Fransiyaning Kale shahri yaqinidagi noqonuniy muhojirlarning noqonuniy lageri dushanba kundan boshlab buzila boshlandi. Muhojirlar boshqa markazlarga jo‘natilmoqda. Noqonuniy lagerning buzilishi chegara munosabatlarini me'yorga soluvchi Fransiya-Buyuk Britaniya Bitimiga mos keladi.

Buyuk Britaniya parlamentining Vikilar palatasida chiqish qilgan Ichki ishlar vaziri Ember Radd shunday bayonot berdi: “Lagerning buzilishi nafaqat bizning huquq va majburiyatlarga, balki milliy manfaatlarimizga ham mos keladi. Chunki, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadan muhojirlarning kelishi Fransiyaning mazkur bitimga amal qilishini savol ostiga qo‘yardi”.
2003 yilda London tashabbusi bilan Fransiya va Buyuk Britaniya o‘rtasida Buyuk Britaniyaga keluvchi muhojirlar oqimini tartibga soladigan bitim imzolangan edi. Bu hujjatga ko‘ra, parom yoki temir yo‘l orqali La-Mansh bo‘g‘ozidan o‘tuvchi muhojirlar Fransiya hududlarida tekshiriladi. Shu sababli ham Kale shahrida muhojirlarning noqonuniy lageri paydo bo‘lgan edi. Ular aynan Kale shahri orqali Buyuk Britaniyaga osonlik bilan o‘tishni mo‘ljallashgan.

Ayni damda noqonuniy muhojirlar lagerida bo‘lgan 2 ming 318 muhojir qonuniy tashkil etilgan markazlarga joylashtirildi. Ularning 1918 nafari balog‘atga yetmagan bolalardir. Muhojirlarni mamlakatdagi 80ta markazga eltish uchun 45ta avtobus jalb qilindi. Fransiya Ichki ishlar vaziri Bernar Kaznyovning aytishicha, Buyuk Britaniyaga yuboriladigan 400 nafarga yaqin o‘smir muvvaqat markazga joylashtirildi. Muhojirlarni ko‘chirish amaliyotlariga 1200 nafardan ortiq politsiya va jandarmeriya xodimlari jalb etildi. Berner Kaznyovning so‘zlariga qaraganda, Buyuk Britaniya balog‘atga yetmagan barcha muhojirlarni qabul qilishga rozi bo‘lgan. London muhojirlar bilan bog‘liq inqirozni hal qilish maqsadida Fransiyaga qo‘shimcha 40 million yevro ajratadi.

Lagerning buzilishini orziqib kutgan mahalliy aholi o‘z xursandchiliklarini yashira olmayapti. Ular endilikda tinch-oshoyishta hayot boshlanishiga umid qilishmoqda.

Bugungi kunda Kalega ko‘plab mehmonlar tashrif buyurmoqda. 450 nafardan ortiq jurnalist akkreditatsiyadan o‘tgan. Biroq ro‘yxatdan o‘tmagan jurnalistlar ham borligi sir emas. Umumiy hisobda shaharda 700 nafarga yaqin jurnalist faoliyat yuritmoqda.














