Shavkat Mirziyoyev: Ijtimoiy muammolarni hal etish uchun 15 dastur qabul qilinadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligi uchun O‘zLiDeP partiyasi nomzodi Shavkat Mirziyoyev, partiyaning shu yil 19 oktabrda bo‘lib o‘tgan s'yezdida qilgan ma'ruzasida mamlakatdagi ijtimoiy muammolarni hal etishga doir hukumat rejalarini e'lon qildi.
Nomzod bugungi kunda, hukumat tomonidan bu borada 15ta maqsadli dastur ishlab chiqilayotganini ma'lum qilgan edi. 24 oktabrda shulardan biri qishloq aholisining ehtiyoj va talablarini e'tiborga olib, Qishloq joylarda arzon uy-joylar qurish dasturi qabul qilindi. Unga ko‘ra, birgina kelgusi yilning o‘zida to‘rt xil yangi namunadagi, qulay va arzon, bir va ikki qavatli 15 mingta zamonaviy uy-joy barpo etish mo‘ljallanmoqda.
Bundan tashqari, 2017-2020 yillarda shahar joylarda 945 ta ko‘p qavatli uylar qurish dasturi loyihasi ishlab chiqilmoqda. Dasturga ko‘ra, Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida hamda yirik shaharlarda 50 mingga yaqin uy-joyga muhtoj oilalar uchun 5, 7 va 9 qavatli arzon uylar quriladi.
Kelajakda tasdiqlanadigan Qishloq aholi punktlarida ichimlik suvi tarmoqlarini kengaytirish va modernizatsiya qilish dasturi biz uchun g‘oyat dolzarb bo‘lgan muammolarni hal etishga qaratiladi. Bugungi kunda aksariyat joylarda odamlarni qiynab kelayotgan ana shu muammoni yechish maqsadida kelgusi besh yil davomida qariyb 9 ming kilometr ichimlik suvi tarmoqlari, 1 ming 400 ta quduq va 3 ming 600 ta suv inshooti quriladi va rekonstruksiya qilinadi.
Bu esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo, Samarqand, Toshkent, Xorazm viloyatlarida 3,2 million aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash va mamlakatimizda ushbu ko‘rsatkichni 67 foizdan 84 foizga yetkazish imkonini beradi. Shu maqsadda Moliya vazirligi huzurida “Toza suv” maxsus jamg‘armasi tashkil etiladi. Ushbu ustuvor vazifalarni amalga oshirish uchun hozirgi vaqtda Uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligini tashkil etish bilan bog‘liq chora-tadbirlar ko‘rib chiqilmoqda.
Bugungi kunda aholi va korxonalar tomonidan elektr quvvati yetkazib berish masalasida ko‘plab e'tirozlar mavjud ekanini ochiq tan olish kerak. Buning sababi shundaki, mamlakatimiz bo‘yicha 67 foiz past kuchlanishli elektr tarmoqlari eskirgan.
Besh yil davomida elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini yanada oshirish, 25 ming 300 kilometr past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilish, 5 ming 600 ta eskirgan transformator podstansiyalarini almashtirish nazarda tutilgan.
Navbatdagi dolzarb masala yo‘l-transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish bilan bog‘liq. Partiya nomzodining fikricha, bugungi kunda aksariyat qismi achinarli ahvolga kelib qolgan mintaqaviy va mahalliy ahamiyatga ega yo‘llarga ham e'tibor qaratadigan vaqt kelgan.
75 ming kilometr yoki 64 foiz ichki yo‘llarimiz ta'mirtalab ahvolda. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarining bir qismi hech qanday qoplamasiz, ya'ni tuproq yo‘llardir. Shuningdek, 9 ming 500 kilometr yo‘llarni rekonstruksiya qilish talab etilmoqda. Yangi dasturda umumiy foydalanishdagi 1 ming 700 kilometrlik avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish mo‘ljallanmoqda.
Shuningdek, aholimiz uchun o‘ta muhim bo‘lgan 10 ming 400 kilometrlik xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llarini, shaharlar, tuman markazlari, kichik shaharchalar va qishloq joylardagi mahalla ko‘chalarini kapital va joriy ta'mirlash rejalashtirilmoqda. Ushbu dasturni amalga oshirish uchun Moliya vazirligi huzuridagi Yo‘l jamg‘armasini va “O‘zavtoyo‘l” kompaniyasining tashkiliy tuzilmasini mutlaqo tubdan qayta ko‘rib chiqiladi.
Qishloqlar va shaharlarda transport xizmatini yanada yaxshilash dasturi ham ishlab chiqiladi. Bu dasturga asosan 74 ta avtovokzal va avtostansiya rekonstruksiya qilinadi va yo‘lovchilarga qulay shart-sharoitlar yaratilib, ularning xavfsizligini ta'minlash choralari ko‘riladi. Yangi 3 mingta avtobus, 5 ming 700 ta mikroavtobus sotib olinib, 300 dan ortiq yangi avtobus yo‘nalishlari ochiladi va mavjud yo‘nalishlardagi eskirgan avtobuslar yangilanadi.
Shu bilan birga, havo va temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida avvalo, Toshkent xalqaro aeroportining yangi terminalini barpo etish ishlari yakunlanadi. Shular qatorida Buxoro – Miskin temir yo‘l tarmog‘i qurilishini yakuniga yetkazish va elektrlashtirish, Qarshi – Termiz, Pop – Namangan – Andijon – Qo‘qon temir yo‘llarini elektrlashtirish ishlari ham ko‘zda tutilmoqda.
Qattiq maishiy chiqindilarni sanitariya yo‘li bilan tozalash va utilizatsiya qilishni yanada yaxshilash dasturi shaharlarimiz va qishloq aholi punktlarining tozaligi va go‘zalligini oshirish, atrof-muhitni zaharlaydigan va aholi salomatligi uchun xavf tug‘diradigan, noqonuniy paydo bo‘lgan 1,5 mingta chiqindixonani yo‘q qilish imkonini beradi.
Ayni vaqtda maishiy chiqindilar uchun, jumladan, barcha viloyatlar markazlarida hamda yirik shaharlarda 168 ta poligon barpo etiladi. Chiqindilarni tozalash bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar qo‘shimcha ravishda 405 ta zamonaviy maxsus texnika bilan ta'minlanadi.
Prezidentlikka nomzod e'tibor qaratgan yana bir muhim masala – ko‘mirning tannarxi va aholiga sotish narxini kamaytirish, ayniqsa, qish paytida uning bahosi oshishiga va chayqovchilikka yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rishdir.
Ko‘mir ishlab chiqarishning hozirgi hajmi, afsuski, mavjud talabni to‘liq qondirish imkonini bermayapti. Bosh vazirning aytishicha, o‘tgan davr mobaynida mamlakatimiz bo‘yicha ko‘mir mahsuloti yetkazib berish rejasi 35 foizga, aholini ta'minlash bo‘yicha esa 17 foizga bajarilgan, xolos.
Shu sababli aholiga ko‘mir yetkazib berish tizimini takomillashtirish, uning narxi sun'iy ravishda oshib ketishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amalga oshiriladi.
Ijtimoiy siyosatning muhim yo‘nalishi bo‘lgan maktabgacha ta'lim-tarbiya tizimining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash e'tiborimiz markazida bo‘ladi. Jumladan, davlatga qarashli 1 million 109 ming o‘rinli 2 ming 200 ta bolalar bog‘chasini qurish, kapital ta'mirlash va jihozlash masalalari hal etiladi.
Sog‘liqni saqlash sohasini yanada isloh qilish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini tubdan oshirish maqsadida yaqin kunlarda qishloq vrachlik punktlari, tez tibbiy yordam stansiyalari, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha, shuningdek, xususiy tibbiyot muassasalarini rivojlantirish bo‘yicha Hukumatning 4 ta qarori loyihasi tayyorlanmoqda.
Bundan tashqari, yoshi ulug‘ insonlar, yolg‘iz keksalar va imkoniyati cheklangan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish dasturi tayyorlanmoqda. “Nuroniy” jamg‘armasining maqomi va mavqeini ko‘tarish, uning tuman, viloyat va respublika tuzilmalarining shtat birliklarini ko‘paytirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida ahamiyat beriladi.
O‘zLiDeP nomzodining so‘zlariga ko‘ra, hukumat ko‘plab dasturlarni qabul qilmoqda, lekin ularni amalga oshiradigan, tashabbuskor va vatanparvar, yuqori malakali kadrlar yetarlimi? Oliy o‘quv yurtlarida tayyorlanayotgan mutaxassislar bunday ulkan vazifalarni bajarishga qodirmi? Ularga ta'lim berayotgan o‘qituvchi va professorlarning bilim va malakasi davr talabiga javob beradimi?
Shavkat Mirziyovning ta'kidlashicha, mamlakat hukumati bu yo‘nalishdagi ishlarimizni tanqidiy baholagan holda, 2017-2021 yillarda Oliy o‘quv yurtlari tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etiladi.
Bugungi kunda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, Internet tizimini keng rivojlantirmasdan turib, mamlakatni modernizatsiya qilish va yangilash, barqaror taraqqiyotga erishish haqida so‘z yuritish mumkin emas.
Hayotning eng muhim jabhalari uchun yuksak texnologiyalar, ilmiy ishlanmalar yaratish, malakali mutaxassislar tayyorlash, jahon axborot texnologiyalari bozorida munosib o‘rin egallash masalasiga ustuvor ahamiyatga ega vazifa sifatida qarash zarur.
Ayni vaqtda axborot-kommunikatsiya sohasidagi oxirgi yutuqlarni o‘zlashtirish bilan birga, yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirishga, ularni kitob bilan do‘st bo‘lishiga, aholining kitobxonlik saviyasini yanada oshirishga alohida e'tibor qaratish lozim bo‘ladi.
Buning uchun, avvalo, milliy adabiyotimiz va jahon adabiyotining eng sara namunalarini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish va ularni keng targ‘ib qilishga alohida e'tibor berish muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zining noyob iste'dodi va mahoratini xalqimiz ma'naviyatini yuksaltirishga bag‘ishlagan, inson qalbining muhandislari bo‘lgan ijodkor ziyolilarga doimiy e'tibor masalasi dasturda alohida o‘rin egallaydi.
Ijodiy tashkilotlar, badiiy uyushmalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning moddiy-texnik bazasini, infratuzilma tarmoqlarini mustahkamlash ishlariga e'tibor yanada kuchaytiriladi.
Shavkat Mirziyoyev bunday e'tibor va amaliy g‘amxo‘rlik nafaqat ijod ahliga, ayni paytda, jonkuyar o‘qituvchi va domlalarga, tibbiyot xodimlariga, harbiy xizmatchilarimiz va huquq-tartibot posbonlariga, davlat byudjyetidan maosh oladigan barcha fidoyi yurtdoshlarimizga taalluqli ekanini alohida ta'kidlagan.
O‘zbekiston Prezidenti v.b. Shavkat Mirziyoyev eng muhim va dolzarb masalalardan biri – yuksak ma'naviyatli, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarga, o‘z mustaqil fikriga ega bo‘lgan yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashdan iborat ekanini qayd etib, yoshlarning qalbi va ongida mafkuraviy immunitetni kuchaytirish bilan bog‘liq vazifalarga qisqacha to‘xtalgan.
Avvalambor, “ommaviy madaniyat” ko‘rinishida kirib kelayotgan turli tahdidlar, giyohvandlik, diniy ekstremizm, missionerlik kabi balo-qazolardan yoshlarni asrash, ularning ta'lim-tarbiyasiga har bir kishi mas'ul ekanini hech qachon unutmaslik zarur.
Shu sababli, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati faoliyati bugungi kunning o‘tkir talablari nuqtai nazaridan tanqidiy ko‘z bilan qayta ko‘rib chiqiladi.
Avvalo, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining o‘zini mustahkamlash, uning mamlakatimizdagi barcha yoshlar chin dildan intiladigan tashkilotga, ortiqcha tadbirlar o‘tkazish va rasmiyatchilik ko‘rinishlaridan xoli bo‘lgan, yoshlar manfaatlarining haqiqiy himoyachisiga aylanishiga erishish zarur. Uning joylardagi tuzilmalari faoliyatini, xususan, shahar va tumanlarda, uzoq qishloq va mahallalarda uyushmagan yoshlar o‘rtasida olib boriladigan ishlarni kuchaytirish bo‘yicha katta vazifalar bajariladi.
Yoshlar bilan ishlash masalasi ijtimoiy siyosatning ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib, bu borada keng ko‘lamli chora-tadbirlar dasturi amalga oshiriladi.
Mavzuga oid
19:32 / 07.11.2024
Tramp O‘zbekiston bilan munosabatlarni qanday olib boradi?
17:48 / 06.11.2024
«O‘zbekiston qit’alarimiz chorrahasida joylashgan va global aloqalarimiz markazida bo‘lishi lozim» - Ursula fon der Lyayyen
09:22 / 06.11.2024
“Natijalarni uzoq kutmaymiz, kechqurun g‘olibni e’lon qilishadi” – amerikalik professor saylov haqida
21:49 / 04.11.2024