Ichimlik suvi ta'minoti tizimini rivojlantirish va modernizatsiyalash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar va maqsadli dasturlarni amalga oshirish asosida aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta'minlash O‘zbekiston ijtimoiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Yer osti suvlaridan oqilona foydalanishni nazorat qilish va ularni hisobga olishni yo‘lga qo‘yish, samarali monitoring tizimini yaratgan holda ularning zaxiralarini yanada ko‘paytirish, kamayib ketish va ifloslanishdan muhofaza qilish, shuningdek, respublika aholisini sifatli ichimlik suvi bilan ta'minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 4 may kuni "2017-2021 yillarda yer osti suvlari zaxiralaridan oqilona foydalanishni nazorat qilish va hisobga olishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaror qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

2017-2021 YILLARDA YeR OSTI SUVLARI ZAXIRALARIDAN OQILONA FOYDALANIShNI NAZORAT QILISh VA HISOBGA OLIShNI TARTIBGA SOLISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

Qayd etilsinki, uzoq muddatli istiqbolda ichimlik suvi ta'minoti tizimini rivojlantirish va modernizatsiyalash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar va maqsadli dasturlarni amalga oshirish asosida respublikamiz aholisini sifatli ichimlik suvi bilan ta'minlash ijtimoiy siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Keyingi yillarda respublikamizning aksariyat mintaqalarida aholini markazlashtirilgan ichimlik suvi bilan ta'minlash bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Hozirgi paytda 69 ta shahar, 335 ta posyolka va 2 902 ta qishloq aholi punktlari aholisining ehtiyojlari yer osti suvlari zaxiralari hisobiga qondirilmoqda.

Shu bilan birga, oxirgi 40-50 yilda sanoat va qishloq xo‘jaligining jadal rivojlanishi chuchuk yer osti suvlari holatiga salbiy ta'sir ko‘rsatdi, bu o‘z navbatida suv olish inshootlarining ruxsatsiz qurilishi va suvni nazoratsiz olish oqibatida konlardagi zaxiralarning 35 foizga qisqarishiga hamda ayrim manbalarda suv zaxiralarining tugashiga olib keldi.

Respublikamizning ayrim hududlarida yer usti suvlarini chiqarib tashlash tarmoqlari va drenaj tizimlarining qoniqarsiz holati, yer osti suvlari sathining intensiv ko‘tarilishi, shuningdek, rejali asosda gidrogeologik monitoring olib borilmaganligi oqibatida ayrim shaharlar va boshqa aholi punktlarida yer osti suvlari sathining ko‘tarilishi kuzatilmoqda.