Havaskor va professional boksda olamshumul sovrinlarni saralab olgan o‘zbek sportchisi Ruslan Chagayev yana qadrdon yurtiga keldi.
WBA tasnifi og‘ir vaznida jahon chempioni (2007-2009), WBA og‘ir vaznda muntazam jahon chempioni (2014-2016), havaskor boksning og‘ir vaznida ikki bor jahon chempioni (1997-2001), havaskor boks og‘ir vazn toifasida Osiyo chempioni – mana shunday yutuqlar egasi bo‘lgan bokschi bilan har qancha faxrlansak arziydi.
Ruslan ayni paytda yurtga qaytib, Andijonda bo‘lib turganida u bilan Kun.uz sayti muxlislari uchun dildan suhbat qurishni niyat qildik.
Videointervyu davomida jangchimiz o‘zi uchun yodda qolgan janglar, bolalik xotiralari, ustozlari, do‘stlari bilan bo‘lgan qiziq voqealar, oilasi va farzandlari haqida so‘zladi. Ruslan O‘zbekistonda o‘zining boks maktabi ochishi qanday amalga oshishi mumkinligi, Ramzan Qodirov bilan tanishish tarixi, boksning siru-asrorlarini qanday egallash yuzasidan berilgan savollarga javob berdi.
U bolaligi haqida gapirar ekan shunday dedi: “Boksga bo‘lgan muhabbatim bolaligimdan paydo bo‘lgan. Televizor orqali ko‘rgan janglarimdan zavqlanib, sportning shu turi bilan shug‘ullanishga ahd qilganman. Onamga bu haqda aytganimda, u kishi ehtiyot bo‘lgin, biror joyinga lat yetmasin, deganlar. Chamamda, boksni juda qo‘rqinchli sport, deb o‘ylaganlar shekilli. Mashg‘ulotlar boshlangach, barchasi oddiy emasligini, yaxshi natijaga erishish uchun tinmay mehnat qilish zarurligini anglab yetdim.

Mana, hozir uch o‘g‘lim bor. Kattasi boksga qiziqadi. U mendan mashg‘ulotlarda yordam berishimni so‘raydi. Ammo boks yo‘lida boshimdan o‘tgan qiyinchiliklar, aslida, boksning o‘zi mashaqqatli sport turi bo‘lganligi uchun, unga aytganman: “Agar niyating jiddiy bo‘lsa, kelajakda boksyor bo‘lmoqchi bo‘lsang, avval o‘qishingni a'lo qilgin. Ana undan so‘ng, mashg‘ulotlarga befarq qarama. Agar har ikki topshirig‘imni aytganimdek qilmasang, mendan qattiq so‘kish eshitasan (kuladi). Mana hozir bir kunda u bilan uch mahal mashg‘ulot o‘tkazamiz. O‘qishlari ham joyida”.
O‘zbek tilida yaxshi gaplashayotgani haqida aytganimizda, samimiy jilmaygancha: “Bilasizmi, men xorijda yurgan vaqtlarim u yerda o‘zbek tilida so‘zlayotgan biror kishi ko‘rsam, o‘zimning qadrdonimni ko‘rgandek bo‘lib ketardim. Mana, O‘zbekistonga kelgach, qarindoshlar, do‘stlar va hamkasblar bilan ko‘rishdik. Ular bilan shunday maza qilib o‘zbek tilida gaplashdimki, xuddi ichimdan bir nima toshib kelayotgandek his qildim o‘zimni. O‘zbek tilida so‘zlashish men uchun har doim zavq bag‘ishlagan”.















