Jamiyat | 17:45 / 21.12.2016
35566
6 daqiqa o‘qiladi

Parallel spektakl (Anqaradagi qotillik haqida)

Foto: AFP

Anqara. Birozdan keyin yangi galereyaning ochilish marosimi boshlanadi. Unga Turkiyadagi diplomatik korpus vakillari va bir qator mamlakat elchilari taklif etilgan. Tashkilotchilik yuqori darajada. Tashrif buyurganlar ma'naviy xordiq chiqarib, xursand bo‘lishlari kutilmoqda.

Moskva. Birozdan keyin qayta ta'mirdan chiqqan yoshlar teatri yana ochiladi. Uning qayta ochilishiga Rossiya prezidenti Vladimir Putin kelishi kutilmoqda. Tashkilotchilik yuqori saviyada. Teatr vakillari tomoshabinlarga ajoyib asar – Aleksandr Griboyedovning pesasi asosida ishlangan spektaklni namoyish qilishadi. Asar bundan 200 yil oldin yozilganiga qaramay, hamon muxlislar uni maroq bilan tomosha qilishadi.

OShKORA QOTILLIK
Siyosiy o‘yinlar va terrorizm oldida inson sariq chaqaga qimmat “piyoda” ekani yana bir bor isbotlandi. Anqarada Rossiyaning Turkiyadagi elchisi Andrey Karlov o‘ldirildi. Vaxshiylarcha, butun dunyoning ko‘z o‘ngida o‘ldirildi. Qotil derazadan kirib kelgani yo‘q, vertolyotdan turib, bino tepasiga kelib o‘q uzmadi. Snayperdan otgani ham yo‘q. Karlov nutq so‘zlayotganda uning ortida jimgina turdi va bamaylixotir cho‘ntagidan to‘pponchani chiqarib, o‘ljasini otib tashladi. Bir necha daqiqa "ma'ruza" qilishga ham ulgurdi.

Ruslar buni Turkiya tomon qilmaganiga har qancha ishonganday ko‘rinmasin, oraga sovuqlik tushgani bor gap. Endigina aloqalar yaxshilangan va bundan ayniqsa ikki davlat fuqarolari xursand bo‘lgan bir vaqtda bu voqea hammasini rasvo qilayozdi. Uni terrorchilar uyushtirgani aniq, lekin kim buyurtma bergan? Bundan kim yutadi? Mana shu savol barchaning boshini qotirgan, lekin bundan kimga naf bo‘lsa ham, INSON yutqazadi.

Inson unga in'om etilgan jonni qadrlashi, asrashi kerak. Bu boshqalarga ishonchsizlikdan darak bermaydi. Bizga jonimizni xatarga qo‘ymaslik buyurilgan. Yevropada nechta terakt uyushtirilmasin, barchasida deyarli bir xil o‘xshashlik bor: xavfsizlik NOL darajada. Belgiyadagi seriyali teraktlarni eslang, jinoyatchi aeroportning yo‘lovchilarni ro‘yxatga olish joyigacha avtomat bilan kirib borgan. Kameralarga “muhrlanib”, qochishga ham ulgurgan. Hech qayerda uni na politsiya, na maxsus radarlar to‘xtatgan. Bu yevropaliklarning aqldan ozganidan darak bermaydimi? Ular uchun o‘zini asrash degan tushuncha bormi o‘zi? Parijdagi teraktdan keyin 100 minglab odamlar bir joyga to‘planib, miting uyushtirdi. Ularni na kimdir tinchlantirdi, na qo‘riqladi. Go‘yoki bu – odamlarning erkinliklari. Belgiyadagi teraktlarning asosiy tashkilotchisini himoya qilish uchun Fransiyaning eng mashhur advokatlaridan biri biriktirildi. Yevropa o‘z fuqarolarini qirgan qotilni o‘zining eng yaxshi huquq bilimdoni bilan himoya qildi. Shu-mi inson huquqlari? Norvegiyada 77 nafar bolani otib tashlagan Breyvik ismli qotil turmadagi sharoitlardan nolib, qamoqxonani sudga berdi. Bahonalarni qarang: qahva olib kelunguncha sovib qolyapti, narigi xona shovqinli, internetning tezligi yomon, derazamdan xunuk manzara ko‘rinadi. Uch xonali lyuksda yotgan qotil shunday shikoyat qilsa, buning nomini inson huquqlari deyishadimi?

Karlovning qotili kamida 10 soniya timirskilanib, cho‘ntagidan to‘pponcha oldi. Buni nahotki payqashning iloji bo‘lmasa? Butun boshli elchini o‘ldirish shunchalik osonmi? Uni kim kiritgan, kim ro‘yxatga olgan? Bir necha oy oldin ishdan ketgan politsiyachi binoni qo‘riqlash uchun jalb qilinmaydi-ku. E'tiborlisi, o‘sha qotil qo‘lga olish o‘rniga otib tashlangan. Butun boshli politsiya to‘pponchasidagi barcha o‘qni Karlovning tanasiga qadagan qotilni tiriklayin ushlay olmabdi-da? Bularning hammasi tasodifmi? Bu qotillik shundayin ochiq amalga oshirildiki, go‘yoki undan barcha xabardorday. Bechora Karlovdan boshqa…

IKKINChI PARDA
Moskvadagi spektaklga borish Vladimir Putinga nasib qilmadi. Turkiyadan kelgan sovuq xabar barchasini o‘zgartirib yubordi. O‘sha kuni yoshlar teatri o‘zining qayta ochilishiga “Gore ot uma” asarini sahnalashtirdi. Bu asar haqida hech narsa bilmayman, lekin bir narsa aniq – uning muallifi Aleksandr Griboyedov Rossiyaning Erondagi elchisi bo‘lgan va uni 1829 yilda otib o‘ldirishgan. Bu ham tasodifmi? Kechirasiz, lekin ko‘payib ketdi. Buyog‘i “If qal'asi mahbusi”dagi chaqaloqning ko‘milish sahnasini eslatib yubordi. Ko‘pchilik terrorchilarni soqoli o‘sgan, eski kiyimlar kiygan, har yerda baqir-chaqir qiladigan bedavolar deb o‘ylaydi. Yo‘q. Ular har yerda, har qanday ko‘rinishda bo‘lishi mumkin. Anqaradagi qotil chiroyli kostyum-shim, galstukda edi. Uni ko‘rganlar kamida diplomat deb o‘ylardi, lekin mana shu “olifta” butun boshli mamlakatlarning taqdiriga daxldor qotillikni amalga oshirdi. Terrorchilarning safida olimlar, harbiylar, iqtisodchilar, hattoki kimyo qurolini yasay oladigan insonlar bor. Ular ma'naviy xurujlarini ham doim bir xil yo‘l bilan amalga oshirmaydi. Ko‘zni kattaroq ochmagan inson aldanib qolishi hech gap emas. Ular qayerda qanday ko‘rgazma bo‘lishi-yu, qaysi spektaklning muallifi qanday o‘lganigacha bilishadi. Ha, ular qotil, xayoliga odam o‘ldirishdan boshqasi kelmaydigan axmoq, lekin dushmanni kuchsiz deb o‘ylagandan kuchliroq deb tasavvur qilgan xavfsizroq. Himoya shunga yarasha kuchli bo‘ladi.

Tinchligimizni Allohning O‘zi asrasin!

O‘tkir Jalolxonov
 

Mavzuga oid