Jahon | 20:12 / 02.03.2017
8095
3 daqiqa o‘qiladi

Husni Muborakning advokati mijozini oqlovchi muhim dalilini keltirdi

© AP Photo

Misr sobiq prezidenti Husni Muborakning advokati Farid ad-Dib kassatsiya sudi yig‘ilishi vaqtida eslatib o‘tdiki, 2011 yil yanvarida tinch aholi vakillariga uyushtirilgan hujumlar bo‘yicha bundan oldin bo‘lib o‘tgan sud jarayonlarida "Musulmon birodarlar" a'zolari ayblangandi.

"Al-Fajr" gazetasida yozilishicha, advokat Muborakning himoyasi yutib chiqishi kerakligi, chunki unga qo‘yilayotgan ayblar bilan ayblangan IIVning sobiq rahbari Habib al-Adliy va uning yordamchilari to‘la oqlanganganini aytib o‘tgan.

"Bundan oldingi ko‘plab jinoiy ishlar bo‘yicha sud jarayonlarida, apellyatsiya va kassatsiya sudlarida politsiya namoyishchilarga hujumlarga aloqador emasligi isbotlangandi. Sud bunday hujumlar uchun "Musulmon birodarlar" tashkilotini hamda xorijiy kuchlarni aybdor deb topgan", deya eslatadi advokat.

Husni Muborakning o‘zi sud majlisi vaqtida o‘ziga qo‘yilayotgan barcha ayblovlarni to‘la inkor etgan.

Misr kassatsiya sudi Muborak uchun bu ishdagi oxirgi bosqich hisoblanadi va u bu sud hukmidan shikoyat bilan murojaat eta olmaydi.

Eslatib o‘tamiz, 2012 yil 2 iyunida Misr sobiq prezidenti Husni Muborak va IIVning sobiq rahbari Habib al-Adliy umrbod ozodlikdan mahrum etilgan edi. Qohira sudi 2011 yil yanvaridagi inqilob vaqtidagi tinch aholining o‘limiga ularning aloqadorligi isbotlangan, deb hukm chiqargan edi.

Biroq 2013 yilning yanvarida jinoyat ishlari bo‘yicha Misr sudi hukm ustidan Muborakning advokatlari bergan apellyatsiyani qanoatlantirdi. 2014 yilning noyabrida esa Muborak va uning o‘g‘illaridan namoyishchilar o‘limi va korrupsiya jinoyatlari bo‘yicha barcha ayblovlar olib tashlandi.

IIVning sobiq rahbari va uning yordamchilari ham oqlandi, biroq bu qaror Misr aholisining keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng Bosh prokuratura, sud ishi davomida protsessual qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilganini ma'lum qilib, sud hukmi ustidan shikoyat qildi. Ko‘p o‘tmasdan Misr sudi Husni Muborakni oqlash haqidagi hukmni bekor qilgandi.

Mavzuga oid