Jahon | 08:44 / 05.11.2016
7059
2 daqiqa o‘qiladi

WikiLeaks informatori yana o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘ldi

Foto: © AP

AQShda qamoq jazosini o‘tayotgan WikiLeaks tashkiloti informatori, sobiq harbiy Bredli Menning bir necha oy ichida ikkinchi marta o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘ldi. Bu haqda uning advokati Cheyz Strenjio 4 noyabrda Reuters axborot agentligi ma'lum qildi.  

AQShdagi eng nufuzli huquqni himoyalovchi tashkilotlardan biri – Amerika fuqarolik erkinliklari himoyasi ittifoqining xodimi bo‘lgan advokatning aytishicha, Menning bir kishilik kameraga qaytarilgandan keyin 4 oktabrda o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan. Advokat voqea tafsilotlariga berilmadi va Menning hali ham turmada ekanligini aytdi. Menning birinchi marta iyulda, unga tibbiy yordam ko‘rsatish rad etilgandan keyin o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan.

Menning advokati AQSh ma'muriyatini og‘ir depressiyadan aziyat chekayotgan Menningga yetarlicha e'tibor qaratishni rad etayotgani uchun keskin tanqid qildi. Advokatning aytishicha, Menningni omon qolishga urinishi uchun jazolagandilar, endi esa o‘lishga urinishi uchun jazolamoqdalar.

Quruqlikdagi qo‘shinlar birinchi toifadagi askari unvoniga ega bo‘lgan Menning 2010 yilda Kuvaytdagi AQSh harbiy bazasida hibsga olingan va 2013 yilda josuslik va davlat mulkini o‘g‘irlash aybi bilan 35 yillik qamoq jazosiga tortilgan. U WikiLeaks’ga 700 mingdan ko‘proq harbiy va diplomatik hujjatlarni hamda AQShning Iroqda 2009-2010 yillardagi harbiy operatsiyasiga taalluqli videofayllarni topshirgan.

 

Mavzuga oid