O‘zbekiston | 13:43 / 07.06.2017
135030
12 daqiqa o‘qiladi

Ikki tomonlama yutish: «Ochiq» konvertatsiya sharoitida O‘zbekistonni nimalar kutmoqda?

O‘zbekistonda valyuta siyosatining erkinlashtirilishi haqidagi gap-so‘zlar o‘tgan yilning noyabr oyida paydo bo‘lgan edi. Prezidentning bu haqidagi qarorining loyihasi muhokama uchun davlat interaktiv xizmatlari yagona portaliga ham joylashtirildi. Ko‘pchilik qaror 2017 yilning boshida qabul qilinadi, deb o‘ylayotgan edi, biroq oradan mana yarim yil o‘tdiki, erkin konvertatsiya yo‘lida hozircha MBning rasmiy kursi haftasiga 20–30 so‘mdan oshib borayotganidan boshqa hech qanday qadam tashlanganini ko‘rayotganimiz yo‘q.

UZ24 ekspertlardan birini suhbatga chorlab, konvertatsiya «ochib» yuborilsa nimalar bo‘lishi va bundan kim yutishi haqida gapirib berishni so‘radi.

Xalqaro valyuta majburiyatlari

Mamlakatda konvertatsiya ochilishi uchun, o‘sha konvertatsiya deganlari avvalo yopilgan bo‘lishi kerak. O‘zbekiston 2003 yilning 15 oktabrida XVF ustavining sakkizinchi moddasiga ko‘ra, joriy operatsiyalar bo‘yicha milliy valyutani konvertatsiyalash majburiyatni olgan, o‘shandan beri bu majburiyatlardan rasmiy ravishda bo‘yin tovlamagan, imzosini qaytarib olmagan, de-yure (yuridik jihatdan) konvertatsiya bizda yopiq emas. Gap shundaki, mamlakat ayni paytda o‘z gardaniga olgan majburiyatlarni mutlaqo bajarmayapti. Bu majburiyatlarga ko‘ra O‘zbekistonga quyidagilar mumkin emas:

•  joriy xalqaro operatsiyalar bo‘yicha to‘lov va o‘tkazmalarni amalga oshirishga cheklovlar joriy qilish;
• biror-bir diskriminatsion valyuta bitimlarida qatnashish va unga yo‘l qo‘yib berish yoki ko‘plab ayriboshlash kurslari amaliyotidan foydalanish;

Bundan tashqari, Xalqaro valyuta fondiga a'zo bo‘lgan boshqa bir davlatdan mamlakat o‘zining milliy valyutasi qoldiqlari sotib olishni amalga oshirishga majbur.

2003 yil oxiridan 2008 yil o‘rtasigacha O‘zbekiston joriy operatsiyalar bo‘yicha milliy valyutani konvertatsiyalash bo‘yicha majburiyatlarni aniq va izchil amalga oshirib kelgan. Aynan shu yillari mamlakat eksporti chiroyli o‘sish ko‘rsatkichlarini ko‘rsatib, besh yil ichida uch martaga oshgan — 2,7 mlrd. dollardan 11,5 mlrd. dollarga yetgan. Shu davr ichida YaIM ham joriy narxlarda 2,8 marta oshgan, bu esa eksport hajmining o‘sishi va YaIM o‘sishi o‘rtasida ijobiy korrelyatsiya borligini tasdiqlaydi. Mamlakatning makroiqtisodiy muvaffaqiyatlari albatta, milliy valyutaning devalvatsiya, so‘ngra buning ketidan konvertatsiya qilinishi bilan bog‘liq bo‘lgan.

2008 yilgi jahon krizisining ta'siri

Dastlabki muammolar 2008 yili AQShda boshlangan jahon moliyaviy-iqtisodiy krizisi tufayli paydo bo‘la boshladi. Kelayotgan moliyaviy tahdidlar vaji bilan, boshqa rivojlanayotgan mamlakatlar, jumladan, qo‘shnilarimiz va asosiy savdo hamkorlarimiz ham tutgan yo‘l — milliy valyutani devalvatsiya qilish o‘rniga, avvaliga og‘zaki, so‘ngra byurokratik cheklovlar joriy etila boshlandi.

Avvaliga valyuta ayriboshlash shoxobchalarida jismoniy shaxslar uchun cheklovlar joriy etildi, so‘ngra xalq iste'moli mollari importi bilan shug‘ullanuvchi sub'yektlarga ham ruxsatga taqiq qo‘yildi, ko‘p o‘tmay investorlarning o‘z foydasini vataniga qaytarishi (repatriatsiya)ga ham navbat yetib keldi.

Bunga javoban darhol parallel bozor —  valyuta mablag‘larini olib chiqib ketish va ayriboshlashning gibrid sxemalari paydo bo‘ldi. Bu cheklovlarning barchasi mahalliy ishlab chiqaruvchi va ishchi o‘rinlarni tashqi ta'sirlardan himoya qilish shiori ostida joriy etilayotgan edi. Alal-oqibatda aynan ishlab chiqaruvchilar cheklovlardan eng ko‘p zarar ko‘rgan qatlam bo‘ldi, chunki ular texnologiyalarini yangilay olmay, import xom ashyosi xarid qilishda qiynala boshladi. Eksportchilar esa so‘mning bozorga oid bo‘lmagan kursi sun'iy ushlab turilganligi tufayli tashqi bozordagi raqobatchilariga yutqaza boshladi, ishchi o‘rinlar qisqara boshladi (eng katta migratsiya oqimi aynan erkin konvertatsiyaga cheklov joriy etilganidan keyingi yillarda ro‘y berib, jarayon hamon davom etmoqda).

Xatoning bahosi

2009–2014 yillarda mehnat migrantlaridan kelayotgan transferlar va pul o‘tkazmalari hajmining o‘sishi hukumatni yanglish to‘xtamga kelishga majbur qildi. Ular o‘zlari tomonidan joriy etilgan, konvertatsiyaga erkin ega bo‘lishni cheklash mexanizmi ratsional va ish berayapti, deb o‘ylay boshlashdi. Haqiqatdan ham, ko‘plab tadbirkorlik sub'yektlari va aholining valyutaga bo‘lgan talabini mehnat migrantlarining pul o‘tkazmalari qoplay boshladi, bu esa valyuta kursiga bosimni ancha pasaytirar, rasmiy va bozor kursi o‘rtasidagi farq 20–30 foiz atrofida saqlanib turilgan edi. Taassufki shartli konsensus 2014 yilgacha, ya'ni Rossiyaga nisbatan xorijiy sanksiyalar joriy etilganga qadar amal qildi. Endi esa biz yana 2000-yillar boshidagi vaziyatga tushib qoldik. Farqi shundaki, endi iqtisodiy o‘yinchilar va moliyaviy markazlar bozori karrasiga katta, mamlakat esa xalqaro iqtisodiyotga bog‘liq: o‘z-o‘zidan, xato va harakatsizlikning, ishni keyinga tashlashning bahosi juda ulkan bo‘ladi. 

O‘tgan marta, mamlakat bu muammo bo‘yicha irodali qaror qabul qilganida, konvertatsiya ochilishi uchun barcha jarayonlarga deyarli ikki yil vaqt ketgan edi. Chunki o‘shanda tegishli qonunchilik va me'yoriy hujjatlar bazasi yo‘q edi. Shuning uchun O‘zbekiston hukumati va XFV iqtisodiy va moliyaviy siyosat bo‘yicha memorandum imzolagan edi. Aynan shuning uchun joriy xalqaro operatsiyalar bo‘yicha milliy valyutani konvertatsiya qilishni ta'minlash bo‘yicha harakatlar Dasturi tasdiqlangandi. Hozir bularning barchasiga zaruriyat yo‘q. «Konvertatsiyani ochish» — bu valyutaga oid tartibga solish ishlarini qonunchilik maydoniga qaytarish, degani. Joriy operatsiyalar bo‘yicha milliy valyutani konvertatsiya etish bo‘yicha qabul qilingan majburiyatlarga aniq rioya qilinishi uchun siyosiy iroda kerak, xolos. Buni bugun ham, ertaga ham amalga oshirish mumkin.

Erkin konvertatsiya qanday muammolarni «yuzaga» chiqaradi?

Milliy valyuta konvertatsiyasi sehrli tayoqcha emas, aynan buning aksi. Erkin konvertatsiya yillar davomida to‘planib qolgan tizimli byurokratik muammolar, bizning gibrid va bozorli bo‘lmagan iqtisodiyotimizdagi nuqsonlar, nomutanosibliklarni aniqlab, yuzaga chiqarib beradi. Erkin konvertatsiyaning joriy etilishidan so‘ng bozor, strukturaviy va institutsional (samarali sud tizimi, mulk va huquqni himoya qilish, mustaqil bank tizimi, qonun ustuvorligi va hokimiyatning bo‘linganligi) islohotlarni o‘tkazmaslikning iloji yo‘q, chunki islohotlar o‘tkazmasdan ochiq bozor tomon harakat vaziyatni yanada og‘irlashtiradi, xolos. 

Birinchi navbatda davlat monopoliyalari va yillar davomida imtiyozli kursda valyuta xarid qilib kelgan korxonalar jabr ko‘rishadi. Bozor kursi bo‘lmagan kursda konvertatsiya — aynan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar va aholining hisobidan imtiyozga ega bo‘lishni bildiradi. Narx shakllanishi zanjirida bu imtiyoz uchun albatta so‘nggi iste'molchi, ya'ni siz va biz o‘z cho‘ntagimizdan to‘laymiz. Ular strukturasini o‘zgartirib, qisqartirishlar olib borishi, bozor relslariga o‘tishi yoki shunchaki yopilishga majbur bo‘lishadi. 

Bugungi kunda imtiyozli konvertatsiyaga ruxsati bor xususiy strukturalar erkin konvertatsiyadan qattiq larzaga tushishmaydi, shunchaki ularning ishlab chiqarishi va loyihalari rentabelligi qisqaradi. Superrentabelli tashkilotdan ular shunchaki, teng sharoitlarda ishlayotgan, raqobat qilayotgan rentabelli tashkilotga aylanishadi. 

Valyuta kreditlari olgan va uzoq muddatli loyihalarni amalga oshirayotgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga qiyin bo‘ladi. Erkin konvertatsiya sharoitida ularning loyihasi qiymati 2–3 barobar oshib ketishi mumkin. Shu sababli, samarasiz loyihalar va faqatgina imtiyozli konvertatsiya olish ilinjida tuzilgan loyihalar darhol yopilishi yoki shakli o‘zgartirilishi lozim bo‘ladi. 

«Konvertatsiyaning ochilishi»ga qarshi bo‘lganlar erkin konvertatsiya sharoitda xalqqa yomon bo‘lishi bilan qo‘rqitishadi. Aslo bunday emas. Yakuniy iste'molchilar — xalq esa har doim yakuniy iste'molchi bo‘lib kelgan — turli kurslar hukm surib turganda tovar va xizmatlarning, albatta, eng qimmat kursga qarab belgilangan narxida xarid qilishga mahkum, chunki narx hosil qilishda bozorning barcha ishtirokchilari eng maksimal kursga qarab belgilashadi — bu bozorning qonuni! Shu sababli erkin konvertatsiya sharoitida iste'mol narxlari bir necha karraga oshishi haqidagi cho‘chituvchi ssenariylar — asosga ega bo‘lmagan quruq gaplardir.

Kim yutadi?

Konvertatsiyaning ochilishidan birinchi navbatda eksport qiluvchilar yutadi. Ular hozir bozorga oid bo‘lmagan sun'iy ravishda past ushlanib turilgan kurslar bilan zo‘rg‘a nafas olib yurishibdi, eksport tushumining bir qismini yashirishadi yoki nazorat organlarining nigohiga tushib qolmaslik uchun noqonuniy yo‘llar bilan sotishadi. Erkin konvertatsiya sharoitida, to‘liq sinxron devalvatsiya o‘tkazilsa, eksport tushumini yashirish zaruriyati yo‘qoladi, eksport hajmini oshirish uchun bozor stimuli paydo bo‘ladi.

Konservativ fikr yurituvchilar uchun bularning barchasi g‘alati eshitilar, lekin savodli va kompleks soliq solish islohoti o‘tkazilganda erkin konvertatsiyadan byudjyet ham yutadi, chunki soliq solinuvchi baza kengayadi — bu o‘sha win-win deb ataluvchi, ham davlat, ham biznes yutadigan sxemadir. Valyuta resurslariga ruxsatning qonuniylashtirilishi va teng imkoniyatliligi nafaqat xufyona iqtisodiyotni, ham eksportda, ham importda tashqi savdoning «yashirin qismi»ning ham ochiqlanishiga sabab bo‘ladi, bu esa byudjyetga tushumlarning oshishiga olib keladi. Albatta, dastlabki paytlarda tashqi davlat qarziga xizmat ko‘rsatish qiymati ancha ortadi, biroq, masalan, 2003 yilda devalvatsiyadan so‘ng byujdet tushumlarining o‘sganligi tashqi qarzlarga xizmat ko‘rsatish xarajatlari o‘rnini qoplagan edi. Har qanday holatda tashqi qarz haqidagi rasmiy va tasdiqlangan ma'lumotlarga ega bo‘lib, ehtimolli ssenariy va risklar yuzasidan stress-testlar o‘tkazish mumkin.

Erkin konvertatsiya «ochilgan» kunning ertasiga nima bo‘lishi haqida butun manzarani tasvirlashning iloji yo‘q, bu yerda juda ko‘p omillar rol o‘ynaydi. Masalan, pul-kredit siyosati, xususan, foiz stavkasi (qayta moliyalash stavkasi) va majburiy zaxiralarni operativ tartibga solish. Yangi muvozanatlashtirilgan savdo rejimining ishga tushirilishi ham bunday alohida rol o‘ynab beradi.

Kalon Yomonboyev.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamaydi.

Mavzuga oid