Jahon | 10:04 / 13.01.2017
3929
2 daqiqa o‘qiladi

Kuba AQShning kubalik noqonuniy muhojirlar borasidagi qarorini qo‘llab-quvvatladi

foto : ria.ru

Kuba AQSh ma'muriyatining noqonuniy kubalik muhojirlarga bir qator imtiyozlar berishni bekor qilish haqidagi qarorini o‘ta muhim qadam deb qabul qildi. Bu haqda Kuba hukumati tomonidan berilgan bayonot matnida aytiladi.

Avvalroq Oq uy 20 yil avval amalga kiritilgan “nam/quruq oyoqlar” siyosatini to‘xtatishi haqida ma'lum qilgandi. Unga ko‘ra, istalgan kubalik muhojir AQSh hududiga noqonuniy ravishda kirib borishga muvaffaq bo‘lsa, bu yerda yashash huquqini qo‘lga kiritishi mumkin edi. Agarda uni dengizda tutib olishsa, Amerika hukumati uni Kubaga qaytarib yuborgan.

"AQSh va Kuba hukumatlari o‘rtasida 12 yanvar kuni imzolangan kelishuv - ikki tomonlama munosabatlarni ilgari surishda juda muhim qadamdir", - deyiladi Kuba hukumati bayonotida.

Ma'lumotlarga ko‘ra, AQSh kelajakda Kubadan qonuniy muhojirlikni davom ettiradi – yiliga kamida 20 ming kishi mamlakatda qabul qilinadi.

Ma'lumot uchun, AQSh va Kuba 2014 yilning oxirida munosabatlarni tiklash bo‘yicha ishlar boshlanganini ma'lum qilishgandi. O‘tgan vaqt davomida mamlakatlar o‘rtasida diplomatik munosabatlar tiklandi, AQSh prezidenti Barak Obama esa Havanaga tashrif buyurdi. AQSh Kubaga qarshi bir qator sanksiyalarni ancha yengillashtirdi, biroq yarim asrlik savdo embargosi hali-hamon kuchda.

Mavzuga oid