O‘zbekiston | 15:23 / 23.09.2016
9692
3 daqiqa o‘qiladi

Okrug saylov komissiyalarining 36,8 foizini xotin-qizlar tashkil qilmoqda

Foto: O‘zA

23 sentabrda O‘zbekiston va chet el ommaviy axborot vositalari vakillari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasining borishiga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi. Bu haqda Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi xabar bermoqda.

Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov saylovga tayyorgarlik ishlari qonunchilik talablari va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Asosiy tadbirlar dasturi asosida izchil olib borilayotganini qayd etdi.

Saylov kampaniyasi qizg‘in pallaga kirib bormoqda, saylovda ishtirok etuvchi partiyalar aniqlandi, ularga imzo varaqalari blankalari berildi. Siyosiy partiyalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan saylovchilar imzosini ish, xizmat, o‘qish, yashash joyida, saylovoldi tadbirlarida to‘plashga haqli. 

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida” gi Qonunga 2015 yil 29 dekabrda kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq siyosiy partiya tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalari O‘zbekiston Respublikasi jami saylovchilar umumiy sonining 5 foizidan 1 foizigacha kamaytirildi. 

Bu 214 350 nafar saylovchi imzosini tashkil etadi.

Bu imzolar kamida sakkizta ma'muriy-hududiy tuzilma namoyandasi bo‘lgan saylovchilarni qamrab olgan bo‘lishi kerak. Ma'muriy-hududiy tuzilmalardan birida siyosiy partiya imzolar umumiy miqdorining ko‘pi bilan sakkiz foizini to‘plashi mumkin.

Anjumanda jurnalistlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari  tuzilganligi haqida xabardor qilindi. Okrug saylov komissiyalarining 56,6 foizi avvalgi saylovlarda amaliy tajriba to‘plagan, jamiyatimizning obro‘li vakillaridir. Komissiya a'zolarining 56 nafari, ya'ni 36,8 foizi xotin-qizlardir, ularning 12 nafari esa saylov komissiyalarining rahbariyatidan joy egallagan.

Ta'kidlanganidek, butun saylov kampaniyasi oshkoralik va ochiqlik tamoyillari asosida olib borilmoqda. Shu maqsadda Markaziy saylov komissiyasining O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, O‘zA, “Jahon”, “Uzreport” axborot agentliklari, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi bilan ikki tomonlama bitimlar imzolandi.

Respublika matbuot markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan xorijiy va milliy ommaviy axborot vositalarining qariyb 400 nafar vakili akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

Shu bilan birga Markaziy saylov komissiyasi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi kabi nufuzli xalqaro tuzilmalarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun taklifnomalar yuborilgani ma'lum qilindi.

Mavzuga oid