09:37 / 17.08.2015
4343

OAV: Xitoy iqtisodiy rivojlanishining sekinlashuvi AQSh kompaniyalariga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda

Xitoy iqtisodiyotidagi o‘sish sur'atining sustlashuvi ko‘plab Amerika kompaniyalari, birinchi navbatda, Xitoyga uskunalar va xomashyo yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchilar katta zarar ko‘rmoqda. Bu haqda Wall Street Journal nashri saytida xabar berildi.
“Chorak yakunlari bo‘yicha Amerika kompaniyalari rahbarlari yig‘ilishida dunyoda ikkinchi o‘rinni egallab turgan Xitoy iqtisodiyotining sekinlashuvi natijasida kelib chiquvchi juda jiddiy qiyinchiliklar to‘g‘risida so‘z bordi, – deyiladi xabarda. – Jumladan, dvigatellar ishlab chiqaruvchi Cummins kompaniyasining ma'lum qilishicha, ikkinchi chorak yakunlariga ko‘ra, Xitoyda ekskvatorlarga bo‘lgan talab o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 34 foizga kamaygan va kelgusida holatning yaxshilanishi bo‘yicha hech qanday ijobiy alomatlar yo‘q. Weyerhaeuser Co. singari kompaniyalar uchun Xitoydagi qurilish hajmining kamayishi AQShda o‘rmon mahsulotlariga bo‘lgan talabning pasayishi va ular narxining tushib ketishiga olib keladi.”
“Xitoydagi vaziyat sababli kompaniyamizning Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi daromadi o‘tgan yilgiga qaraganda 3 foiz kamaygan. Agar bu ulush Xitoyga tegishli bo‘lmaganida, foydamiz 11 foizga ortar edi.”, dedi tarmoq uskunalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Juniper Networks kompaniyasi moliyaviy direktori Robin Denxold.
“Xitoy hukumati iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichini so‘nggi 20 yil ichidagi eng past 7 foiz darajasida ushlab turishga harakat qilayapti, – deyiladi xabarda. – Bu jarayon AQSh biznesi uchun eng qiyin vaqtda sodir bo‘lmoqda. Thomson Reuters ma'lumotlariga ko‘ra, aksiyalari S&P 500 indeksiga kiruvchi kompaniyalar choraklik o‘sish ko‘rsatkichini 1,2 foizdan yuqori darajada qayd etishlari lozim. Bu 2012 yil kuzidan buyon eng past raqam hisoblanadi.”
Xitoy iqtisodiyotidagi pastlashuv o‘tgan chorakda AQShdagi qariyb barcha soha: liftlar sotishdan tortib, avtomobil ishlab chiqarishgacha salbiy ta'sir ko‘rsatdi, deyiladi xabarda.

Top