2017 yilning 8 yanvar kuni saytimizda “Chiroqsiz qolayotgan shahrisabzliklar yoxud ikki qo‘ldan chiqqan qars” deb nomlangan tahliliy maqola e'lon qilindi. Unda Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanidagi elektr ta'minoti bilan bog‘liq muammo ko‘tarilgan. Shu sabab bu masalaga yanada kengroq yondashishni maqsad qildik.

O‘zbekiston aholisini elektr ta'minoti bilan to‘liq ta'minlash bugunning asosiy masalalaridan biriga aylandi. Bu haqida maqolalar yozilmoqda, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalar bo‘lib o‘tmoqda. Har bir muammoning tub mohiyatiga yetib borish va uni hal etish uchun, avvalo, unga xolis yondashmoqlik talab etiladi. Bu nega kerak? Chunki hech kim “Ayb bizdan o‘tibdi, uzr”, demaydi. Shu sabab borini, o‘z holicha o‘rganish, eshitish, hal etish zarurdir. Jumladan, elektr ta'minoti muammosini ham.

Tanganing birinchi tomoni

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, Qashqadaryo viloyati, xususan, Shahrisabzdagi elektr ta'minotining yomonlashgani haqida maqola chiqargan edik. U keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ammo masala hamon ochiqligicha turibdi. Bu ishlar, albatta, tezda hal etilmaydi. Xo‘sh, unda qachon? Aniq muddat-sanasi bormi? Shu masalaga yanada chuqurroq “sho‘ng‘ish uchun” Qashqadaryo hokimiyati bilan bog‘landik. Ulug‘bek Avazov degan mutaxassis mavjud imkoniyatni imkoni boricha tushuntirib o‘tishga harakat qildi.

“Qashqadaryo viloyatining elektr ta'minotidan qarzi 460 milliard so‘mni tashkil etadi. Viloyatning elektr energiyasi bo‘yicha kunlik sarf-xarajati 3 milliard so‘mdan iborat. Shundan 1,3 milliardi aholi ehtiyojiga sarflanadi. Ammo aholi tomonidan qish mavsumida elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojning oshib ketishi sabab, bu qiymat yanada ko‘tariladi. Eng achinarlisi aholining o‘z qarzdorligini yopishni istamaydi. Masalan, qishning sovuq kunlarida xonadonlarni isitish uchun elektr pechkalaridan foydalanishga to‘g‘ri keladi. Bu esa mavjud elektr ta'minotining belgilangan limitidan oshib ketishiga sabab bo‘ladi. Buning oldini olish maqsadida aholiga 1 tonnasi 126 ming so‘m bo‘lgan ko‘mir sotilmoqda. Ushbu ko‘mirni uzoq muddatga yoqsa bo‘ladi, ammo 126 ming so‘mlik elektr energiyasi bilan hech qancha muddatga uyni isitib bo‘lmaydi. Qolaversa, bu ham nasiya qilinadi”.

“Yana bir gap”, - deydi mutaxassis. “Hukumatimiz tomonidan qabul qilingan qarorga muvofiq elektr tejovchi lampochkalardan foydalanish zarur. Bu ham iste'molchiga, ham davlatga foydalidir”.