degan da’vo bilan bu o‘zining kuchini yo‘qotgan. Shundan keyin hozirgi kunga qadar umumiy sulh bo‘lmagani sababli, 6 mingdan ortiq g‘azoliklar halok bo‘ldi.
Eron bilan bo‘lgan urushdan keyin Isroil yana G‘azoda qattiq zarbalar berishni boshladi va 250 dan ortiq odamni o‘ldirdi. Shu fonda AQSh 60 kunlik sulh taklifini ilgari suryapti, lekin ikki tomonning ham qanday talablar qo‘yayotganiga e’tibor qaratishimiz kerak.
Hamas sulh shartlarini ochiqlik bilan qabul qilyapti degan xabarlar bor, Trampning o‘zi ham buni aytib o‘tdi. Hamasning ichidagi fraksiyalarda mazkur shartlarni qabul qilish bo‘yicha umumiy majburiy kelishuv bo‘layotgani haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Lekin ma’lum muddat, hech bo‘lmasa 60 kun davomida o‘zlarining kuchlarini qayta yig‘ib olish uchun sulh bo‘lishi kerak degan pozitsiya egallangan, degan fikr bildiryapti.
Isroil tomonidan Binyamin Netanyahu esa bu sulh natijasida Hamas to‘liq yo‘q bo‘lishi kerak degan bayonotlar beryapti. Ya’ni u Hamasiston (G‘azoda Hamas hukmron bo‘lgani uchun shunday atayapti) bo‘lmasligi kerak, Hamasiston bo‘lmagandagina faqat sulh bo‘lishi mumkin degan fikrlarni ilgari suryapti.
Avvalgidek vositachilar Qatar va Misr tomonlarni murosaga keltirish uchun faol ishlashyapti, lekin bir narsani hisobga olishimiz kerak: Isroil kelishuvga boradigan xatti-harakatlarni amalga oshirayotganini biz kuzatmayapmiz. Isroil doimiy ravishda bu yerda urush jinoyatlarini sodir qilish va qotilliklar bilan shug‘ullanyapti. Oxirgi paytda uning urush strategiyasida humanitar yordam olish uchun kelgan och va yordamga muhtoj falastinliklarga qarata o‘q otish taktikasini qo‘llayotganini ko‘rishimiz mumkin.
Suhbatni to‘liq tarzda YouTube'da tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
15:08 / 14.01.2026
🔴 LIVE: Rossiyada imperializm propagandasi: maqsad nima? | "Geosiyosat"
11:25 / 11.01.2026
“Oreshnik” orqali aytilgan gap: Rossiya nimadan xavotirda? | “Geosiyosat”
21:16 / 10.01.2026
Erondagi namoyishlar: xaritalar ustida sharh
15:20 / 09.01.2026