Maqsad xalqning og‘irini yengil qilishmi yoki...

Foto: Kun.uz
2017 yil 7 aprel kuni “Jamiyat” gazetasida “Maqsad odamlarni ish bilan ta'minlashmi yoki ustidan kulish?” sarlavhali maqola e'lon qilindi. Unda Tashqi migratsiya agentligi bilan bog‘liq masalalar haqida so‘z yuritilgan. Quyida ushbu maqola e'tiboringizga havola etiladi.
Mehnat vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining ma'lum qilishicha, ayni paytda o‘zbekistonliklar dunyoning o‘ttizga yaqin mamlakatida xususiy mehnat shartnomasi asosida mehnat qilishmoqda. Bundan tashqari, davlatlararo, hukumatlararo kelishuvlar, bitimlar doirasida yurtdoshlarimizning Janubiy Koreya, Yaponiya, Polsha, Rossiyada ishlashiga sharoit yaratilgan. Jumladan, 2006 yili O‘zbekiston hamda Koreya Respublikalari Mehnat vazirliklari o‘rtasida Janubiy Koreyaga bandlikka ruxsat berish (erkin yollash) tizimi bo‘yicha ishchi yuborish to‘g‘risida Memorandum imzolangan bo‘lib, mazkur kelishuvga binoan 2007—2016-yillar davomida 27 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi Koreya Respublikasida ishga yuborilgan. Shundan 17 ming nafari hozir mehnat faoliyatini davom ettirmoqda.
Memorandumga asosan Janubiy Koreyada ishlashga boruvchilarga nisbatan bir qancha talablar qo‘yilgan. Xususan, nomzodlar 19—39 yoshda, sog‘lom, sudlanmagan, muqaddam Koreya Respublikasida chiqarib yuborilmagan bo‘lishi hamda koreys tilini so‘zlashuv va fikrini tushuntira olish darajasida bilishi lozim. Nomzodlarning koreys tilini bilish darajasi koreys tili bo‘yicha o‘tkaziladigan test sinovlari orqali aniqlashtiriladi. Bu Koreya tomonining talabidir.
Mana, bir necha yildirki, koreys tili bo‘yicha o‘tkaziladigan test sinovlari yurtdoshlarimizning ko‘plab e'tirozlariga sabab bo‘lib keladi. O‘tgan vaqt davomida test sinovlarida qatnashish huquqini beruvchi hujjatni pullash, imtihon natijalari soxtalashtirish, mansab vakolatlarini suiiste'mol qilish kabi ko‘plab noxushliklar kuzatilgan va huquq-tartibot organlari tomonidan qonunbuzarlarning jinoiy qilmishlariga ma'lum ma'noda chek qo‘yilgan edi. Ana shu muammolar, shuningdek, turli qalloblik va firibgarliklarning oldini olish maqsadida ro‘yxatga olish va test tizimi elektronlashtirildi. Biroq bu ham masalaning yechimi bo‘ldi, deb aytolmaymiz. Ayniqsa, joriy yilgi sinovlarda kuzatilgan kamchiliklar buni yaqqol ko‘rsatib berdi.
TeXNIK KAMChILIKLAR
“Janubiy Koreyaga bandlikka ruxsat berish (erkin yollash) tizimi bo‘yicha ishchi yuborish to‘g‘risida”gi Memorandumga asosan test sinovlarida qatnashuvchilarni ro‘yxatga olish Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi zimmasiga yuklatilgan. Shunga ko‘ra 2017 yilning 22 mart kuni agentlik rasmiy saytida Koreyaga ishga borish istagida bo‘lgan fuqarolar onlayn ro‘yxatga olinishi haqida xabar qilindi. Xabarda ro‘yxatga olish ikki bosqichda o‘tkazilishi aytilgan bo‘lib, 27-28 martga mo‘ljallangan birinchi bosqichda nomzodlar onlayn ravishda anketa to‘ldirishi, 29-30 mart kunlari bo‘ladigan ikkinchi bosqichda esa koreys tilidan onlayn savol-javobda ishtirok etishi belgilangandi. Shunday bo‘ldi ham.
Kutilganidek, bir necha o‘n minglab fuqaro o‘z omadini sinab ko‘rish maqsadida ro‘yxatdan o‘tishga kirishdi. Biroq tashrif buyuruvchilarning ko‘pligi bois birinchi kunning avvalidayoq sayt qotib qoldi. Muammoni bartaraf etish maqsadida ro‘yxatga olish bir necha marta ortga surildi. Biroq keyingi kunlarda ham vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarmadi.
Onlayn savol-javoblar avvaldan e'lon qilingan vaqt (soat 9:00)da ishlay boshlamadi. E'longa ko‘ra familiyasi A harfi bilan boshlanuvchilar soat 9:00 dan 11:00 gacha sinovdan o‘tishi kerak edi. Ammo saytga kirganlar “Sabr qiling, hozir 5 ming odam test topshirayapti, 20 daqiqadan keyin navbatingiz keladi!”, — degan ogohlanlantirishga duch kelishdi. Qolaversa, garchi ro‘yxatga olingani to‘g‘risida xabarnomasini saqlab qo‘ygan bo‘lsa ham, ko‘pchilik savol-javoblarda qatnasha olmadi. Bir qancha odamlar ro‘yxatdan o‘tish paytidagi login-parolini qayta-qayta kiritmasin, sayt ularning noto‘g‘ri ekanini ko‘rsataverdi.
Shu o‘rinda bir mulohaza. Talabgorlarning soni ko‘p bo‘lishi oldindan ma'lum edi, shunday emasmi? 2007 yildan beri fuqarolarni Janubiy Koreyaga ishga yuborayotgan agentlik mutasaddilarining buni bilmasligi mumkin emas. Har holda so‘ngi yillar tajribasi asosida talab ko‘p bo‘lishi, bu esa onlayn ro‘yxatdan o‘tish chog‘ida sayt xostingi va serveriga katta og‘irlik yuklashini oldindan taxmin qilsa bo‘lardi. Biroq mas'ullar yo buni bilishmagan, yoki bilishsa ham parvolariga keltirishmagan. Har holda yuzaga kelgan muammolar shunday xulosa chiqarishga undaydi.
NO‘NOQLIK BILAN TUZILGAN SAVOL-JAVOBLAR
Ko‘pchilik katta qiyinchilik bilan ro‘yxatdan o‘tib, og‘zi endi oshga yetganda boshqa muammo bilan ro‘baro‘ kelishdi. Gap shundaki, ro‘yxatga olish jarayoninining ikkinchi bosqichida ishtirokchilarga tarix, adabiyot, ona tili, kimyo, fizika, huquq, geografiya, biologiya kabi fanlar asosida tuzilgan savollar berildi. Ishtirokchilarni savollarning o‘zbek, javoblarning esa koreys tilida bo‘lganidan ham ko‘ra ularning saviyasi ko‘proq ajablantirdi. Quyida 1-2 aprel kunlari tushgan ayrim savollarni keltirib o‘tamiz:
- — Subekvotorial iqlim mintaqasida qaysi fasllar shakllangan?
- — Nosir Xisrav 7 yil davom etgan 2 ta sayohatda qancha masofani bosib o‘tgan?
- — “Melioratorlar kunini aniqlang”
- — Yevroosiyo materigida aholi zichligi qanchani tashkil etadi?
- — “Qutadg‘u bilig”da dostonning asosiy voqeasi necha bobda ifoda etilgan?
- — Turkiston tog‘ tizmasining qanday balandliklarida archazorlar uchraydi?
- — O‘zbekiston Respublikasi va Belgiya Qirolligi o‘rtasida o‘zaro diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan kunni aniqlang.
- — To‘g‘ri yozilmagan so‘zlarni toping: valyuta, baynalmilal, hattot, afv, mutoala
- — “Halima enam allalari” she'riy to‘plami muallifini toping
- — Morguzar tog‘ining ayrim cho‘qqilari qancha balandlikkacha yetadi?
- — Mo‘g‘ul xoni Xubilay Xitoyni egallagach, bu yerda qanday sulolaga asos solgan?
- — O‘z umrini “bog‘ umrim” deb atagan shoir kim?
Taajjub! Ro‘zg‘orini but qilish, qora qozonini qaynatish uchun xorijga ishlashga ketayotgan odamning bu kabi savollarning javobini bilishi nima uchun yoki kim uchun kerak bo‘ldi ekan?! Ularga javobni bilgan bilan nima o‘zgaradi-yu, bilmasa nima bo‘ladi? Chet eldan ish izlayotgan yurtdoshlarimiz bu darajadagi ma'lumotga ega bo‘lishganida allaqachon o‘zimizda ish topgan yoki qaysidir oliy ta'lim muassasasida o‘qiyotgan bo‘lmasmidi?
Qolaversa, savollarning saviyasi ham haminqadar. Masalan, “Fitratning “Go‘zalim, bevafo bo‘stonim” she'ri qaysi shoir she'rlariga hamohang?” savolini olaylik. Birinchidan savol o‘ta mavhum. Sababi bu yerda ishtirokchi, avvalo, Fitratning ana shunday she'ri borligini bilishi, uning mazmunidan xabardor bo‘lishi, shu bilan birga, boshqa shoirlarning mohiyatan va ritmik jihatdan ushbu she'rga o‘xshash ijod namunalarini o‘qigan bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, ehtimoliy texnik nosozlik va boshqa noma'lum sabablarga ko‘ra bir qancha savollar yakunlanmay qolgan, so‘zlar tushib qolgan (“Qachondan Alyaska hududi “” nomi bilan atala boshladi?”), bitta savolga to‘rtta bir xil javob taqdim etilgan yoki javoblar ichida to‘g‘ri javob berilmagan holatlar kuzatildi. Mazmuni noaniq, jumlalari g‘aliz savollar haqida hech narsa demaymiz, bu savol mualliflarining vijdoniga havola.
Deylik, ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan savollardan biri (“Ahmad nechanchi yilda vafot etgan?”)ni olaylik. Har qanday o‘quvchida dastavval tug‘iladigan savol bitta: “Qaysi Ahmad?”. Bu o‘rinda qaysidir so‘zlarning tushib qolishi ortidan na savol va na javob to‘g‘ri emasdi. Yoki mana bu savolga e'tibor qarating: “ III bob nechta moddadan iborat?” Bu yerda nimaning necha bobdan iboratligiga aniqlik kiritilmagan. Agar konstitutsiya deb tushunilsa, III bob 2 moddadan iborat: 15-16 moddalar. Lekin javob variantida 2 raqami yo‘q. Bu vaziyatda test yechayotgan inson nima qilishi kerak? Testdan chiqib ketay desa boshqa imkon berilmaydi. To‘g‘ri javobni belgilay desa, to‘g‘ri javobning o‘zi yo‘q. Shu tariqa ko‘plab yurtdoshlarimiz bittagina imkoniyatlaridan adolatsizlarcha mahrum qilindilar.
Vaholanki, O‘zbekiston va Koreya Respublikalari Mehnat vazirliklari o‘rtasida tuzilgan memorandumda bunday savol-javoblar o‘tkazilishi haqida lom-mim deyilmagan. Fuqaro xorijga qonuniy yo‘l bilan ishlashga borish uchun yillar davomida tayyorlanib til o‘rgansayu, bunaqa to‘siqlarga duch kelaversa, dodini kimga aytsin?! Xo‘sh, buning uchun kim javob beradi? Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi O‘zbekiston fuqarolarini bu kabi sinovlar bilan qiynashi emas, balki chet elda qonuniy yo‘l bilan ishlashiga zamin yaratishi kerak emasmidi?! O‘tgan haftada ijtimoiy tarmoqlar ana shu mazmundagi e'tirozlarga, elektron OAV esa tanqidiy maqolalarga to‘lib-toshdi.
AGeNTLIK QANDAY IZOH BeRDI?
2017 yilning 3 aprel kuni Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligida OAV xodimlari uchun matbuot anjumani tashkillashtirildi. Unda 27-30 mart kunlari agentlik tomonidan Koreya respublikasida mehnat qilish istagini bildirgan o‘zbekistonlik fuqarolarni ro‘yxatga olish jarayoniga doir masalalar haqida batafsil ma'lumot berildi, jurnalistlarning savollariga javob qaytarildi, OAV, internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga munosabat bildirildi.
Agentlik rahbari Ulug‘bek Nazarovning ma'lum qilishicha, joriy yilda O‘zbekistondan Koreya Respublikasiga 3 ming kishi yuborilishi kerak. Shu yilning 27-30 mart kunlari Koreyada mehnat qilish istagida bo‘lgan 89 770 nafar fuqaro onlayn tarzda ro‘yxatga olingan. Koreya tomonining talabiga ko‘ra, shundan faqat 6 ming kishiga imtihonga kirishga ruxsat berilishi, ular esa belgilangan to‘lov (Markaziy bankning to‘lov kunidagi kursi bo‘yicha 24 AQSh dollari)ni to‘lashi kerak edi. Shu bois agentlik tomonidan 90 ming nafar nomzod ichidan 6 ming kishini saralab olish uchun yuqorida biz kamchiliklarini sanab o‘tgan onlayn savol-javoblar o‘tkazilgan.
Agentlik rahbari nomzodlarning ko‘pligi bois ro‘yxatga olish hamda onlayn savol-javob jarayonida texnik muammolar tufayli bir necha marta uzilishlar ro‘y berganini tan oldi. Yuzaga kelgan muammolarga dasturiy ta'minotdagi kamchiliklar hamda agentlikning rasmiy veb-saytiga nisbatan uyushtirilgan hakerlik (D-DOS) hujumlari sabab bo‘lgani, biroq uzilishlar o‘rni qoplangani, texnik muammolar natijasida ro‘yxatdan o‘ta olmaganlarga imkoniyat berish uchun anketalarni qabul qilish jarayoni 1-2-3 aprelda ham davom ettirilgani aytib o‘tildi.
U.Nazarov onlayn savol-javoblardagi kamchiliklar hamda ularni tuzuvchilar xususida ma'lumot berarkan, savollar agentlik vakillari tomonidan umumta'lim maktablari, litsey va kollej dasturlari bo‘yicha tuzilgan darsliklardagi ma'lumotlarga asosan tuzilgani, bu jarayondagi kamchiliklar mutaxassislar tomonidan dasturlash chog‘ida yo‘l qo‘yilgan xatoliklar natijasi bo‘lganini ma'lum qildi.
Tadbirda yurtdoshlarimizning e'tirozlari va OAVda e'lon qilingan maqolalardan so‘ng yuqorida kamchiliklari ko‘rsatib o‘tilgan savol-javoblar to‘laligicha saytdan olib tashlangani hamda ro‘yxatdan olishda qatnasha olmaganlarga 3 aprel kuni qayta imkoniyat berilgani bildirildi. Bu safar nomzodlar Koreya Respublikasi Mehnat vazirligi Koreya inson resurslarini rivojlantirish xizmati rasmiy saytidan olingan savollarga javob berishgan. Agentlik rahbarining qayd etishicha, bu shunchaki nomzodlarni ro‘yxatga olish va saralash bosqichi bo‘lib, talabgorlarning koreys tili bo‘yicha darajasini aniqlaydigan haqiqiy test jarayoni endi bo‘lib o‘tadi. Bu bosqich Toshkent shahridagi Inha universitetida joriy etilgan qabul imtihonlariga o‘xshash shaklda o‘tkaziladi, sinovlarga O‘zbekiston tarafi aralashmaydi, jarayon to‘liq Koreya tomoni vakillari nazoratida o‘tadi.
Ha, yana bir gap. Belgilangan imtihonlardan o‘tgan fuqaro darhol Koreyaga yuborilmaydi. U haqdagi ma'lumotlar Koreya bandlikka ko‘mak berish agentligi elektron bazasiga kiritiladi. Shundan so‘ng ikki yil mobaynida Koreyadagi birorta zavod yoki fabrika uning nomzodini tanlab, unga viza jarayoni boshlanishini kutadi. Uning nomzodi hech bir ish beruvchi tomondan tanlanmasligi ehtimoli ham mavjud.
XULOSA O‘RNIDA
Matbuot anjumanida Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi rahbarining bir fikri e'tiborni tortdi: “Ish bor joyda xato bor!” Chindan shunday. Ammo bu yo‘l qo‘yilgan xato kamchiliklarni xaspo‘slash orqali har safar suvdan quruq chiqib ketaverish mumkinligini anglatmaydi. Qariyb yuz ming odam ovora qilingani, ijtimoiy norozilikka sabab bo‘lgani uchun aybdorlar javob berishi kerak, nazarimizda. Shundagina bundan tegishli xulosa chiqariladi, xato takrorlanmaydi. Bundan tashqari, qisqa vaqt ichida agentlik xorijiy davlatlarda ishlash istagidagi fuqarolarni saralash va sinovdan o‘tkazish bo‘yicha mukammal tizimni amaliyotga tatbiq etadi degan umiddamiz.
Azamat Abdullayev
Mavzuga oid

19:01 / 20.02.2025
Rossiyaga chet elliklar oqimi pandemiyadan oldingi darajaga qaytdi

18:48 / 20.02.2025
Seulda Janubiy Koreya prezidenti ustidan sud boshlandi

17:34 / 20.02.2025
O‘zbekiston va Latviya mehnat migratsiyasi bo‘yicha bitim tayyorlashga kelishib oldi

13:26 / 20.02.2025