O‘zbek futbol muxlislarining muborak Ramazon oyidagi ohu-zorlari kechikmasdan Xudoga yetib bordi!

Uchinchi o‘rin uchun ta'qibchilarimiz Xitoy va Suriya 2:2 hisobida durang o‘ynab, ikkisidan biri bizga xavfli masofada yaqinlasha olmay, biz uchun ideal natijaga erishishdi, ikkinchi o‘rin uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobatchimiz Janubiy Koreya esa Qatarda 2:3 hisobida yutqazib qo‘ydi. Garchi Eronga yutqazib, ularga mundial yo‘llanmasini (va birinchi o‘rinni) muddatidan avval taqdim etgan bo‘lsak-da, JCh-2018ning ikkinchi yo‘llanmasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘lga kiritish uchun ajoyib imkoniyatni saqlab turibmiz...

Faqat buning uchun Samvel Babayanga zudlik bilan chiqish eshiklarini ko‘rsatib, xorijdan yetakchi murabbiy chaqirish lozim bo‘ladi. Xitoy va J.Koreyaga qarshi kechadigan qolgan ikki o‘yinda Babayan bizni qoniqtiradigan 100 foizlik ko‘rsatkichga erisha olmasligi aniq. Sergeyev, Lobanov, Andreyev, Hoshimov kabi o‘yinchilari bunday muhim o‘yinlarda qovun tushirishi aniq!

Rossiya mundialiga chiqishimiz va u yerda qatnashishimiz shart. Buning asosiy sababini pastroqda tushuntiraman. Butun xalq, futbolchilarimiz ham buni istashayapti. Axir bunday imkoniyat boshqa qachon kelishini yolg‘iz Alloh biladi. Babayan istamaydi faqat, demoqchi emasman. U ham istaydi albatta, uning ham tarixda qolgisi keladi. Lekin Babayanni istagi o‘z imkoniyatlariga mos emas.

Birgina men uchun emas, barcha uchun terma jamoamiz qadrli va suyukli. Babayan ham, boshqa murabbiylar ketadi — terma jamoa qolaveradi. Biz muxlislar uchun terma jamoa manfaatlari har doim ustun bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi.

Butun dunyo futbolida g‘alabalar jamoaniki, mag‘lubiyat uchun murabbiy mas'ul hisoblanuvchi «yozilmagan qonun» mavjud. Bizda esa teskarisi! G‘alaba — Babayanniki, mag‘lubiyat esa biz — muxlislarga!

Har qanday xorij terma jamoalarida bizda hozir qaytadan paydo bo‘lgan imkoniyat kabi vaziyat yuz berganida, allaqachon bosh murabbiyni iste'foga chiqarib yuborgan va vaziyatni o‘nglagan bo‘lar edi. E, imkoniyat paydo bo‘lmaganida ham Erondan keyin yo o‘zi iste'foga ariza yozardi yo pattasi qo‘lga tutqazilardi har qanday murabbiyning!

Ey, baraka topgurlar! Shu jafokash terma jamoamizni ham bir martagina professional ustasiga topshiraylik! Bo‘ldi endi «mahallamizning mardikorlari»ga ishonganimiz.